So‘zning quvvati, qudrat-u salobati nafaqat uning mohiyati va ma’no teranligiga, balki estetik ta’sir kuchiga ham u yoki bu darajada bog‘liqdir. Ulug‘ mutafakkir shoir Alisher Navoiy bir hikmatida «so‘zchi» yoki so‘z aytuvchiga emas, so‘zning «hol»u kayfiyatiga diqqat qilishga da’vat etganida («So‘zchi holin boqma, boq so‘z holini») ana shu haqiqatlarni ham ko‘zda tutgan desak, aslo xato bo‘lmaydi. Masalan, ta’b so‘zini olaylik. Umuman, oddiy so‘zlashuv jarayonida «ta’bi nozik», «ta’bi o‘tkir», «ta’bi xira bo‘ldi» kabi iboralarga ko‘p duch kelamiz. «O‘zbek tilining izohli lug‘ati»da:
«Ta’b (a. tabiat, tabiiy holat, xulq-atvor, xarakter) so‘zi “kishining xarakterida, uning kishilarga, narsalarga munosabatida namoyon bo‘ladigan ichki tabiati, didi; xohish, ixtiyor, rag‘bat. Birovlarning ta’biga qarab ish qilmoq” deya izohlangan.
Navoiy ijodida har bir tushuncha, so‘z, ibora yoki obraz hayotiylik, aniqlik tamoyillariga tayanadi. «Tab’» ham, eng avvalo, ijod ahlining ma’naviy kamolotda erishgan darajasini ko‘rsatuvchi, qolaversa, badiiy mahorati, sa’jiyasi, iqtidorini baholovchi o‘ziga xos mezon sifatida qo‘llangan. «Tab’i muloyim», «tab’i ojiz», «tab’i shikasta», «tab’i salim», «tab’i nomavzun», «tab’i sho‘x», «tab’i xo‘b», «tab’i sofiy» singari qator istioralar ana shunday mazmunlarni yuzaga chiqaradi.
Ijod ahli haqida yozilgani uchun «tab’» so‘zi «Majolis un-nafois» tazkirasida boshqa asarlarga nisbatan ko‘proq uchraganiga guvoh bo‘lamiz. Bu orqali ikki jihat: shoirlarning axloqiy qiyofasiga muayyan chizgilarni va she’riy uslubi, badiiy salohiyati va davr adabiy muhitida tutgan o‘rni haqidagi ma’lumotlarni bilib olish mumkin.
Ma’lumki, hamma ijodkorda ham olamni poetik jihatdan idrok qilish qobiliyati bir xil emas. Shunga ko‘ra ularning «tab’»i, kayfiyati, borliqqa munosabati ham sezilarli darajada bir-biridan farqlanadi. Ba’zi shoirlar «xushtab’» bo‘lsa, ayrimlari «hazzol (hazilkash – M.A.) tab’», boshqalari «sho‘x tab’»ki, har birining o‘ziga xos tabiati, ruhiy dunyosi bor. Ammo tazkiradan o‘rin olgan aksariyat shoirlar «xush tab’» deya e’tirof etiladi. Masalan: «Xoja Ismatulloh… g‘oyat xushtab’lig‘idin o‘zin she’rg‘a mansub qilib devoni mashhur bo‘ldi», «Qozi Muhammad Imomiy – mutadayyin va xushtab’ kishi erdi… Ash’ori Hiriy shahrida el orasida bor», «Sayid Abdulhaq – astrobodlig‘dur, xushtab’ yigit erdi, muhovarasi dag‘i xub erdi», «Mavlono G‘iyosuddin – tolibi ilm va xushtab’ yigitdur»...
Tazkirada xushtab’ so‘zi, asosan, «xushzehn», «iqtidorli», «iste’dodli» ma’nolarida qo‘llangan: «Mavlono Zotiy – yangi xushtab’lardindur. Bu matla’ aningdurkim:
Nay garchi dam zi zamzamai zeru bam zanad,
Dar peshi nolaam natavonadki, dam zanad».
Tarjimasi: Nay ohanglar zamzamasi bilan dam ursa ham, mening nolam oldida ovoz chiqara olmaydi.
Yana bir toifa ijodkorlar «Majolis»da «sho‘x tab’» deb tavsiflangan. «Sho‘x tab’»lik fazilatiga ega shoirning she’ri oson tushuniladigan, ravon va yengil o‘qiladigan, badiiy san’atlarga boy bo‘lib, tazkirada «…sho‘x tab’iga bu bayt shohidi adildur» deya ijodidan misol keltirilgan. Jumladan: «Sayyid Ali Hoshimiy – nasab va xushtab’ yigit erdi. Abdullatif Mirzo mulozamatida bo‘lur erdi. Va sipohiylik ham qilur erdi. Va sho‘x tab’iga» mazkur bayt misol bo‘la oladi:
«Dar biyoboni adam budam ba fikri on dahan,
Shud padid on xatti sabz-u gasht Xizri rohi man».
Tarjimasi.: Yo‘qlik dasht-u sahrosida u og‘izni o‘ylab yurardim, u sabza miyiq ko‘rindi-yu yo‘limning Xizri bo‘ldi.
Baytda lirik qahramon ma‘shuqa og‘zining nihoyatda kichikligini, labi atrofidagi mayin tukchalar yangi chiqqan yashil sabzalarga o‘xshashi va ko‘rinishi bilan qorong‘ulikdagi yo‘lida Xizr bo‘lib tuyulganini aytgan. Shoirona taxayyul va tasavvurning nozikligi, go‘zal va ta‘sirchan lutfning badiiyat tamoyillari asosida yorqin ifoda topgani tazkiranavis tavsifi va e’tirofiga uyg‘unlik kasb etgan. Bu ham «sho‘x» sifatlashiga ega «tab‘» sohibi haqida aniq tasavvur hosil qilishimizga imkon yaratadi. «Sho‘x tab‘» birikmasi ko‘pincha shoirning axloqiy qiyofasi, xarakteriga xos xususiyatni aks ettirsa-da, ba‘zan uning ijodiy yo‘nalishiga ishorani ham bildiradi: «Mavlono Qutbiy – … sho‘x tab‘ kishi erdi», «Mavlono Xovariy – ham samarqandlig‘dur va darzigarlikka mansub erdi. Badihani ravon aytur erdi va tab’i xeyli sho‘x erdi», «Mavlono Muhammad Olim – ... bag‘oyat daler va sho‘xtab‘…kishi erdi»...
Tazkirada «sho‘x tab’»li shoirlarning ijodiy namunalaridan ma’lum bo‘ladiki, ularda o‘ynoqi va zavqbaxsh ohang, turli so‘z o‘yinlari vositasi fikrning nihoyatda jozibali, ta’sirchan ifodasi, vazn va qofiyaning bir qadar sodda tuzilishi ustunlik qiladi. Fikrimizni Mavlono Latifiyga bag‘ishlangan quyidagi fiqra mazmuni ham tasdiqlaydi: «Mavlono Latifiy – aning ne yerlik ekani ma’lum bo‘lmadi. Ammo mundoq derlarkim, tab’i xili sho‘x ekandur. Kichik yoshida favt bo‘ldi. So‘zi oz qolibtur. Bu matla’ aningdurkim:
Gah oqar, gah tomar labing shakari,
Bizga tegmasmu hech oqar, tomari.
Agarchi turkonadur, ammo qoyili (iste’dod)ning sho‘x tab’lig‘i ma’lum bo‘lur. Qabri ma‘lum emaskim qaydadur».
«Tab’i hazlg‘a moyil erdi» deyilganda esa ijodkorning iqtidorida hazil-mutoyiba, yumor ustunlik qilishi, tabiatida hayotsevarlik, odamlar bilan o‘zaro kirishimlilik mavjudligi anglashiladi. Shunday iste’dodli shoirlardan biri «Sayyid Kozimiy – xush tab’ va sabuk ruh (xushchaqchaq) kishi erdi va tab’i hazlg‘a moyil erdi». Yoki «Mavlono Hoji Nujumiy – louboli kishi erdi va tab’i hazlg‘a moyil erdi va hazlomez qit’alari bor».
«Xo‘b» so‘zining «yaxshi», «chiroyli», «go‘zal», «durust», «ma’qul» ma’nolariga diqqat qilinsa, «tab’i xo‘b» kalimasi nihoyatda iste’dodli, ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan qalam ahliga nisbatan qo‘llangani oydinlashadi: «Mavlono Ruhiy Yoziriy – Xuroson afozilining doxilidur. Tab’i xo‘b va suluki marg‘ub kishi erdi», «Muhammad Ali Shug‘oniy – vazirzodadur, tab’i xo‘b voqe’ bo‘lg‘on jihatdin nazmg‘a ko‘p mashg‘ul bo‘lur erdi», «Mir Muflisiy.. tab’i xo‘b erdikim, anga jazaba yetishtikim, aqli zoyil bo‘ldi (ayrildi)»...
«Tab’» orqali ijodkorning qiziqish doirasi, so‘z san’ati yoki ilmning qaysi yo‘nalishida muvaffaqiyatga erishgani haqida ham ma’lumot beriladi. Ba’zi ijodkorlarning muammo janrida qobiliyati ko‘proq bo‘lsa, ayrimlarining g‘azal yoki qit’ada iqtidori ustunlik qilgan. Shunga ko‘ra, “Mavlono Jaloluddin – … tab’ining muloyimati muammo fanida ta’rif qilg‘ucha bor” jumlasi fiqra sohibining aql-zakovatda yetuk fikrati, muammoni ravon yozishi va mahorat bilan yecha olishini bildiradi. Mir Kamoluddin Husayn esa «tasavvuf ilmida tab’i bag‘oyat qobil» bo‘lgani aytilgan.
“Tab’ida xeyli diqqat bor” deb yozar ekan, Navoiy shoirning qobiliyatida ma’noni teran va nozik his qila olish mahorati mavjudligiga urg‘u beradi («Sayidzodai Munshiy – tab’ida xeyli diqqat bor»). «Tab’i sofiy» birikmasi bo‘lsa fe’l-u tiynatida halimlik, kamtarlik, tavoze’, rostgo‘ylik kabi go‘zal insoniy xislatlar yuz ko‘rsatgan, ko‘ngli buloq suvlariday sof, pokiza bo‘lgan, atrofdagilarga munosabatida samimiyat va do‘stona kayfiyat sezilib turgan qalam ahliga nisbatan ishlatilgan: «Mavlono Hoji Muhammad tab’i sofiy (sof, tiniq) va tafakkuri barcha diqqatlarg‘a (nozikliklarga) vofiy (yetarli, tugal)» ijodkorlardan biri edi.
Siyrati sof, fitrati toza, ijodiy imkoniyati keng, o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan shoirlari Navoiy tazkirasida «ahli tab’» yoki «tab’ ahli» deya ta’riflangan. Shuningdek, she’rni, uning murakkabliklarini nozik fahmlaydigan, badiiyat ilmida mohir, idrok tamali mustahkam «she’rshunos»lar ham «tab’ ahli»dirlar. Jumladan, Mavlono Xayriy o‘ziga ham, atrofdagilarga ham e’tiborsiz, beparvo, telbasifat kishi bo‘lsa-da, «shoirlikda xeyli quvvat»ga ega bo‘lgan. Yaxshi qasidalar, g‘azallar bitgan («Qasoyidi bor, g‘azaliyoti ham yamon emas»). Ammo «tab’ ahli qoshida mat’un», ya’ni ta’na-malomat, yozg‘irishlarga ko‘p duchor ko‘rilar edi. Chunki she’rida aytmoqchi bo‘lgan fikrini, uning ma’nosini so‘rashsa, o‘zi ham tushuntirib bera olmasdi: «…abyotining ma’nisin so‘rsalar bilmas, bilsa ham ayta olmas».
«Tab’ ahli»ning idroki anchayin baland, tafakkur maqomi yuksak, umumiy qarashlar, oddiy tasavvur va taassurotlar bilan bu toifaga tenglashish u yoqda tursin, hatto yaqin kelib ham, ular bilan bahsga kirishib ham bo‘lmaydi. She’r faqat badiiyat qonuniyatlari asosida qat’iy shaklga solingan fikr ifodasi emas, mazmunning shakliy belgilar bilan o‘zaro uyg‘unligidan yaralgan mukammal ijod namunasi ekanini «ahli tab’» chuqur idrok etadi. Shu sababli, ular «qoshida» nima «mavzun» (zebo, nozik, chiroyli, benuqson) va nima «nomavzun» (kelishmagan, yarashmagan) hamisha ma’lumdir. Jumladan, Navoiy yozadi: «…Va forsiy mazkur bo‘lg‘on shuaro muqobalasida kishi paydo bo‘lmadi, bir mavlono Lutfiydin o‘zgakim, bir necha matla’lari borkim, tab’ ahli qoshida o‘qusa bo‘lur…”.
Ulug‘ mutafakkir turkigo‘y shoirlar orasida forsiy adabiyotdagi Xoqoniy, Avhauddin Anvariy, Kamol Ismoil, Zahir Foryobiy, Salmon Sovajiydek qasidanavislar; Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy va Xusrav Dehlaviydek masnaviy ustalari; Sa’diy Sheroziy va Hofiz Sheroziy kabi g‘azalnavis shoirlar etishib chiqmaganiga e’tiborini qaratib, turkigo‘y shoirlardan faqat Lutfiygina ular bilan she’riy musobaqaga kirishish salohiyatiga ega bo‘lganini ta’kidlagan. Ya’ni Lutfiyning «bir necha matla’lari»ni «ahli tab’» mezoni talablari bilan yuksak baholash mumkin. Bu o‘rinda hazrat Navoiyning she’rshunos sifatidagi talabchanligi, qolaversa, ulug‘ salafiga ehtiromi ham yaqqol ifoda topgan.
Tazkirada “tab’ ahli” umuman shoirlar, ijodkorlar mazmunida ham keng qo‘llanadi («Sayyid Orif – ham Mashhad ahli tab’dindur», «Mavlono Muhammad Badaxshiy – … holo tab’ ahli orasida andin somonliqroq (iqtidorli, qobiliyatli) kishi yo‘qtur»). Ularning fasohat martabasi, mushohada holidagi so‘z san’ati sohiblari bo‘lganiga diqqat qaratilib, «ahli tab’»ga nisbatan Navoiyning ijobiy munosabati, hurmat-ehtiromi yaqqol sezilib turadi. Masalan: «Mavlono Ruhiy Yoziriy – Xuroson afozilining doxilidur. Tab’i xub va suluki marg‘ub kishi erdi. «Bulbul bila gul» va «Sham’ bila parvona» orasida munozara bitibdur. Anda ko‘p diqqat ko‘rguzubtur. Saraxs viloyatidin nari Darun va Yozirg‘acha ko‘prak tab’ ahli aning zamonida anga shogird erdilar».
“Tab’ahli” talqinlari Navoiy lirikasida ham uchraydi. G‘azallaridan birida ulug‘ shoir har tomonlama maqbul, shakl va mazmun mutanosibligiga ega, vazn-u qofiyasi marg‘ub bo‘lgan chinakam ijod mahsuligina «tab’ ahli»ning e’tibor-u e’timodiga sazovor bo‘lishini aytib, ma’shuqaning go‘zal, kelishgan qomati tavsifi orqali (tamsil san’ati) fikrini dalillaydi:
Sarvni netsun Navoiy bor ekanda qomating,
Bo‘lsa mavzun, boqmag‘ay tab’ ahli nomavzun sari.
Ijodiy qudrati yuksak, yetuk shoir Navoiy barcha zamonlarda «tab’ ahli»ga yo‘lboshchi va rahnamodirki, undan ta’sirlanmagan, unga ergashmagan, undan nimadir olmagan biror shoirni topish g‘oyatda mushkul bir ishdir. Faxriya mazmunidagi mana bu bayt ham ana shu haqiqatni to‘la tasdiqlaydi:
Ey Navoiy, qilg‘ali tab’ ahli jinsi she’r nazm,
Nazming o‘ldi barchasig‘a qofiya, balkim radif.
Umuman, Navoiy asarlarida qo‘llangan «tab’» sifatlashi ulug‘ mutafakkir shoirning o‘z davri ijodkorlariga baho berishda g‘oyatda talabchan, qat’iyatli va samimiy bo‘lganini bildiradi. Xolislik va ochiqfe’llik «ahli tab‘» tavsifida yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. XV asrning II yarmida qalam ahlining ma’naviy qiyofasi, orzu-umidlari, ijodiy yo‘li, maslak va maqsadi qanday edi degan savolga bevosita Navoiy tazkirasi va g‘azaliyotida qo‘llangan «tab‘» orqali ayrim ishoralarni bilib olish mumkin. Bu ulug‘ shoir dunyoqarashining yorqin jihatlarini namoyon qilibgina qolmay, shaxsiyatining nozik qirralari haqida bahs yuritganda har bir so‘z va uning ohang-u tovlanishlariga ham diqqat qaratish kerakligini o‘rgatadi.
Maqsud ASADOV,
O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti
Ilm-fan bo‘yicha direktor o‘rinbosari,
filologiya fanlari doktori, professor