Muammoning boshlanishi farzandlarining Rossiya davlatida dunyoga kelganidan boshlandi. Rossiyada bolalarning tugʻilish holati qayd etilib, tegishli tartibda ularga guvohnomalar ham berilgan. Biroq, taqdir taqozosi bilan oʻz yurtiga qaytishni qaror qilgan Qurbon aka yillar oʻtib bolalarining kelajagida hujjat bilan bogʻliq muammolar kelib chiqishini hayoliga ham keltirmagan.

Oila Oʻzbekistonga qaytgandan soʻng, tushunmovchilik va hayotiy qiyinchiliklar sababmi, Qurbon akaning turmush oʻrtogʻi bolalarini qoldirib, oʻz yurtiga qaytib ketgan. Hayot davom etadi, Qurbon aka boshqa oila qurib, ikkinchi oilasidan farzand koʻrdi. Qaytgan vaqtlarida bolalar yosh boʻlishgani sabablimi yoki zarurat boʻlmaganligi tufaylimi, guvohnomalari bor yoʻqligiga ahamiyat berishmagan. Yillar oʻtib, katta farzandlarining boʻyi yetib, fuqarolik pasportini olish vaqti kelganda, guvohnomalarning asl nusxasi yoʻqligi, faqatgina nusxasi saqlanib qolganini bilgan oila, bolalarning guvohnomasini tiklash uchun harakat qila boshlashdi.

Aslida fuqaroning birinchi nikohi qonuniy rasmiylashtirilmay, 3 nafar katta farzand yolgʻiz ona sifatida roʻyxatga olinib, guvohnoma berilgan. Shu sababli takroriy ravishda guvohnomalarning aslini olishda bir qancha muammolar kelib chiqdi. 2013-yildan beri shu masalada yordam soʻrab mahalla raisiga, tuman FHDYO boʻlimi va adliya boʻlimiga, prokuratura boʻlimlariga murojaat qilishdi. Qurbon aka bormagan tashkiloti, yordam soʻramagan idorasi qolmadi hisob. Oxiri toqati toq boʻlib, 2019-yilda prezident virtual qabulxonasiga qoʻngʻiroq qilgan.

Ularning murojaatini DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasining masʼul xodimi oʻrganib, Rossiya Federatsiyasiga murojaatchining 3 nafar bolasining tugʻilganlik haqidagi guvohnomasining takroriy nusxasini yuborishni soʻrab, soʻrovnoma yuborgan. Biroq ushbu soʻrovnomaning javobi salkam bir yil deganda yetib kelgan. 2020-yilning boshlarida kelgan juda uzoq kutilgan javobda afsuski soʻrovnoma rad etilgani, Rossiya Federatsiyasi qonunchilik talablariga koʻra, takroriy guvohnomalar ota - onaning birining soʻroviga asosan yoki yashab turgan joyidagi vasiylik va homiylik organining soʻroviga asosan berilishini qayd etilgan edi.

DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi holat yuzasidan birinchi soʻrovnomaga rad javobini olgani sababli Kitob tuman vasiylik va homiylik kengashi bilan hamkorlikda qayta soʻrovnoma tayyorlaydi. Biroq 2020-yilda joriy qilingan karantin, qolaversa, qogʻoz koʻrinishidagi hujjatlarni yuborish toʻxtatilgani sababli bu soʻrovnoma ham manziligacha yetib bora olmadi. Minsk va Kishinev Konvensiyalari doirasida koʻrib chiqilayotgan juda koʻplab masalalarning 80 foizidan ortigʻi FHDYO organlariga tegishlidir.

Shu oʻrinda masalaning huquqiy tomoniga eʼtibor qaratsak. Qoʻshimcha xarajatlar, sud jarayonlarining va vakolatli organlarning soʻrovlarni koʻrib chiqishi uchun maʼlum vaqt talab qilinishi tufayli javoblarning kechiktirilishi kabi fuqarolarga kelib chiqayotgan noqulayliklarning oldini olish maqsadida 2020-yilning 17-noyabrida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–4895-son “1993-yil 22-yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoyat ishlari boʻyicha huquqiy yordam hamda huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya va 2002-yil 7-oktyabrdagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorga asosan Minsk va Kishinev Konvensiyalariga aʼzo davlatlarning vakolatli organlari bilan hamkorlikni amalga oshiruvchi Oʻzbekiston Respublikasining vakolatli organlari roʻyxatlari tasdiqlandi.

Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish haqida hujjatlarni yuborish boʻyicha soʻrovlarni joʻnatish va koʻrib chiqish hamda yuridik shaxslar va boshqa tadbirkorlik subyektlarining roʻyxatdan oʻtganligi bilan bogʻliq maʼlumotlarni talab qilib olish boʻyicha soʻrovlarni joʻnatish va koʻrib chiqishga Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi vakolatli organ etib belgilandi.

Endilikda agentlikning tegishli buyrugʻi bilan mazkur Konvensiyalar doirasida huquqiy yordam koʻrsatish uchun Agentlikning hududiy boshqarmalari masʼul etib belgilandi. Ushbu vakolatdan foydalangan holda DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi qayta shakllantirilgan soʻrovnomani 2020-yil dekabr oyida toʻgʻridan toʻgʻri Rossiya Federatsiyasi Omsk shahrining FHDYO boʻlimiga yuborib, javobini bir oyda olish imkoniga ega boʻldi.

2013-yildan beri farzandlariga takroriy guvohnoma olishda sarson boʻlgan va 2019-yilda Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilgan Qurbon akaning ishi va nihoyat hal boʻldi. Endi uning 3 nafar farzandining tugʻilganlik guvohnomalari bor! Farzandlarining tugʻilganlik haqidagi guvohnomalarini olar ekan Qurbon aka faqat bir narsadan afsus chekishini bildirdi. “Men bolalarimning hujjatiga beeʼtibor boʻldim. Endi katta farzandim oʻz orzusiga kechikib erishadigan boʻldi. Metrikasining asli yoʻqligi uchun unga pasport ham ololmadik, u oʻqishga topshira olmadi. Bunga albatta meni loqaydligim sabab boʻldi deyishim mumkin.”, - dedi Qurbon aka.

Mohidil Ravshanova,

DXA Qashqadaryo viloyat boshqarmasi

Axborot xizmati