Madaniy meros agentligida yurtimizda faoliyat olib borayotgan muzey rahbarlari va mutaxassislari bilan Prezidentmizzining 2021-yil 19-iyunda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi faoliyatini tashkil etish hamda sohani innovatsion rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi yangi qarorining muzeylardagi ijrosini taʼminlash boʻyicha yalpi yigʻilish oʻtkazildi.
Unda, Toshkent shahrida joylashgan muzey mutassaddilari, Kamoliddin Bekzod nomidagi Milliy rassomchilik va dizayn institutining “Muzeyshunoslik” fakulteti mutaxassislari yakka tartibda, viloyatdagi muzey rahbarlari internetdagi ZOOM platformasi orqali onlayn ishtirok etdi. Tadbirni Madaniy meros agentligining Ilmiy kengash raisi, sanʼatshunoslik fanlari doktori Kamola Akilova olib bordi.
Davlatimiz rahbarining 2021-yil 19-iyundagi PQ-5150-son qarorining 1-ilovasiga muvofiq, barcha muzeylar faoliyatini Madaniy meros agentligining Muzeylarni rivojlantirish, yodgorliklarni muzeylashtirish va Milliy muzey fondi davlat katalogini yuritish boshqarmasi nazorat qiladi, muvofiqlashtiradi.
Moddiy madaniy meros koʻchmas mulk obyektlarida asrashga doir ishlarni rejalashtirish, amalga oshirish, muvofiqlashtirish va ilmiy-texnik nazorat qilishning Yoʻl xaritasi ishlab chiqilgan.
Unga koʻra, 2021-yil 1-noyabrigacha muzeylar ekspozitsiyasi va fond saqlash sharoitlarini bosqichma-bosqich yaxshilash boʻyicha aniq manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish hamda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritish belgilangan.
2023-yil 1-yanvardan boshlab moddiy madaniy meros obyektlari va muzeylar sohasidagi elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlarini amalga oshirish bilan bogʻliq kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiriladi. Bunda moliyalashtirishning aniq manbalari va miqdorini, ijro uchun masʼullar, davlat xizmatlarini amalga oshirish bosqichlarini va boshqa tadbirlar belgilanadi.
Kamola Akilova muzey rahbarlariga 222-yil 1-maygacha zamonaviy sanʼat muzeylari (Museum of modern art) boʻyicha xorijiy ilgʻor tajribalarni oʻrganish, zamonaviy sanʼatni rivojlantirish chora-tadbirlarini belgilash yuzasidan topshiriqlar berdi. Shuningdek, 2022-yil 1-iyulgacha muzeylar faoliyatini keng targʻib qilish maqsadida tajribali ekspert, mutaxassis va dizaynerlarni jalb etib har bir muzeyning “Museum brendbook”ini yaratish;
Wikipedia — ommaviy ochiq ensiklopediyada har bir muzey boʻyicha 6 ta jahon tilida material joylashtirish;
har bir muzeyning rasmiy veb-saytini zamon talabidan kelib chiqib, toʻliq yangilash, ularning mobil ilovasini yaratish;
Youtube, Facebook, Twitter va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda verifikatsiya qilingan holda muzeylarning akkauntlarini tashkil etish, yuritib borishlari shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda madaniy meros obyektlari, shu jumladan, muzey ashyolari va kolleksiyalari, madaniy boyliklar haqidagi barcha axborotlarni toʻplash va ularni qayta ishlash maqsadida maxsus server moslamalarini xarid qilish hamda uning samarali ishlashini taʼminlash masalasi koʻrib chiqildi. Har bir muzey rahbarining Muzey elektron katalogini yaratish holati boʻyicha hisobot tinglandi.
Prezident qaroriga binoan, 2022-yil 1-avgustgacha Birinchi va ikkinchi renessans, jumladan buyuk daholar va davlatchilik tarixi boʻyicha muzeylar turkumini yaratish boʻyicha tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirigʻi berilgan. Yangi muzeylar faoliyati buyuk allomalar — Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Fargʻoniy, Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshgʻariy, Mahmud Zamaxshariy, Buxoriy, Termiziy, Moturudiy, Nasafiy, Rumiy, Mirzo Ulugʻbek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi, Lutfiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo, Sharafiddin Ali Yazdiy, Kamoliddin Behzod singari mutafakkirlar hayoti va ijodiga bagʻishlanadi. Ularda davlatchilik tarixi — Katta Xorazm va Baqtriya, Xorazm, Qangʻ, Qadimgi Fargʻona va Kushon, Xorazmshohlar, Temuriylar kabi sivilizatsiyaga kuchli taʼsir koʻrsatgan davlatlar toʻgʻrisida ekzpozitsiyalar yaratish nazarda tutilgan. Takliflar ishlab chiqish yuzasidan ishchi guruhini tashkil etish kelishib olindi.
“Virtual Museum” (Virtual muzey) loyihasini ishlab chiqish va amalga oshirish, virtual muzey boʻyicha Xalqaro muzeylar kengashi (ICOM), ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish va Oʻzbekistonda qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqish holati tahlil qilindi. Muzeylar va turistik yoʻnalishlardagi madaniy meros obyektlarida “Museum shop” (muzey doʻkon) tizimini yoʻlga qoʻyishning afzalliklari “Museum shop”larni tashkil qilish boʻyicha:
Turkiya, Xitoy, Fransiya, AQSH kabi davlatlarning tajribasini oʻrganish va ularning ilgʻor tajribalarini Oʻzbekistonda tatbiq etish boʻyicha takliflarni, oʻziga xos brend va savdo belgilarini, noyob muzey ashyolari nusxalarini ishlab chiqish; savdo maydonlari tashkil etish uchun joy ajratish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish ishlarini jaddallashtirish zarurligi aytib oʻtildi.
Yangi qarorda madaniy meros sohasi boʻyicha 1 000 nafar mutaxassisni, xususan, muzeyshunoslik, badiiy ekspertiza kabi yoʻnalishlardagi ixtisoslashgan mutaxassis-ekspertlar roʻyxatini shakllantirish, malakasini oshirish hamda ularni sohaga keng jalb etish belgilangan. Shunga koʻra, Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi direktori Jabbor Eshonqulov muzey xodimlari maoshini oshirish zarurligi boʻyicha qaror ishlab chiqarish yuzasidan yuqori turuvchi tashkilotga taklif bildirish zururati mavjudligini, muzeyshunoslik taʼlimida arab kalligrafiyasiga asoslangan bitiklarni oʻqiy oladigan universal mutaxassislar yetishtirish shartligini taʼkidladi.
Uy-muzeylarni Madaniy meros obyektlarining milliy roʻyxatiga kiritish masalasi Madaniy meros agentligining ilmiy-ekspert kengashida oʻrganiladigan boʻldi, deya xabar beradi Madaniy meros agentligi Matbuot Xizmati.