Buxoro shogirdi
Xoja Ahmad Yassaviy hozirgi Qozogʻiston Respublikasining Turkiston viloyatidagi Sayram tumanida tugʻilib oʻsgan. Bugungi viloyat markazi hisoblangan Turkistonda yashab, faoliyat olib borgan. U oʻzbek boʻlgan va ona tilida ijod qilgan. Buxoro shahrida Eronning Hamadon shahridan kelgan Shayx Xoja Yusuf Hamadoniyga murid tushib, uning huzurida tasavvufiy tarbiya topgan.
Xoja Yusuf Hamadoniyning toʻrt nafar xalifasi (oʻrinbosari) boʻlgan. Bular — Xoja Abdulloh Barraqiy, Xoja Hasan Andoqiy, Xoja Ahmad Yassaviy va Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy. Xoja Yusuf Hamadoniydan keyin bularning har biri pirlik qilgan, koʻp muridlari boʻlgan.
Bulardan Xoja Ahmad Yassaviy yassaviya, Xoja Abduxoliq Gʻijduvoniy xojagon tariqatlariga asos soldi. Xojagon tariqatini Xoja Bahouddin Naqshband yanada takomillashtirdi. Shuning uchun XV asrda Abdurahmon Jomiy uni “naqshbandiya” deb atadi.
Alisher Navoiyning avliyolar haqidagi “Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat” tazkirasida yassaviya tariqatining oxirgi shayxlari risolalariga tayanib dalolat qilishicha, Xoja Ahmad Yassaviy Turkiston tomonlarga borib, barcha muridlarini Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniyga itoat qilishga daʼvat etadi. Bu ham Xoja Ahmad Yassaviyni yurtimizga chambarchas bogʻlab turadigan yana bir nozik nuqta hisoblanadi.
Yassaviya targʻibotchisi
“Nasoyim ul-muhabbat...” aslida Mavlono Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns va hazarot il-quds” tazkirasining oʻzbekchaga tarjimasi. Biroq Navoiy uning ayrim joylarini qisqartirgan, shuningdek, yassaviya avliyolari va hind shayxlari haqidagi yangi-yangi maʼlumotlarni kiritgan. Shuningdek, piri va ustozi Abdurahmon Jomiy haqida bir qism qoʻshgan. Bu haqda asarning kirish qismida jumladan, shunday deb yozadi: “...Hazrat Shayx Fariduddin Attor quddisa sirruhu bitgan “Tazkirat ul-avliyo”din baʼzi kibor mashoyixkim, “Nafahot ul-uns...”gʻa doxil boʻlmabdur erdi, har qaysini munosib mahalda doxil qildim va hind mashoyixi sharhi ham oz mazkur erdi, mumkin bor tilab, topib hazrat qutb ul-avliyo Shayx Farid Shakarganj qaddasa arvohahumdin soʻnggi mashoyixgacha ilhoq qildim va turk mashoyixi zikri ham ozroq erdi, oni dogʻi hazrat shayx ul-mashoyix Xoja Ahmad Yassaviy rahimahullohudin bu zamongʻacha, ulcha mumkin bor tilab, topib, zikrlarin va baʼzi holotu soʻzlarin oʻz mahalida darj qildim”.
“Nasoyim ul-muhabbat...”ning jami 17 faslida Xoja Ahmad Yassaviy haqida maʼlumot keltiriladi. Ayrimlarini yuqorida eslatdik.
Tazkirada 448-raqam bilan kelgan Qusam Shayxning “turk mashoyixidin”, “Xoja Ahmad Yassaviy xonadonidin” ekani aytiladi. “Turk mashoyixi” deganda, Navoiy yassaviya shayxlarini koʻzda tutgan.
Yassaviya va naqshbandiya sintezi
Tazkiraning Xoja Bahouddin Naqshband haqidagi faslida bu zoti sharif Buxorodan Nasaf (Qarshi)ga borib, Qusam shayxdan tarbiya olgani ham yoziladi. Yassaviya va naqshbandiya bir manbadan kelib chiqqani, ikkala tariqat asoschisining piri ham Xoja Yusuf Hamadoniy ekanini bilar edik. Oradan ikki asr oʻtib, Qusam shayx bilan Xoja Bahouddin Naqshband pir-muridligi misolida bu ikki tariqat yana birlashdi. Shu tariqa oʻzaro sintez hodisasi yuz berdi.
Risolada 481-raqam bilan kelgan Shayx Roziuddin Ali Lolo Gʻaznaviy haqida bir qiziq voqea bayon etiladi. Bu shayx tushida koʻradiki, bir ulugʻ zot koʻkka narvon qoʻyib, muridlarini osmonga yetkazayotgan ekan. Uning ham qoʻlidan tutib, yuqoriga olib chiqibdi. Bu tushini otasiga aytib beribdi. Otasi oʻsha pirning nomini soʻrabdi. Oʻgʻli uning oti Najmiddin Kubro ekanini aytibdi. Shunda otasi: “Sening tarbiyang kaliti shu zotning qoʻlida, uni qidirib, topishing kerak”, debdi.
Shayx Ali Lolo Turkistonda Xoja Ahmad Yassaviy xonaqohida xilvatda oʻlturgan edi. Ittifoqo birov Xorazmdan kelib qoldi. Xoja Ahmad Yassaviy undan: “Xorazmda hozirgi paytda tasavvuf yoʻliga kirganlarga peshvolik qiladigan biror kishi bormi?” deb soʻradi. Shunda u Shayx Najmiddin Kubro degan bir yigit xalqni tariqatga chaqira boshlaganini aytdi. Buni ichkarida turib eshitgan Shayx Ali Lolo xilvat xonasidan otilib chiqdi. Qish boʻlishiga qaramasdan, oʻsha zahoti Xorazm sari safarga otlandi. Najmiddin Kubro huzuriga shoshildi. Kelib, sulukka mashgʻul boʻldi. Keyin Najmiddin Kubroning muridi boʻlmish Shayx Majdiddin Bagʻdodiydan ham tasavvufiy taʼlim olish baxtiga musharraf boʻldi.
Bu tafsilotlar orqali biz Markaziy Osiyoda paydo boʻlib, butun musulmon olamiga keng yoyilgan kubraviya, yassaviya va naqshbandiya tariqatlarining oʻzaro chambarchas bogʻliqligidan xabar topamiz.
“Turkiston ahlining qiblayi duosi”
“Nasoyim ul-muhabbat...”da Xoja Ahmad Yassaviy 611-shayx sifatida keladi. Bu faslda quyidagicha maʼlumotlar keltiriladi: “Turkiston mulkining shayx ul-mashoyixidur. Maqomoti oliy va mashhur, karomoti mutavoliy va nomahsur ermish. Muridu asʼhobi gʻoyatsiz va shohu gadoning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish. Imom Yusuf Hamadoniy quddisa sirruhuning asʼhobidindur. Xoja Abdulxoliq Gʻijduvoniy quddisa sirruhu bila suhbat tutubdur va Xoja Abdulloh Barraqiy va Xoja Hasan Andoqiy qaddamallohu rahmatika bila hamki, Imom Yusuf Hamadoniy rahimahullohu taolo muridlaridurlar. Imom qaysi biyik marotibgʻa yetibdurlar, musohib boʻlubdur va roʻzgor mashoyixidin koʻp buzurgvorlar aning tarbiyatin topibdurlar va Shayx Roziuddin Ali Lolo quddisa sirruhu shayxi buzurgvor Shayx Najmuddin Kubro rahimahullohu xizmatigʻa yetardin burun Xoja Ahmad Yassaviy qaddasallohu ruhahu xizmatida boʻlub erdi va aning xonaqohida aning irshodi bila suluk qilibdur va aning mozori Turkistonda, Yassi degan yerdaki, aning mavlid va manshaidur, voqeʼ boʻlubdur va Turkiston ahlining qiblayi duosidur”.
Bu yerda Navoiy “Yassi” deganda, faqat hozirgi Yassi shahrini emas, umuman, shu viloyatni koʻzda tutgan. Chunki bu yer Yassaviyning tugʻilgan yurti sifatida tilga olinadi. Taxallusi ham Yassaviy ekanligi bejiz emas.
Mazkur tazkirada yassaviya tariqati shayxlari haqida gap ketganda, tarjimon-muallif ularning Xoja Ahmad Yassaviyga aloqasini qayd etib oʻtishdan erinmaydi.
Shuni qoʻshimcha qilishimiz kerakki, Yassining nomi keyinchalik “Turkiston” boʻlib ketishiga sabab ham aynan Xoja Ahmad Yassaviy. Navoiy Xoja Ahmad Yassaviy dafn etilgan bu muqaddas makonni bekorga: “Turkiston ahlining qiblayi duosidur”, deya tilga olgani yoʻq.
Turkiston shahri nega “Turkiston” deyilgan?
Bizda qadimdan joy nomlarini oʻsha yerda dafn etilgan avliyo zot nomi bilan atash anʼanasi bor. Masalan, hozir rasman amalda boʻlgan Toshkent shahridagi Shayxontohur, Toshkent viloyatidagi Zangiota, Namangan viloyatidagi Pop tumanlari nomlari aynan shu asosda shakllangan. Yaqin-yaqinlargacha xalq orasida Buxoroda Gʻijduvonni “Xojayi jahon”, Shofirkonni “Xoja Orif”, Kogonni “Bahouddin” deb atash odati bor edi.
Xuddi shunga oʻxshab, Yassini xalq bora-bora “Xojayi Turkiston”, “Piri Turkiston” deb atay boshlagan. Keyinchalik qisqa qilib, “Turkiston” deb ham ketavergan. Rus bosqinidan keyin “Turkiston” Yassining rasmiy nomiga aylangan.
“Turkiston” etnonimi qachon, qayerlarni anglatgan?
“Turkiston” etnonimi har asrda har xil hududni anglatib kelgan. Masalan, Muhammad Narshaxiy X asrda yozilgan “Buxoro tarixi” kitobida Buxoroning koʻp asr botqoqlikdan iborat boʻlgani, botqoqlik quriy boshlagach, bu yerga aholi koʻchib kela boshlaganini bitadi. Jumladan: “Aholi, asosan, Turkiston tomonlardan koʻchib kelar edi”, deydi.
Hozir “Buxoroga aholi Oʻzbekiston tomonlardan koʻchib kelar edi”, deb yozib boʻladimi? Yoʻq. Chunki Buxoro ham Oʻzbekiston tarkibiga kiradida. Demak, Narshaxiy zamonida “Turkiston” degan joy nomi tarkibiga Buxoro kirmagan.
Zahiriddin Muhammad Bobur “Boburnoma” asarida otasi Umarshayxning qaynotasi, yaʼni Yunusxonni koʻp bor Toshkentga olib kelib, unga qulay sharoitlar yaratib bergani, lekin, shunga qaramay, u yana Turkiston taraflarga ketib qolaverishini yozadi. Demak, XVI asrda Toshkent ham “Turkiston” etnonimi anglatgan hududga kirmagan.
“Turkiston” deganda, oʻtgan asrlarda, asosan, turkiy xalqlar yashaydigan hozirgi Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Sharqiy Turkiston (Uygʻuriston), Moʻgʻulistonning bir qismi, Janubiy Sibir tomonlar koʻzda tutilgan.
Rus bosqinidan keyingina ilk bor “Turkiston” rasmiy maʼmuriy birlashmani anglatdi — Turkiston general gubernatorligi tuzildi. Lekin oʻshanda ham Buxoro amirligi va Xiva xonligi hududlari Turkiston general gubernatorligiga bevosita boʻysunmas edi. Turkiston general gubernatorligi hududlari aholisi Rossiya fuqarosi hisoblanar edi. Shuning uchun ham 1916-yilgi mardikorlik kampaniyasida Buxoro amirligi va Xiva xonligidan mardikor olinmagan.
Darvoqe, aynan Xoja Ahmad Yassaviy haqqi-hurmati Qozogʻiston Respublikasi bu viloyatini “Turkiston” deb qayta nomladi va viloyat markazini ham Chimkentdan Turkiston shahriga koʻchirdi.
Navoiy qalamida yassaviylar
“Nasoyim ul-muhabbat...”da 612-raqam bilan kelgan Qutbiddin Haydar Turkiston podshohining oʻgʻli boʻlgan. Xoja Ahmad Yassaviyga murid tushgan. Otasi har qancha urinmasin, uni bu yoʻldan qaytara olmaydi. Yassaviy unga yaxshi tarbiya berib, Xuroson viloyatiga yuboradi. U yerda “Qutbi olam” deya ulugʻlanadigan darajaga yetadi. Qabri ‒ Xurosonning “Turbat” degan yerida. Navoiy turbati, yaʼni qabri oʻsha yerda boʻlgani uchun bu yerni xalq “Turbat” deb atay boshlagan.
Tazkirada 613-raqam bilan kelgan Hakim ato, yaʼni shayx va shoir Sulaymon Boqirgʻoniy ham Xoja Ahmad Yassaviyning muridi edi. Unga “Hakim” degan sharafli nomni ham aynan Xoja Ahmad Yassaviy bergan. Bir gal shayx muridlariga dashtdan oʻtin terib kelishni buyuradi. Yomgʻir yoqqani uchun keltirilgan oʻtinlar hoʻl boʻlib qoladi. Lekin Sulaymon Boqirgʻoniy tergan oʻtinlarini toʻniga oʻrab, quruq tarzda olib keladi. Shunda pir unga: “Ey farzand, hakimona ish qilding!” deydi va shu bilan bu shogird ismiga “Hakim” sharafi qoʻshiladi. Bu soʻz ayni oʻrinda “donishmand”, “aqlli” maʼnosini anglatadi.
Sohibqiron Amir Temur ham naqshbandiy, ham yassaviy
Tazkirada Sohibqiron Amir Temur bilan bogʻliq bir muhim voqea bayon etiladi. Buyuk hukmdor shayxning suhbatiga keladi. Kelayotganida koʻnglidan: “Bu shayxning maʼno olamidan xabari boʻlsa, bizga issiq holva tortadi”, degan xayol oʻtadi. Shayx oldindan muridlariga holva tayyorlashni buyurgan ekan. Shayx Amir Temurni dasturxonga taklif qilib: “Avvali — salom, oʻrtasi — taom va oxiri — kalom!” ‒ deydida, dasturxonga holva torttiradi. Sohibqiron shayxning karomatiga qoyil qolib, unga murid tushadi. Xonaqoh qurdirib, koʻp yerlarni unga vaqf qilib beradi.
Sohibqiron Amir Temurning xojagon tariqati pirlariga murid tushganini, Xoja Bahouddin Naqshbandning piri boʻlgan Amir Kulolning muridi ekanini bilar edik. Demak, bundan uning yassaviya tariqati muridi ham boʻlgani ayonlashadi.
Bundan tashqari, bizningcha, Xoja Boyazid aynan Yassida, Xoja Ahmad Yassaviy qabri yonida yashagan. Amir Temur shu yerda xonaqoh va maqbara qurdirgan. Navoiy aynan shuni yozgan boʻlishi kerak.
Yassaviyning xirqasi kimga tekkan?
Tazkirada 618-shayx sifatida kelgan Xoja Xalil ham Xoja Ahmad Yassaviy avlodi sifatida tilga olinadi. Hatto Xoja Ahmad Yassaviyning xirqasi (choponi) va joynamozi “bobodan qolgan tabarruk ashyo” sifatida shu shayxga tekkan.
Nomi 637-shayx sifatida kelgan Keshligʻ ato Samarqandning Keshidan, yaʼni hozirgi Qashqadaryo viloyatining Shahrisabzidan boʻlgan. Oʻsha paytlarda u oʻz yurtidan surgun qilingan. Shunda u Turkistondagi Xoja Ahmad Yassaviy mozoriga borib, tasavvuf bilan mashgʻul boʻlgan. Keyin Chin (Xitoy) mamlakatiga joʻnab, pirlik qilgan, koʻp kishi uning muridiga aylangan. Qabri ham oʻsha yerda.
Yassaviya shayxlari nega “Ato” deyilgan?
“Nasoyim ul-muhabbat...”da 639-shayx sifatida kelgan Sayyid ato ham Xoja Ahmad Yassaviyning yaqin qarindoshi boʻlgan. Tasavvufda ulugʻ martabalarga erishgan. Daʼvosi ham katta boʻlgan. Hatto: “Men va Ahmad tengashtuk (tenglashdik), men biyikrak erdim”, degan. Navoiy bu zotni baʼzilar “siyodatqa mansub”, yaʼni Muhammad paygʻambar avlodlariga tegishli, deb hisoblashini yozadi. Shunga qoʻshimcha qilib: “Va turk ulusida “Ato” derlar”, ham deydi. Bundan anglashiladiki, yassaviya tariqati vakillari nomiga “Ato” soʻzining qoʻshib tilga olinishi aynan ularning sayyidligiga ishora ekan.
Yagona ildiz
Bu maʼlumotlar bizga tariximizning koʻp-koʻp masalalarini oydinlashtirish imkonini beradi. Eng avvalo, biz kubraviya, yassaviya va naqshbandiya tariqatlari oʻrtasidagi tigʻiz aloqadorlikdan xabardor boʻlamiz. Qolaversa, Markaziy Osiyo xalqlarining qoni ham, tarixi ham, madaniyati ham, maʼnaviyati ham bir ildizga borib taqalishini yanada teranroq anglaymiz.