Geologiya. Ushbu koʻp tarmoqli soha yer osti qazilma boyliklari zaxirasini aniqlash orqali mamlakat iqtisodiyotini mustahkamlashda muhim oʻrin tutadi. Geologlar bu jismonan bardoshli, kuchli va shijoatli kasb egalaridir. Ular yaxshi tahlilchi, kuzatuvchan va ziyrak insonlar boʻlishadi. Bugungi yurt taraqqiyoti va aholi farovonligida ularning ham mehnatlari katta.
2018-yilda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonuni mazkur soha vakillari uchun aprel oyining birinchi yakshanbasini bayram sanasi sifatida belgilab berdi.
Bundan maqsad yangi foydali qazilma konlari ochilishini ragʻbatlantirish, respublika mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish ishiga munosib hissa qoʻshgan geologlarning mehnatini qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Soʻnggi yillarda Respublikamizda geologiya sohasida tub burilishlar, yangilanishlar davri boʻldi. Sohani modernizatsiya qilish va raqamlashtirish, geologik qidiruv koʻlami va samaradorligini oshirish, yangi geologiya tizimini yaratish va uni rivojlantirish, tabiiy resurslarni xalqimiz manfaatiga yoʻnaltirish, birinchi navbatda geologik ilm-fanni tiklash va zamonaviy kadrlar tayyorlashga zamin yaratishni maqsad qilgan bir qator Qarorlar qabul qilindi, zamonaviy burgʻilash va laboratoriya uskunalari olib kelindi.
Olib borilgan ilmiy-tadqiqot va geologiya-qidiruv ishlari natijasida birgina “Navoiyuran” davlat korxonasi geologlari tomonidan Jizzax viloyati Arnasoy tumanida 1 ta uran koni aniqlandi. Shuningdek, xalqaro JORC kodeksiga muvofiq 17 ta konning mineral resurslari va ruda zaxiralarini baholash boʻyicha hisobotlari shakllantirildi.
Muhtaram Prezidentimiz tomonidan geologiya sohasini rivojlantirish uchun koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Aytish mumkinki, shu qatorda 2022-yilda “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazining “Navoiyuran” davlat korxonasi tasarrufiga oʻtkazilishi ham muhim qadamlardan biri boʻldi. Bu uran geologiyasi sohasini yanada kengaytirib, tarmoq rivojiga katta hissa qoʻshmoqda. Buning natijasida yangidan yangi konlar va istiqbolli maydonlar ochilmoqda. Ularning soni yildan yilga koʻpayib, zaxiralari qayta shakllantirilayapti. Dunyodagi eng tajribali ekspertlar va xalqaro baholash kompaniyalari jalb etilib, konlarning kelgusidagi ahamiyati va zaxiralari baholanmoqda, - deydi “Navoiyuran” DK “Uran va noyob metallar geologiyasi” ilmiy-ishlab chiqarish markazi boʻlim boshligʻi Begzod Eliboyev. - Bunday eʼtibordan albatta minnatdormiz. Men ham shu kasbda ishlayotganimdan, shunday fidoyi kasb egalari safida ekanligimdan faxrlanaman.
Sana munosabati bilan Konimex tumani Zafarobod qoʻrgʻonidagi “Yoshlik” madaniyat va sport majmuasida boʻlib oʻtgan bayram tadbirida korxona geologlari erishayotgan yutuqlar va ularning samarasi xususida atroflicha soʻz yuritildi.
Tadbirda korxona va uning tizimida mehnat qilayotgan geologiya sohasi fidoyilari, faxriylar, muhandis-texnik va ishchi-xodimlar ishtirok etishdi.
Shuningdek, tadbirda korxonadagi koʻp yillik fidokorona mehnati, Oʻzbekiston Respublikasining jahon standartlariga javob beradigan mahsulotlar ishlab chiqarilishiga qoʻshgan munosib hissasi hamda “Oʻzbekiston Respublikasi geologiya sohasi xodimlari kuni” munosabati bilan bir guruh ishchi-xodimlar Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligining va korxona rahbariyatining Faxriy yorliqlari, Tashakkurnomalari bilan taqdirlandilar.
Bayram shodiyonalari badiiy jamoalar hamda xonandalarning kuy-qoʻshiq va raqslariga ulanib ketdi.
“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati