Navoiy qancha va nechta janrda asar bitgan?

    Alisher Navoiydan buyuk meros boqiy qoldi. Koʻp mutaxassislar uning asarlari sonini 30 ga yaqin deb koʻrsatishadi:

    “Oʻttizga yaqin (?) nazmiy va nasriy asarlarida yigirma olti mingdan ortiq soʻz qoʻllagan ulugʻ shoir adabiy oʻzbek tilining grammatik qurilishi xususida ham eʼtiborga loyiq fikrlarni oʻrtaga tashlagan” (“Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, 2016-yil, 5-fevral). Bu mantiqqa zid hisob-kitob.

    Chunki Iogann Gyote 1680 dan oshiq, Aleksandr Pushkin 826, Sergey Yesenin 527, Mixail Lermontov 400 dan ortiq, Vilyam Shekspir 38 pyesa, 154 ta sonet yozgan.

    Nahotki, ulugʻ bobomiz shuncha kam asar bitgan boʻlsa?!

    Bu – “asar” soʻzini toʻgʻri qoʻllamaslikdan kelib chiqqan xato. “Oʻzbek tilining izohli lugʻati” 5 jildligida asli arabcha boʻlgan “asar” kalimasining “alomat”, “belgi”, “nishon” maʼnolarini anglatishi aytilib, uning bir maʼnosi “ijodiy mehnat mahsuli” ekani qayd etiladi. Modomiki, shunday ekan, axir, bor-yoʻgʻi ikki satrdangina iborat fard ham bir yaxlit asar-ku.

    Filologiya fanlari doktori, professor Bahrom Bafoyev “Navoiy ummonidan dur izlab...” kitobida jami 24 banddan iborat roʻyxat keltiradi-da, bunday deb yozadi: “Buyuk adibning eski oʻzbek poetik tilida yuqoridagi asarlarida takrorlarsiz jami 26035 ta soʻz uchrashi maʼlum boʻldi”.

    Toʻgʻri, bu sanoqdagi “Xamsa”ning 5 dostoni, “Nasoyim ul-muhabbat”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Tarixi muluki Ajam”, “Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mezon ul-avzon”, “Lison ut-tayr”, “Majolis un-nafois” – haqiqatan ham asar. Ular – 17 ta. Qolgan 7 nomdagi narsa asar emas, toʻplam. Ularning har biri bir necha asarni oʻz ichiga qamrab olgan-ku. Bular – “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Badoeʼ ul-vasat”, “Navodir ush-shabob”, “Favoyid ul-kibar” devonlari, “Nazm ul-javohir”, “Arbain”, “Munshaot” toʻplamlari.

    Agar gap shoirning bir muqovada jamlangan kitoblari haqida borayotgan boʻlsa, ehtimol, ular 30 atrofida boʻlar. Chunki shoirning 9 (muxlislari 1466-yili tuzgan, ilmda “Ilk devon” nomini olgan devon, 1471-yili Sherozda tuzilgan, ilmda “Oqquyunli muxlislar devoni” deb ataladigan devon, oʻzi tuzgan “Badoeʼ ul-bidoya” va “Navodir un-nihoya” devonlari, “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan “Gʻaroyib us-sigʻar”, “Navodir ush-shabob”, “Badoeʼ ul-vasat”, “Favoyid ul-kibar” devonlari va fors-tojik tilidagi “Devoni Foniy”, tarjima yoʻli bilan yaratilgan 2 ta sheʼriy toʻplami (“Arbaʼin”, “Nazm ul-javohir”), jami 6 (“Xamsa”ga kirgan “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabʼai sayyor”, “Saddi Iskandariy” hamda “Lison ut-tayr”) dostoni, 2 (shoirlar haqidagi “Majolis un-nafois” va shayxlar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat”) tazkirasi, 3 (“Xamsat ul-mutahayyirin”, “Holoti Pahlavon Muhammad”, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”) manoqibi, til va adabiyot nazariyasi bilan bogʻliq 3 (“Mufradot”, “Mezon ul-avzon”, “Muhokamat ul-lugʻatayn”) risolasi, yana 3 (“Mahbub ul-qulub”, “Vaqfiya”, “Munshaot”) nasriy-badiiy va 2 (“Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”) ilmiy-tarixiy asari – mavjud. Shularni nomma-nom sanasak, haqiqatan ham 30 ga yaqinlashadi, aniqrogʻi, 29 ta boʻladi.

    Lekin “Xazoyin ul-maoniy”dagi mavjud 4 devonning har birida gʻazalning oʻzidan naqd 650 tadan, jami 2 ming 600 ta bor-ku. “Devoni Foniy”da jami 556 gʻazal mavjud. “Xazoyin ul-maoniy”ga kirmay qolgan gʻazallarini hisobga olmaganda ham, oʻzi devonlariga kiritgan gʻazallarining umumiy soni 3 ming 156 tani tashkil etyapti-ku.

    Shoirning oʻzi “Lison ut-tayr”da nazm va nasrdan iborat merosi 100 ming bayt atrofida ekanini aytib oʻtgan:

    Nazmu nasrim kotibi taxminshunos

    Yozsa, yuz ming bayt etar erdi qiyos.

    Shoir merosi haqida gap ketar ekan, eng muhim ikki jihatni alohida qayd etib oʻtish lozim. Birinchidan, boshqa shoir va yozuvchilarimizga qaraganda, Navoiyning oʻzi merosini puxta-pishiq holda tartibga solib, kitobat qildirib, kelajak avlodlarga qoldirib ketgan, chunki umrining oxirlarida yozilgan “Muhokamat ul-lugʻatayn”da oʻzi sanagan asarlaridan bizgacha yetib kelmagani yoʻq. Ikkinchidan, buyuk mutafakkirning butun merosi 1987-2003-yillar mobaynida “Fan” nashriyotida 20 jild sifatida toʻliq chop etildi.

    Modomiki, bugun qoʻlimizda ulugʻ shoir va mutafakkir asarlarining mukammal nashri mavjud ekan, nega uning asarlari sonini aniq qilib koʻrsatish mumkin emas?!

    Juda mumkin. Keling, bu ishni orqaga tashlamaylikda, hozirning oʻzida masalani hal qilib qoʻya qolaylik.

    20 jildning 1 va 2-jildlaridagi lirik asarlarning hammasi 3-6-jildlarni tashkil etgan “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan toʻrt devonda bor. Shuning uchun sanoqni 3-jilddan boshlaymiz:

    3-jild: “Gʻaroyib us-sigʻar” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarjiʼband, 1 masnaviy, 50 qitʼa, 133 ruboiy, yaʼni jami – 839 asar.

    4-jild: “Navodir ush-shabob” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 3 muxammas, 1 tarjiʼband, 1 tarkibband, 50 qitʼa, 52 muammo, yaʼni jami –758 asar.

    5-jild: “Badoeʼ ul-vasat” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 2 muxammas, 2 musaddas, 1 tarjiʼband, 1 qasida, 60 qitʼa, 10 chiston (lugʻz), 13 tuyuq, yaʼni jami –740 asar.

    6-jild: “Favoyid ul-kibar” – 650 gʻazal, 1 mustazod, 2 muxammas, 1 musaddas, 1 musamman, 1 tarjiʼband, 1 soqiynoma, 50 qitʼa, 86 fard, yaʼni jami –793 asar.

    7-jild: “Xamsa”dagi “Hayrat ul-abror” dostoni, yaʼni 1 asar.

    8-jild: “Xamsa”dagi “Farhod va Shirin” dostoni, yaʼni 1 asar.

    9-jild: “Xamsa”dagi “Layli va Majnun” dostoni, yaʼni 1 asar.

    10-jild: “Xamsa”dagi “Sabʼai sayyor” dostoni, yaʼni 1 asar.

    11-jild: “Xamsa”dagi “Saddi Iskandariy” dostoni, yaʼni 1 asar.

    12-jild: “Lison ut-tayr” dostoni, yaʼni 1 asar.

    13-jild: “Majolis un-nafois” tazkirasi, yaʼni 1 asar.

    14-jild: “Mahbub ul-qulub”, “Munshaot” toʻplami (har biri alohida-alohida bitilgan 103 maktub), “Vaqfiya” asarlari, yaʼni jami – 105 asar.

    15-jild: “Xamsat ul-mutahayyirin” manoqibi, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” holotlari, “Nazm ul-javohir” toʻplami (255 ruboiy), yaʼni jami – 258 asar.

    16-jild: “Muhokamat ul-lugʻatayn”, “Mezon ul-avzon”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Tarixi muluki Ajam”, “Arbaʼin” (40 qitʼa), “Siroj ul-muslimin”, “Munojot”, “Risolai tiyr andoxtan” (bu risola usluban Alisher Navoiy yozgan asarga mutlaqo oʻxshamaydi, shuning uchun uning shoir asarlari sirasiga kiritilgani bahsli) asarlari, yaʼni jami – 47 asar.

    17-jild: “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasi, yaʼni 1 asar.

    18-jild: “Devoni Foniy” (boshlanish qismi) – 270 gʻazal.

    19-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 286 gʻazal.

    20-jild: “Devoni Foniy” (davomi) – 1 musaddas, 1 marsiya, 64 qitʼa, 72 ruboiy, 16 taʼrix, 266 muammo, 9 lugʻz (chiston) (bu hisob-kitoblar “Devoni Foniy”da jami 985 asar borligini koʻrsatyapti); “Sittai zaruriya” toʻplami (6 qasida – “Ruh ul-quds”, “Ayn ul-hayot”, “Tuhfat ul-afkor”, “Qut ul-qulub”, “Minhoj ul-najot”, “Nasim ul-xuld”), “Fusuli arbaa” toʻplami (4 qasida – “Saraton”, “Xazon”, “Bahor”, “Day”), “Mufradot” asari, yaʼni jami – 440 asar.

    Shunday qilib, Navoiyning oʻzi kitoblariga kiritgan asarlari umumiy soni 4 ming 544 (Navoiy “Risolai tiyr andoxtan”ni yozgani bahsli ekani hisobga olinsa, 4 ming 543) tani tashkil etadi.

    “Mukammal asarlar toʻplami”ning 20-jildida “Rasmiy devonlarga kirmagan sheʼrlar” ham berilgan. Ularning soni quyidagicha: 35 gʻazal, 4 qitʼa, 1 marsiya, 1 taxmis, bulardan tashqari, turli manbalarda Navoiyga nisbat berilgan 14 bayt ilova qilingan. Agar bu ilovalardagi faqat 41 asarnigina qoʻshganda ham umumiy raqam 4 ming 585 tani tashkil etadi.

    Demak, endi komil ishonch bilan ayta olamizki, Navoiy 60 yilga yaqin umri mobaynida 4 mingu 585 ta asar yaratgan!

    Bu yerda kelajakda aniqlik kiritilishi zarur boʻlgan ikki nozik nuqta bor. Birinchisi shuki, “Nazm ul-javohir”dagi sheʼrlar arabiydan, “Arbaʼin”dagi sheʼrlar esa forsiydan tarjima qilingan. Ammo navoiyshunosligimizda hali ular qay darajadagi yoki qaysi tipdagi tarjimalar ekani ilman aniqlashtirib berilganicha yoʻq. Ikkinchisi shuki, bu sohibi qalamning nasr va nazm aralash bitilgan asarlaridagi sheʼriy parchalarni ham alohida, yaʼni mustaqil asarlar hisoblash mumkinmi yoki yoʻqligiga aniqlik kiritish lozim. Qizigʻi, ular orasida ham birovlarning yo nazmiy, yo nasriy fikrlarini sheʼrga solish hodisasi bor. Bu sheʼriy parchalarga asos boʻlgan manbalarning katta qismi esa yo arabiy, yo forsiy matn boʻlgan. Demak, bu yerda ham tarjimaviylik hodisasi yuz bergan.

    Hozircha biz bu sheʼriy parchalarni mustaqil asarlar tarkibiga kiritmadik va sanoqqa qoʻshmadik.

    Insonning tabiati qiziq, hammaning xotirasi ham unchalar ishonchli yoki mustahkam boʻlavermaydi. Mabodo, birovga ikkita maʼlumot aytsangiz-u, keyin tekshirib koʻrsangiz, ana shu ikki axborotdan bittasi bu odamning yodida mustahkam qoladi-yu, ikkinchisini unutadi. Xoʻsh, qaysi biri esda qoladi? Muayyanrogʻi. Qanday maʼlumot muayyan hisoblanadi? Avvalo, raqami bori.

    Deylik, Toshkentdan Buxoroga avtomobilda joʻnayapsiz. Yoʻl-yoʻlakay Samarqandda – Mirzo Ulugʻbek rasadxonasi bekatida bir ogʻayningiz siz bilan koʻrishib, kitobini berib yubormoqchi. Unga qoʻngʻiroq qilib, ikki maʼlumotdan iborat axborotni yetkazasiz:

    – Soat beshlarda Samarqanddan oʻtsak kerak. Bulungʻurga borganimizda yana qoʻngʻiroq qilaman, – deysiz. Maqsadingiz aniq: birodaringiz bir daqiqa ham ovora boʻlmasin, siz Bulungʻurga yetganda u uyidan chiqsa ham bemalol oʻz vaqtida bekatga yetib boradi.

    Ana, koʻrasiz, birodaringiz besh deganda bekatda boʻladi. Chunki u ikki axborotdan ichida raqami borligini qattiq “tutib” oldi, ikkinchi axborot bilan hisoblashib ham oʻtirmadi. Holbuki, siz Gʻallaorolda toʻxtab, bemalol bir soat ovqatlandingiz, Mirzo Ulugʻbek bekatiga moʻljalingizdagi beshlarda emas, oltidan ham oʻtganda yetib keldingiz, deylik. Ogʻayningiz qor yogʻib turgan sovuq havoda naqd bir yarim soat tik turib sizni kutdi. Ayb – oʻzida: “Alloh”ini eshitgan-u, “berdi”sini eshitmagan.

    Muqaddas dinimizdagi aqida shundayki, Allohning sherigi yoʻq. Qozi bir mahbusdan:

    • Oting nima? – deb soʻrabdi. U:
    • Alloh... – deb boshlagan ekan, qozi:
    • Jallod! – deb boʻkiribdi. Jallod yetib kelgani bilan mahbusning kallasini judo qilishga buyuribdi. Chunki u oʻzini “Alloh” deb hisoblab, kofir boʻldi.

    Holbuki, bu kimsaning oti “Allohberdi” ekan. “...Berdi”sini aytib ulgurmabdi badbaxt.

    Gapni bunchalar uzoqdan olib kelayotganimizning sababi bor.

    Navoiy lirikasini tadqiq qilgan Yoqubjon Isʼhoqov shoirning “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan 4 devonida jami 16 ta lirik janrga oid sheʼrlarini kiritganini qayd etgan. Shu-shu koʻp ziyolilar matbuot, radio va televideniye orqali chiqishlarida, turli uchrashuvlarda bilib-bilmay: “Navoiy 16 janrda ijod qilgan”, deydigan boʻlib qoldi.

    Shu axborotni gazeta yoki jurnalda oʻqisangiz ham, radio yoki televideniye orqali eshitsangiz ham uning mutlaqo xato ekanini muallif yoki soʻzlovchiga ham, eng yomoni, ming-ming oʻquvchi yoki tinglovchiga ham ayta olmaysiz. Oqibatda oʻqiganlaru eshitganlar ongida shu asossiz fikr muhrlanib qolaveradi. Bu xatoni tuzatish kerak.

    Keling, yaxshisi, Navoiy aynan nechta janrda asar yaratganini aniqlashtirib olaylik. Axir, bu masalani aniq-tiniq aniqlash uchun qoʻlimizda uning “Mukammal asarlar toʻplami” bor, demak, sanash unchalar mushkul ish emas.

    “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan devonlardagi jami 16 janr quyidagilardan iborat: gʻazal, mustazod, muxammas, tarjiʼband, (lirik) masnaviy, qitʼa, ruboiy, tarkibband, muammo, musaddas, qasida, chiston (lugʻz), tuyuq, musamman, soqiynoma, fard. Bu sanoqda janrlarni “Xazoyin ul-maoniy” devonlarida uchragan tartib boʻyicha keltirdik.

    Shoir fors-tojik tilida “Foniy” taxallusi bilan bitilgan lirik asarlarini “Devoni Foniy”ga jamlagan. Bu toʻplamda “Xazoyin ul-maoniy”ga kirgan devonlarda uchramaydigan 2 ta lirik janr mavjud. Bular – marsiya bilan taʼrix.

    Shuning uchun Navoiy turkiy va forsiy tilda jami 18 lirik janrda ijod qilgan, deb hisoblashimiz zarur.

    19-janr – debocha. Shoir oʻzi tuzgan dastlabki devon boʻlmish “Badoyiʼ ul-bidoya”ga hamda “Xazoyin ul-maoniy”ga alohida-alohida “Debocha”lar bitadi.

    20-janr – munojot. Ulugʻ mutafakkirning navoiyshunoslikda “Munojot” nomi bilan mashhur boʻlgan ixcham nasriy asari janrini shunday belgilash mumkin. Aslida Navoiy lirik asarlari orasida ham munojot-gʻazal, munojot-ruboiy va boshqalar bor, 6 dostoni boshlanish qismlarida ham munojot boblar mavjud. Lekin ilmda dastlab shoirning oʻzi tuzgan “Kulliyot”i uchun maxsus soʻzboshi sifatida yozilgan deb qaralgan, keyinroq esa Allohga tavba-tazarru va iltijolar qilish ilinjida maxsus bitilgan asar sifatida baholangan bu nasriy asar janrini “munojot” deb belgilashdan boshqa yoʻl yoʻq.

    21-janr – doston. “Xamsa”dagi besh asar (“Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabaʼyi sayyor”, “Saddi Iskandariy”) hamda “Lison ut-tayr” – doston. Ularni “masnaviy” deb atash ham rasm boʻlgan. Biroq biz bugun “Xazoyin ul-maoniy”da ham juft qofiyaga asoslangan baytlardan iborat 1 lirik masnaviy, yaʼni Navoiyning ustozlaridan biri Sayyid Hasan Ardasherga yoʻllagan sheʼriy maktubi oʻrin olgan. Agar keyin sanaganimiz olti liro-epik asarni ham “masnaviy” desak, ularni lirik masnaviy bilan bir janr deb hisoblashimizga toʻgʻri keladi va bu ilman xato boʻlur edi. Shuning uchun biz bu olti asar janrini “doston” deb hisoblash tarafdorimiz. Bu 6 dostonga nisbatan “masnaviy” atamasini ham qoʻllashga hech kim qarshi emas. Ammo bu janrni emas, sheʼriy shaklni bildirib kelishini unutmaslik kerak. Janrni belgilashda esa shakliy xususiyatlardan tashqari, mazmun jihati ham jiddiy hisobga olinadi.

    22-janr – tazkira. Navoiy 2 ta tazkira yaratgan. “Majolis un-nafois” – shoirlar va “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” – shayx-avliyolar haqidagi tazkira.

    23-janr – ijtimoiy-publitsistik pandnoma. “Mahbub ul-qulub” shu janrda bitilgan. Pandnoma yoʻnalishiga koʻra, u tip jihatidan Kaykovusning “Qobusnoma”, Saʼdiyning “Guliston”, Jomiyning “Bahoriston” asarlariga oʻxshasa ham, bunda ijtimoiy-publitsistik ruh ustunlik qiladi. Shuning uchun uning janri shu tarzda belgilandi.

    24-janr – maktub (insho). “Insho” soʻzining tilimizda taʼlim jarayonida biror mavzuda bitiladigan ijodiy ishni anglatishini ham hisobga olsak, bu janrni ifodalashda “maktub” istilohi maʼqulroq koʻrinadi. Shoirning oʻzi turli zamondoshlariga bitgan 103 maktubini “Munshaot” nomi bilan alohida toʻplam qilgan.

    25-janr – holot-manoqib. “Xamsat ul-mutahayyirin” manoqibi, “Holoti Sayyid Hasan Ardasher”, “Holoti Pahlavon Muhammad” holotlari shu toifaga kiradi. Muayyan tarixiy shaxs haqida bitilgan bu uch asar musulmon Sharqi adabiyotidagi anʼanaviy manoqiblarga aynan oʻxshamaydi. Shuning uchun ulardan ikkitasi nomiga muallifning oʻzi “holot” soʻzini qoʻshgan. Lekin ularda manoqiblik xususiyatlari ham yoʻq emas. Shularni hisobga olganda, bu janrni shartli ravishda “holot-manoqib” deb atadik.

    26-janr – ilmiy risola. Ikki (forsiy va turkiy) til qiyosi va turkiy til fazilatlari xususidagi “Muhokamat ul-lugʻatayn”, aruz vazni nazariyasiga bagʻishlangan “Mezon ul-avzon” hamda fors-tojik tilida yozilgan, muammo janri nazariyasidan iborat “Mufradot” asari aynan shu janrning tipik namunalaridir.

    27-janr – tarixiy risola. Aslida tarix ham ilm va Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” hamda “Tarixi muluki Ajam” asarlarini ilmiy risolalar tarkibiga kiritish mumkindir. Biroq bu yerda tarix buyuk badiiy qalam sohibi tarafidan bitilgan. Shuning uchun unda voqea-hodisalar bayoni oddiy ilmiy tarixlardan keskin farq qiladi. Shuning uchun bu ikki asar janrini “tarixiy risola” tarzida belgilash lozim koʻrildi. Nomlaridan ham anglashilib turganidek, “Tarixi anbiyo va hukamo”da paygʻambarlar va hakimlar, yaʼni faylasuf donishmandlar hayoti haqida maʼlumotlar berilib, ularning eʼtiborli soʻzlaridan namunalar keltiriladi, “Tarixi muluki Ajam”da esa Eron podshohlari tarixi yoritiladi, bu tarix muayyan tizimga solinadi. Bu ikki asarini Navoiyning oʻzi bir umumiy nom ostida biriktirib, “Zubdat ut-tavorix” deb ham ataydi.

    28-janr – vaqfnoma. Navoiyning 40 yoshida, yaʼni 1481-yili bitgan “Vaqfiya” asari janri shu tarzda belgilandi. Chunki bu asar shu qadar oʻziga xoski, mohiyatan uni boshqa janrga qoʻshib boʻlmaydi.

    29-janr – nazmiy risola. “Siroj ul-muslimin” asarini shunga kiritish kerak. Chunki bu asar – amalda shariat tartib-qoidalari haqidagi risola. Faqat u nazmiy yoʻl bilan bitilgan, xolos. Bu asarda nazm bor, lekin u sheʼr emas. Chunki sheʼrda shuur ustun boʻlishi kerak.

    30-janr – nazmiy tarjima. “Arbaʼin” bilan “Nazm ul-javohir”ni shu toifaga kiritish zarur. Hazrat Abdurahmon Jomiy Muhammad (s. a. v.)ning 40 hadisini tanlab, fors-tojik tilida nazmiy yoʻl bilan 40 qitʼa tarzida qayta yaratadi. Navoiy piri va ustozidan ruxsat soʻrab, shu nazmiy matnni oʻzbek tiliga tarjima qiladi. “Nazm ul-javohir”ning yuzaga kelishi ham shunga oʻxshaydi. Undagi 255 ruboiy chahoryorlardan biri, toʻrtinchi xalifa boʻlmish Hazrat Alining hikmatli soʻzlari asosida bitilgan.

    31-janr – taxmis. Aslida “muxammas” va “taxmis” soʻzlari bir maʼnoni, yaʼni har bandi 5 misradan tashkil topgan, qofiyalari aaaaa, bbbba, vvvva va hokazo tarzidagi lirik janrni bildiradi. Biroq hozirgi adabiyotshunosligimizda bu janrning bir muallif tarafidan bitilgan ohoriy (original) namunalarini “muxammas”, bir muallifning gʻazali baytlari oldidan oʻsha misralarga shaklan va mazmunan mos ravishda 3 satrdan qoʻshish asosida bitilgan namunalarini esa “taxmis” deyish rasm boʻlib boryapti. Shunga koʻra, biz ham taxmisni alohida janr sifatida ajratdik. Navoiy ijodida taxmisning 2 tagina namunasini uchratamiz. Birinchisi, “Xazoyin ul-maoniy”ning 2-devoni boʻlmish “Navodir ush-shabob”dagi Lutfiyning:

    Koʻkdadur har dam figʻonim koʻrgali sen mohni,

    Daʼviyi mehringga tonuq tortadurmen ohni,

    deb boshlanadigan gʻazaliga bogʻlangan. Ikkinchisi, “Mukammal asarlar toʻplami”ning 20-jildi “Rasmiy devonlarga kirmagan sheʼrlar” qismida berilgan Husayniyning:

    Gʻunchayi xandon borib, koʻnglumda qoldi xor-xor,

    Tinmagʻur jonimgʻa onsiz dunyada bori ne bor?! –

    matlaʼsi bilan boshlanadigan gʻazaliga bogʻlangan taxmis.

    20 jildli “Mukammal asarlar toʻplami”ga kiritilgan “Risolayi tiyr andoxtan” asari tili va uslubi tahlili uning Navoiy qalamiga mansub ekaniga shubha tugʻdirgani uchun janrini belgilashga urinib oʻtirilmadi.

    Shunday qilib, Alisher Navoiy butun ijodida jami 31 adabiy-ijodiy janrda asar yaratgani ayonlashdi. Shuning oʻzi ham baʼzi olimlarimiz oʻylamay-netmay keltirgan raqamdan ikki barobar koʻp.

    Demak, hazrat Navoiy jami 31 janrda naqd 4 ming 585 ta asar bitgan!

    Bunday yuksak miqyos jahon sohibi qalamlaridan kamdan-kamigagina nasib etadi.

    Sultonmurod OLIM,

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi