Necha sotixgacha boʻlgan yerlarga mulk va ijara huquqi rasmiylashtirib beriladi?

    AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Davlat kadastrlari palatasi axborot xizmati rahbari Munojat Yoʻldosheva kadastr sohasi boʻyicha aholidan kelib tushgan savollarga javo berdi:

    Savol: Aynan qaysi muddatgacha qurilgan uylarga mulk huquqini eʼtirof etilishi qonunda koʻrsatilgan?


    Javob: Qonunga koʻra quyidagi 8 ta holatlar koʻrib chiqilishi belgilangan.

    - Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari va Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yashab turgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslar tomonidan 2018-yil 1-mayga qadar yakka tartibda uy-joy qurish orqali oʻzboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;

    - 2) fuqarolar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va rezident boʻlgan yuridik shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq ajratilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda koʻrsatilgan yer uchastkasi maydonidan 2018-yil 1-mayga qadar ortiqcha egallagan yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga;

    - 3) oʻzboshimchalik bilan qurilgan yakka tartibdagi uy-joylarga boʻlgan mulk huquqini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga asosan tashkil etilgan Koʻchmas mulkka nisbatan huquqni eʼtirof etish ishlarini tashkil etish boʻyicha tuman (shahar) komissiyalari tomonidan eʼtirof etish mumkin deb topilganligi hollariga yoki uni eʼtirof etish rad etilganligi yoxud arizalarning koʻrib chiqilishi bir martalik umumdavlat aksiyasining muddati oʻtganligi sababli yakuniga yetmaganligi hollariga;

    - 4) 2021-yil 8-iyunga qadar tuman (shahar) hokimining qaroriga koʻra qonunchilik hujjatlariga muvofiq fuqarolarga, yakka tartibdagi tadbirkorlarga yoki rezident boʻlgan yuridik shaxslarga ajratilgan, tasdiqlash masalasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi KenGESi yoki tegishli xalq deputatlari Kengashi tomonidan koʻrib chiqilmagan yer uchastkasiga;

    - 5) fuqarolarning bogʻdorchilik va uzumchilik shirkatlari hududidagi turar joylariga hamda ular egallagan yer uchastkasiga;

    - 6) 2020-yil 9-martga qadar kichik sanoat zonalari hududiga joylashtirilgan tadbirkorlik subyektlarining yashash uchun moʻljallanmagan binolari va inshootlari yoki ularning qismlari joylashgan yer uchastkasiga;

    - 7) xususiylashtirilgan binolar va inshootlar egallagan yer uchastkasiga;

    - 8) fuqarolarning, yakka tartibdagi tadbirkorlarning va rezident boʻlgan yuridik shaxslarning qonunchilikka muvofiq mulkka yegalik qilish huquqi eʼtirof etilgan binolari va inshootlari egallagan yer uchastkasiga nisbatan huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibini belgilaydi.


    Savol: Qonundagi Tartib boʻyicha hamma bosqichlardan ijobiy oʻtganda, bundan qanday xabar topamiz? - degan savol juda koʻp bora uchramoqda, demak:


    Javob: Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan elektron yigʻmajild, maʼlumotlar va hujjatlar ushbu Qonun talablariga muvofiqligi jihatidan ikki oy ichida oʻrganiladi, shuningdek ushbu Qonunda belgilangan asoslarga muvofiq yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asosliligi toʻgʻrisida xulosa tayyorlanadi va avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.

    Er uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan 2 oy muddatda oʻrganilib, maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, komissiya tomonidan tegishli shaxslarning telefon raqamiga ushbu Qonunda belgilangan bir martalik toʻlovni yigirma ish kuni ichida toʻlash toʻgʻrisidagi SMS xabarnoma avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali yuboriladi.


    Savol: Siz kadastrga borib uchrashishingiz kerak emas deyilmoqda, masalan bizni mahallada ishchi guruh ishlayotganini qanday bilaman? Umuman mahallalarda bu ish qanday yoʻlga qoʻyiladi?


    Javob: Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarining qarorlari bilan hududiy fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish birliklari boʻyicha yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etishga koʻmaklashish boʻyicha jamoatchilik guruhlari tashkil etiladi.

    Jamoatchilik guruhi tarkibiga tegishli saylov okrugidan saylangan xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputati, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi raisi hamda har yuzta oiladan kamida bir nafardan fuqaro kiritiladi.

    Jamoatchilik guruhlari:

    - yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻida aniqlangan qonun buzilishlari hollari yuzasidan vakolatli davlat organlari xabardor qilinishini taʼminlaydi;

    - yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish asoslari va tartibi yuzasidan aholi oʻrtasida tushuntirish ishlarini olib boradi;

    - avtomatlashtirilgan axborot tizimida shakllantirilgan maʼlumotlarni kuzatib boradi, zarur boʻlgan taqdirda, ushbu maʼlumotlar bilan tanishishda fuqarolarga koʻmaklashadi;

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi KenGESi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qarorlari loyihalarining muhokamasida ishtirok etadi.

    Savol: Er uchastkalaridagi binolar 2018-yilgacha qurilganligi qanday aniqlanadi?

    Javob: Kadastr Agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan xatlov oʻtkazilib, axborot tizimiga yuklangan obyektlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan — yer uchastkasi egallab olingan hamda binolar va inshootlar qurilgan davrning ushbu Qonunda nazarda tutilgan muddatlarga muvofiqligi yoki muvofiq emasligi toʻgʻrisidagi berilgan xulosaga asosan aniqlanadi.


    Savol: Qonunga koʻra, necha sotixgacha boʻlgan yerlarga mulk va ijara huquqi rasmiylashtirib beriladi?


    Javob: Yakka tartibdagi uy-joy qurilgan yer uchastkasiga boʻlgan ijara huquqi quyidagi oʻlchamlarda eʼtirof etiladi:

    - agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyulga qadar egallangan boʻlsa, — barcha hududlarda 24 sotixdan koʻp boʻlmagan oʻlchamda;

    - agar yer uchastkasi 1998-yil 1-iyuldan 2018-yil 1-mayga qadar egallangan boʻlsa, — Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida 6 sotixdan, qolgan hududlarda 12 sotixdan koʻp boʻlmagan oʻlchamda ijara huquqi eʼtirof etiladi.

    Shuni ham alohida eʼtiborga olishingizni soʻrardikki, Qonun 2024-yilning 8-noyabridan kuchga kiradi.

    Yana bir masala, Hurmatli yurtdoshlar - Sizga jarayonlarni tezlashtirish, yerlarni qoʻshib olish va boshqa qonunchilikdan tashqari boʻlgan yoʻnalishlarni taklif qiluvchi firibgarlarga aldanib qolmang. Qonunga koʻra, Yer uchastkasiga hamda unda qurilgan binolar va inshootlarga boʻlgan huquqlarni eʼtirof etish chogʻida davlat nazorati, shu jumladan ushbu Qonunda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish jarayonida yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish hollarini barvaqt aniqlashga hamda ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar prokuratura va

    ichki ishlar organlari,

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining,

    Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining,

    Kadastr agentligining hududiy boʻlinmalari,

    shuningdek mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan amalga oshiriladi.

    Davlat nazoratini amalga oshirishda, takrorlayman Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlardan foydalaniladi.

    Shu bois sizlardan Firibgarlarga ishonib qolmasligingizni, taʼmagirlik holatlariga guvoh boʻlganingizda huquqni muxofaza qilish organlariga murojaat etishingizni soʻrardik.