Respublika ixtisoslashtirilgan ftiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktor oʻrinbosari Nodir Sotvoldiyev yuqoridagi kabi savollar boʻyicha fikri bilan boʻlishdi:

— Nafas olish tizimi bilan bogʻliq kasalliklar unchalik xavfli koʻrinmasada, aslida oʻlim xavfi juda yuqori kasalliklar guruhiga kiradi...

— Aslida xavfsiz kasallikning oʻzi yoʻq. Hozirgi paytda aholi orasida uchraydigan nafas aʼzolari kasalliklarining asosiy qismini bronxial astma, surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi va pnevmoniya tashkil qiladi.

Masalan, dunyo statistikasi boʻyicha bronxial astma kasalligi aholi orasida oʻrtacha 5 foiz hollarda uchraydi, bu koʻrsatgich bolalar orasida yana-da koʻproq uchrab, oʻrtacha 10 foizni tashkil qiladi. Surunkali obstruktiv oʻpka kasalligi dunyo boʻyicha kasallanish va oʻlim koʻrsatkichlarining asosiy sabablaridan biriga aylanib boryapti.

Bu oʻz oʻrnida iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni yuzaga keltiradi. Infeksion kasalliklar orasida oʻlim sabablari koʻrsatkichi boʻyicha pnevmoniya birinchi oʻrinni va umumiy oʻlim koʻrsatkichi sabablari boʻyicha oltinchi oʻrinni egallaydi.

— Oʻzbekiston keskin kontinental iqlim mintaqasiga kiradi. Ayniqsa, Orol fojiasi, soʻnggi yillardagi iqlimiy oʻzgarishlar mintaqa aholisining nafas olish organlari kasallanishlari darajasini oshirib yubordi...

— Toʻgʻri, yurtimizda aholi orasida kasallanishlar koʻrsatkichi boʻyicha nafas aʼzolari kasalliklari yuqori oʻrinlardan birini egallaydi. Nafas aʼzolari kasalliklari oʻlim sababi koʻrsatkichi boʻyicha beshinchi oʻrinni, bolalar orasida esa ikkinchi oʻrinni egallaydi.

Nafas aʼzolari kasalliklari orasida katta muammolarga sabab boʻluvchi yana bir nechta kasalliklar bor. Bularga oʻpkaning interstitsial kasalliklari, mukovissidoz, nafas yetishmovchiligi, uyqu apnoe sindromi, oʻpka sili va yuqori nafas aʼzolari kasalliklari kiradi.

— Yurtdoshlarimizni eng koʻp qiynaydigan nafas olish bilan bogʻliq kasallik —bronxial astma boʻlsa kerak. Bu kasallikka chalinmaslik va undan samarali davolanish uchun nimalarga eʼtibor berish kerak?

— Bronxial astma, tibbiyot tili bilan aytganda, giperreaktivlik bilan namoyon boʻluvchi nafas aʼzolarining surunkali yalligʻlanishidir. Bu surunkali yalligʻlanish jarayonida, asosan, semiz hujayralar, eozinofillar va T-limfotsitlar ishtirok etadi.

Bronxial astma quruq yoʻtal, nafas qisish xurujlari, hansirash, koʻkrakda ogʻirlik hissining paydo boʻlishi kabi simptomlar bilan namoyon boʻladi, bu holatlar, asosan, tunda yoki ertalab saharda kuzatiladi. Bu holatlar koʻpincha dori taʼsirida orqaga qaytishi mumkin. Bu kasallikni quyidagi omillar keltirib chiqaradi:

- genetik moyillik, atopiya, nafas yoʻllari giperreaktivligi;

- tashqi va uy allergenlari (chang, uy changlari, oʻsimliklar changlari, uy hayvonlari juni), chekish, respirator infeksiyalar, parazitar invaziya va ayrim oziq-ovqat va dori vositalari.

Bronxial astmaning qanday kechishi uning oʻz vaqtida aniqlanishiga bogʻliq. Agar kasallik oʻz vaqtida aniqlanib, bemor shifokor koʻrsatmalariga toʻgʻri amal qilsa, yaʼni asosiy davolash jarayonlariga eʼtiborli boʻlsa, kasallikni toʻliq nazorat qilish mumkin. Bu esa bemor hayot tarzini yaxshilaydi va kasallik alomatlarining uzoq muddatga zaiflashuviga sabab boʻladi...

Mutaxassis bilan suhbatni Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati olib bordi.