Namangan Prezident maktabida xushxabarlarga boy yil bo'ldi

    Ta'lim 4 Yanvar 2024 1034

    Aslida, bizdagi xushxabarlar an'anaviydir. Axir Prezident maktabi degan yuksak maqomga yarasha faoliyat yuritilmoqda.

    Yurtimiz dunyo tan olgan buyuk allomalar beshigi ekanidan doimo faxrlanamiz. Bu esa ajdodlarimizga munosib avlod bo'lish mas'uliyatini talab etadi. Ular osongina ilm-fandagi uyg'onish davri bayroqdorlariga aylanishmagan. Odamzot tafakkuri jamlangan jamiki bilimni har jihatdan o'rganishgan, yanada boyitish uchun kecha-kunduz zahmat chekishgan. Betakror kashfiyotlar yaratishgan. XXI asr yoshlari ularning chinakam vorislari, ezgu ishlarining davomchilari hisoblanadi.

    Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan, ta'lim tizimidan boshlanishi ayni haqiqat. Insonga e'tibor va sifatli ta'lim yili yakunlandi. Agar o'n ikki oy mobaynida amalga oshirganlarimizga nazar solsak, nomdor ta'lim muassasamiz erishgan natijalar chakki emas. O'tgan o'quv yilidagi 24 nafar bitiruvchimizning eng a'lochilari muddatidan avval respublikamiz va chet eldagi nufuzli universitetlarga qabul qilindi. Qolganlari ham imtiyozli ravishda talabalar safiga qo'shildi.

    Aslida, bizdagi xushxabarlar an'anaviydir. Axir Prezident maktabi degan yuksak maqomga yarasha faoliyat yuritib kelayotgan sharafli kasb mutaxassislari keng, yorug' va shinam xonalarda so'nggi rusumdagi kompyuterlar, boshqa o'quv jihozlari yordamida mashg'ulotlar olib borishmoqda. Ular bilan yonma-yon xorijlik ustozlar aniq va ijtimoiy-gumanitar fan asoslarini o'g'il-qizlarimiz ongiga chuqur singdirishyapti.

    Jumladan, 11-sinf o'quvchisi Botirxon Abdurahmonovning akademik muvaffaqiyatlarini mamnuniyat bilan tilga olsak arziydi. Bitiruvchimiz IELTSdan allaqachon 8 ballni to'plagan. AMC (Amerika matematik compotition) olimpiadasi oltin medali sovrindori. Agentlikning respublika olimpiadasida birinchi o'rinni qo'lga kiritgan. Shaxmatning rapid va blits yo'nalishlarida respublika chempionlari ro'yxatida turadi.

    CEAMO xalqaro matematika olimpiadasining respublika bosqichidan Biloliddin Ismoilov, Ahmadjon Odilov, Parizoda Ahadjonova, Shohjahon Shukurjonov, Muhammad Nishonov, Xosiyat Rustamjonova, Munisabonu Akbarova kabi 6,9,10-sinf o'quvchilarimiz g'alaba bilan qaytishdi. Endi Singapur davlatida o'tkaziladigan olimpiada finaliga astoydil tayyorlanishmoqda.

    Ma'lumki, o'tgan yil 19-20-noyabr kunlari Turkiyaning Anqara shahrida “Iqlim o'zgarishi va bolalar ishtiroki” mavzusida 24-xalqaro bolalar forumi chaqirildi. U yerga maktabimiz o'quvchisi Gavharshodbegim Homidova ham bordi. Qizimiz faqat tinglovchilik bilan chegaralanmadi. Aksincha, faollik ko'rsatib, iqlim o'zgarishiga tegishli umumiy jarayonlarda turli millat va madaniyatlarga mansub bolalar o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga bag'ishlangan jo'yali taklif va tashabbuslarini o'rtaga tashladi.

    Fan olimpiadasining viloyat bosqichida ham bir guruh o'quvchilarimiz faxrli o'rinlarni egallashdi. Xususan, Husanboy Mansuraliyev va Orifjon Husanovlar informatika fanidan 1-o'ringa loyiqligini isbotlab, respublika bosqichiga yo'llanma olishdi.

    Shogirdlarimizning intellektual darajasi o'qituvchilarimiz ko'ngildagidek ta'lim berayotganini bildiradi. Nodirbek Habibullayev, Saidjalol Hasanov, Humoyun Botiraliyev, Abduhakim Ashurmatov, Zarifjon Mirzajonov singari pedagoglar zamonaviy texnologiyalar vositasida qiziqarli, tushunarli, bolalarning kreativlik qobiliyatini o'stiruvchi darslarni mahorat bilan uddalab va farzandlarimiz barkamolligini ta'minlashyapti.

    Ular orasida tashabbuskorligi va tashkilotchiligi bilan Abrorjon domla Sadriddinov alohida ajralib turadi. Ko'p kitob o'qiydi, atrofdagilarni ham ortidan ergashtiradi. “Bilim ixlosmandlari” klubining eng yaxshi koordinatori sanaladi. Rahbarligidagi o'quvchilar guruhi “Zakovat” o'yinlarida mamlakatdagi Prezident maktablari ichida 1-o'rinni himoya qila olgani tasodifiy emas. Izchil izlanish, aqlni charxlovchi kitoblarni muttasil o'qish, mantiqiy fikrlash salohiyatini muntazam kengaytirishga urinish mevasidir, albatta.

    Maktabimiz o'qituvchi hamda o'quvchilari bir-birlari bilan ijobiy raqobatni biror lahza to'xtatishmaydi. Shuning uchun har oyda quvonarli yutuqlar qayd etamiz. Masalan, tasviriy san'at muallimi Abduvohid Isoqov yaqinda pedagogika fanlari bo'yicha falsafa doktori ilmiy unvonini oldi. Bitiruvchi qizimiz Go'zalxon Haydarova mashhur Garvard universitetining muhandislik yo'nalishiga o'qishni naqd qildi, Davlatali Mallaboyev Nyu-York universitetining 100 foizli granti sohibi bo'ldi.

    Darvoqe, ta'limda yangi uslublarni joriy etish va o'qitish sifatini baland pog'onaga chiqarishda maktabda maqsadli boshqaruvni yo'lga qo'yish g'oyat muhimdir. Noyabr oyi oxiri hamda dekabr boshlarida “Direktorlar uchun maktablarni rivojlantirish dasturi” doirasida Prezident va ijod maktablari direktorlaridan iborat delegatsiyaning Buyuk Britaniyaga ikki haftalik safari tashkillandi. Xalqaro seminar-treningda qator ilg'or tajribalarni o'rgandik. Dasturga muvofiq Portemut universitetida malakali trenerlar ko'magida kasbiy malakamizni oshirdik. Seminar-treningdagi ta'lim muhitini yaxshilash, samarali boshqaruv va ota-onalar bilan hamkorlikda ishlash mavzusidagi mashg'ulotlar juda foydali kechdi. Ahamiyatlisi, Angliya maktablarida direktor sifatida amaliyot o'tashimizga ham keng imkoniyatlar yaratildi. Shuningdek, “Park community school” bilan tanishdik. Har birimiz ta'lim muassasalarimiz taraqqiyotiga taalluqli loyihamizni taqdimot qildik, sertifikatlar topshirildi.

    Londondagi yana bir manfaatli tadbirga vakillarimizni yubordik. Anjuman “Angliya – Buyuk Britaniya: Xorijiy tillarni o'qitishdagi eng yaxshi maktablar o'quvchilarining ta'lim sayohati” deya nomlangan. Qatnashchilar Temza, Trafalgar maydonini, Bukengem saroyini, “Big Ben” va Bridga shahridek diqqatga sazovor joylarni aylanishdi. “Ardmor” til o'qitish maktabi, Kembrij, Oksford universitetlariga tashrif buyurishdi.

    Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “O'zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ta'lim tizimini jadal rivojlantirish yuzasidan xayrli niyat va puxta rejalarimizni tuzdik. Ana shu ustuvor vazifalarni so'zsiz bajarish esa Vatanimiz istiqboliga hissa qo'shishga qodir avlodni tarbiyalash, g'ayrat-shijoat va katta mehnatni zimmamizga yuklaydi.

    Ta'kidlamoqchimanki, dovruqli ziyo maskanimiz jamoasi mazkur talabni hamisha chuqur anglagan holda ta'lim mavqeini ko'tarishning ta'sirchan usullaridan unumli foydalanaveradi. Zero, ma'lumotlarga chanqoq, jamiyat taqdiriga daxldor kelajak bunyodkorlari ishtiyoqini, intilish-u mukammal o'zlashtirishlarini kuchaytirish qo'llab-quvvatlashimizga, yakdil sa'y-harakatlarimizga bevosita bog'liqdir.

    Shuhrat AZIBOYEV,

    Namangan shahridagi Prezident maktabi direktori

    Mazkur maqola "Yangi O'zbekiston" gazetasining 2024-yil 4-yanvardagi 2-sonida "BIZDA HAR DOIM XUSHXABAR BOR" sarlavhasi bilan chop etildi.