Mamlakatimizda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Bular, eng avvalo, tadbirkorlik faoliyatini huquqiy jihatdan belgilab beradigan, xususiy mulkchilikni va raqobatchilikni himoya qiladigan qonunlar bazasi yaratilgani, shu bilan birga, ularga tezkor va shaffof davlat xizmatlarini koʻrsatish investorlar yumushini osonlashtirmoqda.
Namangan viloyatida ham investorlarga ishbilarmonlik muhiti yaratilgani bois, koʻplab xorijlik sarmoyadorlar oʻzlarining tadbirkorlik faoliyatlarini boshlab, yangi ish oʻrinlari yaratishmoqda. Ortda qolgan 6 oy davomida tuman, shahar Davlat xizmatlari markazlari orqali 16 ta xorijiy va qoʻshma korxona davlat roʻyxatiga olingan.
Birgina Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan 8 ta chet ellik fuqaro ishtirokidagi korxonalar davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Jumladan, markaz tomonidan Ukrainaning “Meliorant tadeusz zajac spolka komandytowa” korxonasi hamda Polshaning “Rolbahnk group sp. Z.O.O” korxonasi hamkorligida ustav fondi miqdori 3.180 000 000 soʻmni tashkil etgan “Meliorant investments” masʼuliyati cheklangan qoʻshma korxona tashkil etildi. Mazkur qoʻshma korxonaning asosiy faoliyati kommunal xizmatlari koʻrsatish, shahar hududida zamonaviy kanalizatsiya tizimini tashkil qilishi hamda chiqindilarni qayta ishlashga ixtisoslashgan. Kelgusida 50 ta yangi ish oʻrini yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Turkiya hamda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari hamkorligida ustav fondi miqdori 400 000 000 soʻmni tashkil etgan “Ozimus textil import export” masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qoʻshma korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi. Yangi faoliyat boshlagan qoʻshma korxona toʻqimachilik va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarib, tayyor mahsulotni chet davlatga eksport qilishni koʻzlagan. Korxona toʻliq quvvat bilan ishga tushirilsa, 100 nafar fuqaroning bandligi taʼminlanadi.
Maʼlumot oʻrnida, Namangan shahar Davlat xizmatlari markazi tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida roʻyxatdan oʻtkazilgan 8 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxonalar tomonidan qariyb 25,4 milliard soʻm xorijiy investitsiya mablagʻlari oʻzlashtirilishi rejalashtirgan. Ularning faoliyat boshlashi bilan 500 nafar fuqaroning bandligini taʼminlashga erishiladi.
Albatta, yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish orqali aholi bandligini taʼminlash va daromadini oshirish muhim omil sanaladi. Ayniqsa, chet el fuqarolari ishtirokidagi qoʻshma korxonalar faoliyatini yoʻlga qoʻyish eksport salohiyatini yuksaltiradi.
Nodirbek ISOMIDDINOV,
Namangan shahar DXM direktori.