“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar oʻz mevasini bermoqda

    Bugun kombinatda investitsiya loyihalari, qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlami yildan-yilga rivoj topib bormoqda. Keyingi yillarda barpo etilgan zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, temir yoʻl liniyalari, ijtimoiy soha obyektlari qurilish industriyasining haqiqiy namunasi sifatida eʼtirof etish mumkin.

    Buning natijasida 2017-2023-yillarda kombinatda umumiy qiymati 1,9 milliard dollar boʻlgan 19 ta yirik investitsion loyihalar ishga tushirildi. Quvonarli jihati, bunday ulkan ishlar sohada juda katta tajriba toʻplagan kombinat qurilish tashkilotlari va mohir quruvchilari tomonidan amalga oshirilmoqda.

    Xususan, 2024-yilda ushbu dastur doirasida 11 ta loyiha boʻyicha 789,2 million dollarlik kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirilishi rejalashtirilgan. Ushbu loyihalarning 263 million dollardan ortiq qiymatga ega boʻlgan 6 tasi yangi qurilishlar hisoblanadi. Qiymati 425 million dollar boʻlgan 5 ta loyiha esa korxonalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishni oʻz ichiga oladi. Bu ishlar ayni paytda jadallik bilan olib borilmoqda. Joriy yilning oʻtgan toʻqqiz oyida (yanvar-sentyabr) 613 million dollardan ortiq kapital mablagʻlar oʻzlashtirilib, belgilangan reja 100,2 foizga bajarildi.

    Ular orasida “Kokpatas va Dovgistov oltin konlarida maʼdan qazib olish (III navbati)” investitsion loyihasi ishlab chiqarish hajmini oshirishda katta ahamiyatga ega boʻlib, uning umumiy qiymati 319,8 million AQSH dollarni tashkil etadi. Ayni paytda ushbu loyihani amalga oshirishga qaratilgan keng koʻlamli ishlar yuqori surʼatlarda davom etmoqda. Jumladan, 3-gidrometallurgiya zavodiga yiliga 1 million tonna oltin tarkibli maʼdanni qayta ishlash quvvatiga ega yangi tegirmon bloki shulardan biridir.

    Joriy yilning iyul oyida foydalanishga topshirilgan 7-tegirmon blogi kelajakda flotatsiya, biooksidlash, filtrlash, quritish va kuydirish sexlarini kengaytirishga ham olib keladi. Bu esa, oʻz navbatida, ishlab chiqarish surʼatini oshirishga xizmat qiladi. Yil yakuniga qadar sakkizinchi “MSHS” sharli tegirmon oʻrnatilishi evaziga yillik maʼdan qayta ishlash hajmini 10 million tonnaga oshirish imkoni yaratiladi. Buning hisobiga qoʻshimcha yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda.

    “Pistali konida oltin tarkibli maʼdanlarni qazib olish va qayta ishlash majmuasini qurish (6-GMZ)” loyihasi doirasida infratuzilma obyektlari, yaʼni oshxona, yotoqxona, avtogaraj, kon uskunalarini taʼmirlash sexi kabi qator inshootlar ishga tushirildi. “NKMK” aksiyadorlik jamiyatida 2024-yil davomida amalga oshiriladigan ishlar, qurayotgan ijtimoiy infratuzilma obyektlari va 2026-yilgacha amalga oshiriladigan istiqbolli loyihalar haqida soʻz yuritilganda, shu yilning oxirigacha korxonada qiymati 402 million AQSH dollardan ortiq boʻlgan ikkita yirik investitsion loyiha foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Bundan tashqari, kombinat jamoasi ijtimoiy masʼuliyatni zimmasiga olib, qator ijtimoiy obyektlarni bunyod etmoqda.

    Jumladan, “Qizilqum” professional futbol klubining Navoiy shahridagi markaziy oʻyingohini kapital taʼmirlash, qoʻshimcha bino va inshootlar qurish ishlari olib borilmoqda. Joriy yilda kombinat tomonidan Xorazm viloyati Turoqqaʼla tumanida yangi zamonaviy 350 oʻrinli maktab qurilib, davlatimiz mustaqilligi bayrami arafasida foydalanishga topshirildi.

    Umuman olganda korxona tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi ishsizlikni kamaytirish, aholiga qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.

    “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ

    Reklama