Taʼkidlash joizki, yurtimizdagi millatlararo va konfessiyalararo doʻstlik va totuvlik, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, islohotlar samaradorligini oshirish Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzini yana-da yuksaltirishning eng muhim omilidir. Ana shu jihatlarni eʼtiborga olgan holda, yurtimizda faoliyat olib borayotgan barcha konfessiya vakillariga bir xilda eʼtibor qaratilib kelinadi. Diniy konfessiyalarga taalluqli boʻlgan yangi diniy tashkilotlarning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi esa mazkur konfessiyalarga mansub fuqarolarning diniy ehtiyojlarini oʻrganish asosida amalga oshirilib kelinmoqda.

Mazkur tamoyilga amal qilingan holda, joriy yil 6-iyul kuni Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan navbatdagi tashkilot - Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan “Agape” toʻliq Yevangel xristian cherkovi 160-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasi va qonunlarimizda Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolari millati, tili va dinidan qatʼi nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mustahkamlab qoʻyilgan boʻlib, ularga oʻz milliy madaniyati, anʼana va urf-odatlarini saqlash va har tomonlama rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarning taʼminlanishi belgilab berilgan hamda amalga oshirilib kelinmoqda.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita

Matbuot xizmati