➖ Izlanishlar shuni koʻrsatadiki, haddan tashqari tuzli ozuqalarni isteʼmol qilish qon tarkibini quyultirish hisobiga arterial qon bosimini, insult va yurak qon-tomir kasalliklarini yuzaga keltirish xavfini oshiradi.

JSST taʼkidlashicha, 62 % insultni va 49% yurak yetishmovchiligini keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri — bu koʻp miqdorda tuzni isteʼmol qilishdir. Koronavirus kasalligida ham tuzni koʻp isteʼmol qilish qon tarkibini quyulishiga hamda organizmda multitizimli yalligʻlanish, yurak qon-tomir tizimida keskin oʻzgarishlar kabi asoratlarni keltirib chiqarishi mumkin.

JSST tavsiyasiga asosan bir kunda tuz isteʼmol qilish meʼyori 5 gramm qilib belgilangan.

Izlanishlar natijalariga koʻra, tuzli ozuqalarni isteʼmol qilishni kamaytirish, yaʼni normada qabul qilish, arterial qon bosimi pasayishiga va uning natijasida insultdan 42 % gacha va yurak kasalliklaridan 40 % gacha oʻlim xavfini kamaytirishga olib kelgan.

Koʻpincha bemorlarda yurak-qon tomir kasalliklarining asoratlari oqibatida oʻlim holatlari kuzatiladi. Yaʼni, koronavirus yuqtirib olgan bemorlarda oʻtkir miokard infarkti, bosh miya insulti, yurak yetishmovchiligi holatlari yuzaga kelib, virus infeksiyasining ogʻir kechishiga sabab boʻladi.

Yuqoridagi dalillarga asoslanib, biz Sizga har qanday sharoitda sogʻlom turmush tarzini olib borishni, shifokor tavsiyasiga eʼtiborli boʻlishingizni hamda toʻgʻri ovqatlanishni tavsiya etamiz. Bularning barchasi koronavirusning asoratini oldini olishga qaratilgan tadbirlardir.