Prezidentimizning 2020-yil 17-iyundagi “Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, 2020-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida Davlat bojxona qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashlari tashkil etiladi. Yaʼni, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida oʻz huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi tartibi oʻrnatiladi.
Mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmagan holda aksariyat hollarda nizolarni sudgacha yoki sudsiz hal qilish orqali ortiqcha vaqt, xarajat va harakatlarni qisqartirishga imkon beradi. Shuningdek, nizo yechimi boʻyicha qilingan xulosa boʻyicha tegishli chora-tadbirlar ijrosini yengillashtirishga xizmat qiladi. Ishlarni sud instansiyalarida bosqichma-bosqich koʻrib chiqish va ijro harakatlari kechikishining oldi olinadi.
Apellyatsiya kengashining vazifalari qanday?
Ushbu meʼyoriy hujjatga koʻra, jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha koʻrib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish, murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin boʻlgan normalar aniqlansa, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan boʻlsa, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish boʻyicha choralarni koʻrish, murojaatni koʻrib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari etib belgilandi.
Shuningdek, nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shugʻullanuvchi professional mediatorlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi va professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etilishi va faoliyat yuritishi mumkinligi nazarda tutildi.
Davlat xizmatlari markazlarida mediator xizmati
2020-yil 1-iyuldan boshlab, eksperiment tariqasida, davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratilishi, eksperimentning ijobiy natijalari asosida 2021-yil 1-aprelga qadar ushbu amaliyotni barcha davlat xizmatlari markazlari binolarida tatbiq etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.
Taʼkidlash joizki, mazkur qarorga nizolarni muqobil usulda hal etish mexanizmlari fuqarolik protsessual va iqtisodiy protsessual munosabatlarda qoʻllanilishini nazarda tutadi. Shu bilan birgalikda, mutasaddi idoralar mediatsiya institutining jinoyat protsessiga tatbiq etilishi maqsadga muvofiqligi boʻyicha takliflar ishlab chiqishi mumkin.
Besh bosqichli mexanizm
Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashida murojaatlarni koʻrib chiqishning besh bosqichli mexanizmi yaratildi. Birinchi bosqichda jismoniy va yuridik shaxs (murojaat etuvchi) nizoli masalani apellyatsiya kengashida koʻrib chiqish uchun Kengash tuzilgan davlat organiga yozma (elektron) tarzda murojaat qilsa, ikkinchi bosqichda murojaat kelib tushgan kundan keyingi 1 kun ichida huzurida Apellyatsiya kengashi tuzilgan davlat organi rahbari (yoki uning oʻrin bosarlari) tomonidan murojaat uning muallifini xabardor etgan holda Apellyatsiya kengashida koʻrib chiqish uchun yuboriladi.
Uchinchi bosqichda esa Apellyatsiya kengashi murojaat kelib tushgan kundan boshlab 15 kun ichida (zaruratga qarab bir oygacha muddatda) murojaatni har tomonlama va puxta oʻrganib chiqadi, oʻrganish natijalarini oʻz majlislarida muhokama qiladi, oʻrganish va muhokamalar natijasida tuzilgan xulosa majlisda ishtirok etayotgan Apellyatsiya kengashi aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Xulosa qabul qilingan kundan boshlab 3 kun ichida Apellyatsiya kengashi xulosasini davlat organi rahbariga koʻrib chiqish va boshqa manfaatdor taraflarga maʼlumot uchun yuborish toʻrtinchi bosqichda amalga oshirilsa, beshinchi bosqichda xulosa qabul qilingan kundan boshlab 3 kun ichida davlat organi kelib tushgan Apellyatsiya xulosasi va tegishli murojaatni koʻrib chiqadi hamda murojaat boʻyicha yakuniy qarorni qabul qiladi, qabul qilingan qaror toʻgʻrisida Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma (elektron) tarzda xabardor qiladi.
Yangi tizim bizga nima beradi?
Avvalo, nizoli-huquqiy masala sohaga masʼul boʻlgan vakolatli davlat organining yuqori instansiyasi tomonidan yakuniy munosabat tarzida hal etiladi. Qolaversa, nizoli-huquqiy masala soha boʻyicha malakali mutaxassislar tomonidan batafsil, ilmiy asoslangan holda norma ijodkorlarining oʻzlari tomonidan koʻrib chiqiladi, ortiqcha savol yoki munozaraga oʻrin qolmaydi.
Jismoniy va yuridik shaxslarda nizoli masalani hal etishda davlat boji, sud xarajatlari, protsessual muddatlar, ijro harakatlari va muddatlari borasidagi muammolarga barham beriladi. Shuningdek, nizolarni muqobil hal etishda yagona bosqichli murojaat etish tartibi mavjudligi bosqichma-bosqich, quyidan yuqoriga qarab murojaat qilish harakatlari inkor etilgan holda nizoli-huquqiy muammoni bir vaqtning oʻzida, bir bosqichda hal qilish imkoniyati yaratiladi.
Sud ishini koʻrib chiqish davomida yangi huquq normasi yaratilmasdan, amaldagi huquq normasini qoʻllash orqali nizoli-huquqiy vaziyatga baho beriladi va xulosa qarorda aks ettiriladi. Nizoli vaziyat yechimi amaldagi qonunchilik talabiga mos keladigan yoki rad etadigan faktlarga bogʻliq boʻladi. Huquqiy ahamiyatga ega boʻlgan faktlarni tan olish uchun sohaga masʼul davlat organi yoki uning vakilining nuqtayi nazariga tayanilgani sababli nizoli masala boʻyicha tegishli munosabat bildirishga vakolatli davlat organining ham imkoni bor.
Bir soʻz bilan aytganda, nizolarni sudgacha yoki sudsiz koʻrib chiqilishi va hal etilishi yangi fuqarolik jamiyatiga xos boʻlgan huquqiy anʼanalarni rivojlantiradi, aholiga amalda yaratilgan real huquqiy kafolat va davlat organlari koʻmagidan samarali foydalanishga imkon yaratadi.
Samariddin OCHILOV,
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali oʻqituvchisi