Navoiy gʻazallariga yozilgan sharhlar qirgʻiz tilida nashr etildi

    Madaniyat 9 Fevral 2023 1211

    Kitob qirgʻiz tiliga oʻshlik tarjimon, shoira va jurnalist Xosiyat Bekmirzayeva tomonidan tarjima qilingan.

    Buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy gʻazallariga yozilgan sharhlar – navoiyshunos Olimjon Davlatovning “Maʼnolar xazinasi” kitobi qirgʻiz tilida nashr etildi. Qirgʻizistonning nufuzli nashrlaridan boʻlmish “Kыrgыz Tuusu” gazetasida chop etilgan maqolada asrlar davomida qirgʻiz va oʻzbek xalqlari umumiy adabiy-madaniy makonda hamjihatlik, birodarlik ruhida yashab kelgani, mazkur kitobning tarjima qilinib, chop etilishi ham ikki xalq oʻrtasidagi adabiy-madaniy aloqalar, hamjihatlik rishtalarini yanada mustahkam bogʻlashga muhim rol tutishi taʼkidlangan.

    Qirgʻiz-oʻzbek adabiy-madaniy aloqalari bir kunda paydo boʻlib qolgan emas. Xususan, oʻtgan asrda qirgʻiz xalqining ulkan maʼnaviy xazinasi – “Manas” eposi toʻliq oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Keyingi yillarda bu dostonning oʻzbek tiliga tarjimasining bir necha variantlari nashr etildi. Nafaqat qirgʻiz xalqining, balki butun turkiy tilli xalqlarning maʼnaviy passporti boʻlgan buyuk adib Chingiz Aytmatovning deyarli barcha asarlari oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-yilda Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan sammiti doirasida Chingiz Aytmatovga Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotning berilishi ham gʻoyat ramziy maʼnoga ega.

    Bu kabi xayrli ishlarning mantiqiy davomi sifatida hozirgi oʻzbek adabiy tilining asoschisi, buyuk shoir va mutafakkir, donishmand davlat arbobi Alisher Navoiy gʻazallariga bitilgan sharhlar qirgʻiz tiliga tarjima qilindi. “Maʼnolar xazinasi” nomi bilan nashr etilgan ushbu kitob filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, navoiyshunos Olimjon Davlatov qalamiga mansub. Kitob qirgʻiz tiliga oʻshlik tarjimon, shoira va jurnalist Xosiyat Bekmirzayeva tomonidan tarjima qilingan.

    “Mazkur kitobning oʻziga xosligi shundaki, har bir gʻazal lugʻat, nasriy bayon hamda sharh va izohlar bilan keltirilgan. Endilikda ushbu kitobning qirgʻiz tiliga tarjima qilinishi orqali qirgʻiz kitobxonlari Navoiy gʻazallarini oʻqish bilan birga Navoiyning maʼnolar xazinasidan chuqurroq bahramand boʻlish imkoniyatiga ega boʻlishdi”, deydi tarjimon.

    Ushbu kitobdan buyuk shoir va mutafakkir, oʻzbek mumtoz adabiyotining asoschisi Hazrat Alisher Navoiyning “Gʻaroyib us-sigʻar” devonidagi gʻazallariga yozilgan sharhlar oʻrin olgan.

    “Yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirgʻizistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi arafasida ushbu kitobning nashr etilishi qirgʻiz va oʻzbek xalqlarining doʻstligi va hamkorligi nafaqat soʻzda, balki amalda ham ekani,bundan keyin ham shunday boʻlib qolishining yaqqol isbotidir. Navoiyning insonparvarlik gʻoyalari bilan toʻyingan satrlari qirgʻiz kitobxonlariga manzur boʻlishi shubhasiz”, deb yozadi qirgʻizistonlik jurnalist Barno Isakova.

    Hazrat Navoiyning sirru sinoatga toʻla badiiyat olamiga oshno etuvchi ushbu sharhlar yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirib, vatanparvarlik va millatsevarlik ruhida kamol topishiga xizmat qiladi.