Maʼlumki, davlatimiz rahbarining “Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 580-yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarorida bir qator ustuvor vazifalar belgilangan. Xususan, shoirning ijodiy merosini nafaqat yurtimizda, xorijiy mamlakatlarda ham keng targʻib qilish, asarlarini nashr etish borasida izchil ish olib borilmoqda.

Qozogʻistonda ham Navoiy asarlarini oʻrganish, tarjima qilish, nashr ettirish boʻyicha soʻnggi yillarda muhim ishlar amalga oshirildi. Xususan, “Xamsa” asaridagi “Layli va Majnun” hamda «Saddi Iskandariy» dostonlarini Qozogʻiston davlat mukofoti sovrindori, taniqli qozoq shoiri Nesipbek Aituli oʻzbek tilidan qozoq tiliga tarjima qildi hamda yaqinda ushbu asarlar koʻrkam kitob holatida qozoq va oʻzbek tillarida nashr etildi.

Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Fanlar akademiyasi tomonidan Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida mazkur kitoblarning taqdimot marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda davlat va jamoat arboblari, Qozoq milliy madaniyat markazi vakillari, olimlar, taniqli yozuvchi-shoirlar, yosh ijodkor va tadqiqotchilar ishtirok etdi.

Institut foyesida Alisher Navoiyning oʻzbek va qozoq tillarida nashr qilingan asarlari, qozoq ijodkorlarining Oʻzbekistonda chop etilgan kitoblari, shuningdek, oʻzbek va qozoq adabiy-ilmiy aloqalariga doir adabiyotlar koʻrgazmasi tashkil qilindi.

Tadbirni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti

Bahrom Abduhalimov kirish soʻzi bilan ochdi.

Taqdimotda Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi maslahatchisi Ruslan Duysenov soʻz olib, soʻnggi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining saʼy-harakati tufayli barcha sohalarda doʻstona aloqalar rivojlanayotganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid oʻzbek va qozoq adabiy aloqalari, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Qozoq adabiyoti kengashi” faoliyati haqida toʻxtalib oʻtdi. Alisher Navoiy gʻazallaridan oʻqib berdi.

Taqdimotda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori Nurboy Jabborov Alisher Navoiyning qozoq tiliga tarjima qilingan “Layli va Majnun” hamda «Saddi Iskandariy» dostonlari haqida toʻxtalib, aniq misollar asosida tarjimaning yutuqlari haqida fikr yuritdi.

– Alisher Navoiyning qozoq tiliga tarjima qilingan «Muhokamatul-lugʻatayn» asari nafaqat oʻzbek va qozoq xalqlari, balki barcha turkiy xalqlar uchun birday qadrlidir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi Tursinali Ahmedov. – Torali Qidir tomonidan qozoq tiliga oʻgirilgan ushbu asar eng nodir nusxa sanaluvchi “Sulaymoniya” fondidagi qoʻlyozmalardan foydalangani bilan ahamiyatlidir.

Tadbirda, shuningdek, Qozoq milliy-madaniy markazi rahbari Serikboy Usenov, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, filologiya fanlari doktori Nizomiddin Mahmudov, Alisher Navoiy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov soʻzga chiqib, Oʻzbekiston va Qozogʻiston madaniy aloqalarining bugungi holati, ziyolilarimizning samarali hamkorligi, tarjima qilingan asarlarning ahamiyati haqida gapirdi.

Qozoq milliy-madaniy markazi vakillarining badiiy chiqishlari esa taqdimotga oʻzgacha koʻtarinkilik baxsh etdi.

Bir soʻz bilan aytganda, Alisher Navoiyning oʻlmas asarlari ikki qardosh xalq oʻrtasidagi doʻstona aloqalarni mustahkamlashda oltin koʻprik boʻlib xizmat qilishi, shubhasizdir.

Zulayho Ahmadjonova,

jurnalist