Mamlakatimiz aholisining yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doim davlatimiz va jamiyatimiz e'tibori markazida bo'lib kelmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning shu yil avvalida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Jenevadagi yuksak minbarida turib, O'zbekistonda 2021 yilning “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilinganini alohida ta'kidlagani ham fikrimizni yaqqol tasdiqlaydi.
Davlatimiz rahbari BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi nutqida ayni yo'nalishda qator tashabbuslarni ilgari surdi:
birinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida YOshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasini o'tkazish;
ikkinchidan, BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o'ninchi forumida YOshlar huquqlari to'g'risidagi konventsiya loyihasini taqdim etish;
uchinchidan, YOshlar huquqlari bo'yicha maxsus ma'ruzachi institutini ta'sis etish takliflari bildirildi.
Bugungi kunda xalqimiz va xalqaro hamjamiyat tomonidan qo'llab-quvvatlangan ana shu tashabbuslarning barchasi izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yil 12-13 avgust kunlari Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzusida o'tkazilgan YOshlar huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasi buning yorqin dalolatidir.
SHuni alohida ta'kidlash joizki, ushbu xalqaro anjumanni o'tkazish vazifasi, avvalo, Harakatlar strategiyasini “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga doir davlat dasturida belgilab berilgandi. Bu vazifa, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasidagi tashabbusi va takliflarini amalga oshirish bo'yicha Harakatlar rejasida ham ko'zda tutilgan.
Xalqaro anjuman arafasidayoq tashkilotchilar tomonidan Butunjahon konferentsiyasining rasmiy veb-sayti (http://www.youthforum.uz/) ishga tushirildi. Saytda yoshlar huquqlari, inson huquqlariga oid o'ndan ortiq videorolik, rasmiy hujjatlar va adabiyotlar, shuningdek, konferentsiya yakuniy hujjatining loyihasi joylashtirildi.
Konferentsiyaning ikki kunlik ishi davomida 67 nafar ma'ruzachi so'zga chiqdi. SHundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy ma'ruzachilar 18 nafar bo'lib, 10 nafari yoshlardir.
Xalqaro anjumanning 3 ta yalpi hamda 3 ta parallel sessiyalarida 30 dan ortiq ishtirokchi munozaralarda ishtirok etdi. Ushbu qizg'in munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya etishga xizmat qiladi.
Konferentsiya tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Xalqaro anjuman ishi haqida internet va ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram, Instagram, Facebook, Linkedin, Twitter, Vkontakte va boshqa tarmoqlarda ham matnli, foto va videoaxborot tarzida izchil e'lon qilib borildi. Xalqaro anjumanning ish jarayonlari internetning YUtub (youtube) kanali orqali bevosita jonli efirga uzatildi.
Butunjahon konferentsiyasining asosiy maqsadi
Bundan bir yil oldin xuddi shu kunlari yoshlar huquqlarini targ'ib qilishning dolzarb masalalariga bag'ishlangan Inson huquqlari bo'yicha Samarqand veb-forumi o'tkazilgandi. Nafaqat mamlakatimiz va mintaqamiz, balki butun sayyoramiz yoshlarining hayotini yaxshilash uchun global hamkorlik muhimligini alohida ta'kidlashga qaratilgan xalqaro anjumanda “YOshlar-2020: global birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” nomli Samarqand rezolyutsiyasi qabul qilingandi.
Rezolyutsiyada, jumladan, yoshlar huquqlari har kim foydalanishi zarur bo'lgan, ammo ayrimlar yoshining kichikligi tufayli bunday imkoniyatdan mahrum etilgan huquqlar ekani qayd etilgan. Ushbu hujjat hozirgi davrda davlatlarning rivojlanishi bilan bog'liq barcha jarayonlarga yoshlarni yanada keng jalb etish zarurligining har tomonlama tasdig'idir.
SHu ma'noda, yaqinda bo'lib o'tgan YOshlar huquqlari bo'yicha Butunjahon konferentsiyasi, shubhasiz, Inson huquqlari bo'yicha Samarqand forumining mantiqiy davomi hisoblanadi. CHunki Toshkent xalqaro anjumanini o'tkazishda yoshlar va ularning huquqlarini himoya qilish masalasida yangi g'oyalar, ustuvor sohalar, amaliy echimlar va yangiliklarni muhokama qilish uchun platforma yaratish va umumiy muammolarni birgalikda hal qilish asosiy maqsad sifatida belgilab olindi.
Bugun dunyoda yoshlar aholining misli ko'rilmagan darajada ko'pchilik qismini, ya'ni 2 milliard nafarni tashkil qilmoqda. Bu aksariyat mamlakatlarda, jumladan, O'zbekistonda ham aholining o'sib boradigan katta qismi yoshlardan iborat, deganidir. BMT doirasida va undan tashqaridagi muloqot maydonlarida yoshlar masalasi tez-tez muhokama markaziga qo'yilmoqda. Ammo global rivojlanish davrida oldinga qarab qadam qo'yish zarurati mavjud.
Joriy yil iyun` oyida O'zbekistonga rasmiy tashrif buyurgan taniqli siyosatchi, Parlamentlararo Ittifoqning Bosh kotibi Martin CHungong suhbat chog'ida bir fikrni afsus bilan ta'kidladi. Sayyoramiz aholisining yarmidan ko'pini 30 yoshgacha bo'lgan insonlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo'yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham etmas ekan. Oliy martabali mehmon O'zbekistonda bu ko'rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu — katta e'tirof, albatta.
Parlamentlararo Ittifoqning “Biz parlamentda yoshlarni qo'llabquvvatlaymiz!” degan ezgu tashabbusi doirasida ilk bor YOshlar parlamentlari a'zolari bilan xalqaro davra suhbati o'tkazildi. Ushbu tashabbus asosida siyosiy etuk va faol yigit-qizlarni milliy parlament va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada keng jalb etamiz.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Xalqaro yoshlar kuni munosabati bilan yo'llagan tabrigida shunday deb ta'kidladi: “Men yoshlar vakillariga muzokaralar davrasida ishtirok etishlari uchun yonimizdan joy ajratishni har biringizdan qat'iy so'rayman. Toki ular hamma uchun keng qamrovli, adolatli va barqaror rivojlanishga tayanadigan hayot barpo etish yo'lidagi sa'y-harakatlarimizda imkon qadar bizga elkadosh bo'lsinlar”.
O'z navbatida, YUNESKO Bosh direktori Odre Azule Xalqaro yoshlar kuniga bag'ishlangan murojaatida hozirgi kunda yuzaga kelgan murakkab vaziyatda, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq sharoitga qaramasdan, butun insoniyatning kelajagi hisoblanuvchi yoshlarni qo'llabquvvatlashga chaqirdi. “Bunda navqiron avlodning favqulodda aql-tafakkuri, kreativligini ishga sola bilishimiz kerak, — dedi O.Azule. — Zero, aksariyat hollarda aynan yoshlar o'zlarini qiynayotgan muammolarni hal etishning qulay yo'llarini birinchilardan bo'lib bizga taklif etishlari bejiz emas”.
CHindan ham, Barqaror rivojlanish maqsadlariga qanchalik erishishimiz bugungi va ertangi yoshlarga bevosita bog'liq. SHu bois, Butunjahon konferentsiyasi doirasidagi muhokamalarning echimi, sodda qilib aytganda, “YOshlarning huquqlarini rag'batlantirish va himoya qilishga qanday qilib ko'maklashish mumkin?” degan savolga aniq javob topishga va shu mavzu bilan bog'liq muammolarga amaliy echimlar taklif etishga qaratildi.
Butunjahon konferentsiyasining o'ziga xos xususiyatlari
Birinchidan, YOshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi BMT tomonidan e'lon qilingan tarixiy sana, ya'ni 12 avgust — Xalqaro yoshlar kunida ish boshladi.
Ikkinchidan, Toshkent xalqaro anjumanining tashkil etilishi 2021 yil O'zbekistonda “YOshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e'lon qilingani munosabati bilan mamlakatimizda birinchi marta o'tkazilgan YOshlar forumi va festivallari millionlab o'g'il-qizlarimiz hayotida yorqin iz qoldirgan jo'shqin davrga to'g'ri keldi.
Uchinchidan, Butunjahon konferentsiyasi ishida BMT va ushbu nufuzli tashkilotning butun dunyodagi tuzilmalari hamda boshqa xalqaro tashkilotlardan oliy darajadagi vakillar ishtirok etdi.
To'rtinchidan, xalqaro anjuman sayyoramizdagi yoshlarning hayotini yaxshilash uchun global hamkorlikning muhimligini alohida ta'kidlashga xizmat qildi. Ana shu to'rt xususiyatning har birida o'ziga xos ramziy ma'no bor. Qolaversa, Butunjahon konferentsiyasi ham shaklan, ham mazmunan betakror ahamiyat kasb etdi.
SHaklan yondashganda, pandemiya tufayli yoshlarga mos axborot texnologiyalarini qo'llagan holda, konferentsiya gibrid tarzda — onlayn va oflayn formatlarda o'tkazildi. Mazmun jihatidan esa, u aynan yoshlar huquq va erkinliklariga bag'ishlangani bilan alohida ajralib turdi. Butunjahon konferentsiyasida qatnashgan xorijiy ishtirokchilarning umumiy soni — 40 dan ortiq davlatdan 150 dan ziyod vakil, milliy ishtirokchilar esa, 350 dan ortiq kishidan iborat bo'ldi. Ishtirokchilar orasida:
13 ta xalqaro va 7 ta mintaqaviy tashkilot;
11 ta xalqaro nodavlat notijorat tashkilot;
15 ta xorijiy davlatning inson huquqlari bo'yicha milliy institutlari;
7 mamlakatdan yoshlar bilan ishlash bo'yicha parlamentlar va davlat idoralari;
5 mamlakatdan ta'lim va ilmiy-tadqiqot institutlari; 15 mamlakatdan yoshlar tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari;
O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan 20 dan ortiq diplomatik missiya vakillari bor.
eng asosiysi, ishtirokchilarning 70 foizdan ziyodi yoshlardir, shularning 40 foizi yosh qizlardir.