Bu qadimiy anʼana asrlar davomida turli xalqlar orasida shakllanib, Buyuk Ipak yoʻli orqali tarqaldi. Hatto Xitoy yilnomalarida ham Markaziy Osiyo xalqlarining “Bahor bayrami” haqidagi yozuvlar uchraydi. Navroʻz hech qachon bir xalqniki boʻlib qolmadi – u insoniyat sivilizatsiyasining muhim merosiga aylandi. Xoʻsh, bugungi kunda olimlar bu bayram haqida qanday fikr bildirishmoqda?
Navroʻz tarixi afsona va haqiqat orasida yotadi. Baʼzi manbalarga koʻra, bu bayram Zardushtiylik davridan boshlangan boʻlib, bahorgi tengkunlikni nishonlash anʼanasiga asoslangan. Zardushtiylarning muqaddas kitobi “Avesto”da yangi yil va hayotning qayta boshlanishi bilan bogʻliq koʻplab marosimlar tilga olinadi. Ayrim tarixchilar esa Navroʻzning kelib chiqishini undan ham qadimgiroq davrlarga, dehqonchilikning ilk paydo boʻlishiga bogʻlashadi.
Tarixiy hujjatlarga qaraganda, Ahamoniylar imperiyasi davrida Navroʻz davlat darajasida tantana qilingan. Persepol saroyidagi yodgorliklarda bu bayramni nishonlash manzaralari tasvirlangan boʻlib, ularda podshohga turli xalqlarning elchilari sovgʻalar keltirgani aks ettirilgan.
Turli davr va hududlarning olimlari Navroʻzning madaniy va tarixiy ahamiyatini alohida taʼkidlab kelganlar. Masalan, mashhur fransuz sharqshunosi Jan Pol Ruy Navroʻz haqida shunday degan:
“Bu bayramning butun bir mintaqa xalqlari tomonidan shunchalar katta mehr bilan nishonlanishi, uning tarixi va falsafiy mohiyatining nechogʻlik qadimiy ekanidan dalolatdir.“
Britaniyalik tarixchi R. N. Fre esa Navroʻzni forsiy madaniyatning asosiy bayramlaridan biri deb atab, uning butun Markaziy Osiyo xalqlari hayotida muhim oʻrin egallaganini taʼkidlaydi.
Tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Mahmudxon Yunusov Navroʻzning qadimiy ildizlari haqida shunday yozadi: “Navroʻz bayramining ildizi ibtidoiy tuzum odamlarining dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin oʻtkazgan koʻklamgi urf-odat, anʼanalariga borib taqaladi.“
Shuningdek, adabiyotshunos olim Naim Karimov Navroʻzning xalq hayotidagi oʻrni haqida shunday deydi: “Navroʻz bayrami tiklangach, bildikki, u bilan bogʻliq qancha udumlarimiz bor ekan. Qancha qoʻshiqlar, qancha taomlar bor ekan. Hatto birgalikda joʻr boʻlib aytiladigan qoʻshiqlarimiz bor ekan.“
Buyuk mutafakkirlar ham Navroʻz haqida oʻz fikrlarini bildirganlar. Masalan, Alisher Navoiy Navroʻzni yangilanish va goʻzallik ramzi sifatida ulugʻlab, shunday yozadi: “Har tuning qadr oʻlubon, har kuning oʻlsin Navroʻz.“
Tarixiy manbalarga koʻra, Navroʻz bayrami 3 ming yildan ortiq tarixga ega. Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“, Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk“, Firdavsiyning “Shohnoma“, Umar Xayyomning “Navroʻznoma“ kabi asarlarida bu bayram haqida batafsil maʼlumotlar keltirilgan. Bu manbalarda Navroʻzning paydo boʻlishi quyoshning Hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi kabi tabiat hodisalari bilan bogʻliqligi taʼkidlanadi.
Navroʻz bayrami qadimdan turli xalqlar tomonidan keng nishonlangan. Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk“ asarida Navroʻzga bagʻishlangan xalq qoʻshiqlari keltirilgan boʻlsa, Abu Rayhon Beruniy oʻz asarlarida bu bayramning turli xalqlar hayotidagi oʻrni haqida soʻz yuritadi. Umar Xayyomning “Navroʻznoma“ asarida esa Navroʻzning paydo boʻlishi va uning ahamiyati haqida qimmatli maʼlumotlar mavjud.
Bugungi kunda Navroʻz dunyoning koʻplab mamlakatlarida rasmiy va milliy bayram sifatida keng nishonlanadi. 2010-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) tomonidan 21-mart “Xalqaro Navroʻz kuni” deb eʼlon qilindi va u insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida tan olindi.
Navroʻz nishonlanadigan asosiy davlatlar:
1. Oʻzbekiston – Navroʻz milliy bayram sifatida keng nishonlanadi. Ushbu kunda xalq sayillari, konsert dasturlari, milliy oʻyinlar tashkil etiladi, sumalak pishiriladi.
2. Tojikiston – davlat bayrami boʻlib, har yili katta tantanalar bilan oʻtkaziladi.
3. Qozogʻiston – uch kun davomida bayram qilinadi, ommaviy sayllar, anʼanaviy oʻyinlar oʻtkaziladi.
4. Qirgʻiziston – xalq bayrami sifatida katta miqyosda nishonlanib, ot poygalari va milliy sport turlari tashkil etiladi.
5. Turkmaniston – davlat bayrami boʻlib, xalq oʻyinlari va konsertlar bilan oʻtadi.
6. Eron – Navroʻz eng muhim milliy bayramlardan biri boʻlib, u yerda 13 kun davom etadi. Oilalar bir-birini tabriklab, maxsus dasturxon bezatadilar.
7. Afgʻoniston – Navroʻz davlat bayrami boʻlib, “Dehqonlar kuni” deb ham yuritiladi. Ayniqsa, Mazar-i Sharif shahridagi tantanalar juda mashhur.
8. Ozarbayjon – rasmiy bayram boʻlib, bir necha kun dam olish eʼlon qilinadi, xalq anʼanalari va milliy taomlar tayyorlanadi.
9. Turkiya – asosan kurd aholisi va turkiy xalqlar tomonidan nishonlanadi.
10. Iroq, Suriya – ayniqsa kurd aholisi Navroʻzni katta bayram sifatida nishonlaydi.
11. Hindiston va Pokiston – asosan forsiy va islomiy boʻlgan hududlarda Navroʻz alohida tantanalar bilan oʻtkaziladi.
12. Xitoy (Shinjonda yashovchi uygʻurlar, qozoqlar va qirgʻizlar orasida) – Navroʻz oʻz anʼanalari bilan yashab kelmoqda.
Bundan tashqari, Rossiya, Gruziya, Albaniya, Bolgariya, Makedoniya, Bosniya va Gertsegovina, Tatariston, Boshqirdiston, Kavkaz xalqlari orasida ham “Navroʻz” bayrami keng nishonlanadi.
Navroʻz koʻp yillar davomida xalqlarni birlashtiruvchi, tinchlik va totuvlik ramzi boʻlib kelmoqda. Bu bayramning asosiy falsafasi – inson va tabiat oʻrtasidagi uygʻunlik, yangilanish va birlik gʻoyasiga asoslangan. Shu sababli u nafaqat turkiy va forsiy xalqlar, balki butun dunyo tomonidan qadrlanadi.
Bugungi kunda Navroʻz faqat milliy bayram emas, balki xalqaro ahamiyatga ega madaniy meros sifatida dunyoning turli burchaklarida nishonlanmoqda. YUNESKO tomonidan “Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi” roʻyxatiga kiritilgani uning butun insoniyat uchun muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi.
Hozirda dunyoning turli mamlakatlarida Navroʻz munosabati bilan madaniy tadbirlar, festival va ilmiy konferensiyalar tashkil etiladi. Bu esa bayramning asrlar davomida yoʻqolib ketmasligini va yanada koʻproq xalqlar tomonidan qabul qilinishini taʼminlaydi.
Xulosa qilib aytganda, Navroʻz – bu shunchaki bir kunlik bayram emas, balki oʻzaro hurmat, tinchlik va uygʻunlik timsoli, qadimiy merosimizning yorqin namunasidir.
Husan Tursunov