Shu ma’noda, so‘nggi besh yil O‘zbekiston uchun oddiy davriy bosqich emas, balki mamlakatning xalqaro maydondagi qiyofasi, siyosiy ovozi va amaliy mavqei tubdan yangilangan davr bo‘ldi.

Yangi O‘zbekiston g‘oyasi bugun nafaqat ichki taraqqiyot dasturi, balki mintaqaviy va global siyosatda mas’uliyatli, ochiq, konstruktiv hamda tashabbuskor davlat modelining ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ushbu jarayonning huquqiy-siyosiy poydevorini, avvalo, 2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida qabul qilingan yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi tashkil etadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tasdiqlangan 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi hamda 2026-yil 16-fevraldagi PF–21-son Farmoni bilan yangi talablar asosida takomillashtirilgan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi mamlakat taraqqiyotining uzoq muddatli ustuvor maqsadlari, samaradorlik ko‘rsatkichlari va islohotlarning izchil davomiyligini belgilab bermoqda.

Avvalo, Yangi O‘zbekistonning xalqaro siyosatdagi yangi ovozi qo‘shnilar bilan munosabatlarda yaqqol ko‘rindi. O‘zbekiston Markaziy Osiyoni raqobat maydoni emas, hamkorlik, o‘zaro ishonch va umumiy taraqqiyot hududi sifatida ilgari surmoqda. Bu yondashuv mintaqaviy siyosatda yangi muhit yaratdi: chegara, savdo, transport, suv-energetika, sanoat kooperatsiyasi va gumanitar aloqalar bo‘yicha amaliy muloqotlar faollashdi. 2024-yilda Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi ichki mintaqaviy savdo hajmi qariyb 11 milliard AQSh dollariga yetgani, bu 2017-yilga nisbatan ikki baravar yuqori ekani ham mintaqaviy yaqinlashuvning iqtisodiy mazmun kasb etayotganini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonning tashqi siyosatdagi yangi uslubini mazmunan hamma bilan muloqot qilish, milliy manfaatlarga tayangan holda hech kimga qaram bo‘lmagan, o‘zaro manfaatli hamkorlik yuritish yondashuvi sifatida ifodalash mumkin.
Bu yondashuv mamlakatni yirik kuchlar o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘layotgan davlat emas, balki ular bilan teng, pragmatik va milliy manfaatga asoslangan hamkorlik yuritayotgan subyekt sifatida ko‘rsatmoqda.
Bugun O‘zbekiston BMT, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Yevropa Ittifoqi, Turkiy davlatlar tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa tuzilmalar bilan munosabatlarni faqat diplomatik bayonotlar darajasida emas, aniq loyihalar va natijalar asosida rivojlantirmoqda.

Ayniqsa, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasidagi faollik O‘zbekistonning global ovozini mustahkamladi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasida 13 ta rezolyutsiya qabul qilingani mamlakatning xalqaro kun tartibiga o‘z takliflarini olib chiqayotganini ko‘rsatadi. Bu rezolyutsiyalar barqaror rivojlanish, ta’lim, diniy bag‘rikenglik, mintaqaviy xavfsizlik, ekologiya va turizm kabi masalalarni qamrab oladi. Shuningdek, O‘zbekiston 2021–2023-yillarda ilk bor BMT Inson huquqlari kengashi a’zosi sifatida faoliyat yuritdi; mazkur a’zolik uchun 169 davlat ovoz bergani mamlakatga nisbatan xalqaro ishonch oshganini ifodalagan muhim siyosiy voqea bo‘ldi.

O‘zbekistonning xalqaro maqomi yirik xalqaro diplomatik tadbirlar va nufuzli anjumanlarga mezbonlik qilish orqali ham mustahkamlanmoqda.
2022-yilda Samarqandda Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining o‘tkazilishi O‘zbekistonning Yevroosiyo muloqotidagi o‘rnini ko‘rsatdi. Samarqand sammiti doirasida “Samarqand deklaratsiyasi” qabul qilindi, ko‘plab konseptual va amaliy hujjatlar imzolandi. Bu voqea Samarqandni yana bir bor xalqaro siyosiy muloqot markazi sifatida dunyo e’tiboriga olib chiqdi.

2025-yil 4-aprelda Samarqandda birinchi “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” sammitining o‘tkazilishi esa O‘zbekiston diplomatiyasi uchun alohida tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Yevropa Kengashi ma’lumotiga ko‘ra, bu Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo davlatlari yetakchilari o‘rtasidagi ilk sammit bo‘lib, unda savdo, transport, energetika, raqamli bog‘liqlik, suv resurslari va strategik xomashyo bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Aynan Samarqandning bunday formatga mezbonlik qilgani O‘zbekistonning mintaqaviy diplomatiyada markaziy maydonlardan biriga aylanganini anglatadi.

Yevropa yo‘nalishidagi hamkorlik faqat siyosiy muloqot bilan cheklanib qolmadi. 2021-yil 10-apreldan boshlab O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining GSP+ preferensiyalar tizimi benefitsiariga aylandi. Bu O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropa bozoriga qulayroq shartlarda kirishiga xizmat qildi. 2025-yil oktyabr oyida esa O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Mazkur bitim savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, huquqiy va institutsional hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadigan muhim hujjat sifatida baholanmoqda.

Yangi O‘zbekistonning global iqtisodiy tizimga integratsiyalashuvida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayoni ham muhim o‘rin tutadi. 2023–2025-yillarda ushbu yo‘nalishdagi muzokaralar sezilarli faollashdi. Jahon savdo tashkiloti rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston a’zolik jarayonini yakunlash bo‘yicha aniq yo‘l xaritasiga ega bo‘lib, muzokaralarni yakuniy bosqichga olib chiqish ustida ishlamoqda. 2025-yil oktabr oyida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston JSTga a’zolik doirasida tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokaralarni yakunlagani ham bu yo‘ldagi muhim amaliy natijalardan biridir.

Mamlakat tashqi siyosatining nufuzi, avvalo, ichki islohotlar natijasi bilan mustahkamlanadi. Chunki xalqaro maydonda ishonchli ovozga ega bo‘lish uchun davlatning o‘zi barqaror, ochiq va natijador bo‘lishi kerak. So‘nggi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish sur’atlari, investitsiya oqimlari va tashqi savdo ko‘rsatkichlari aynan shunday ishonchning amaliy ifodasiga aylandi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2017–2025-yillarda o‘rtacha yiliga
6 foiz o‘sdi; 2025-yilda esa iqtisodiy o‘sish 7,7 foizni tashkil etdi.

Tashqi savdo ko‘rsatkichlari ham mamlakatning ochiqlik siyosati natijalarini ko‘rsatadi. Milliy statistika ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasi 81,2 milliard AQSh dollariga yetib, 2024-yilga nisbatan 20,7 foizga oshdi. Eksport hajmi 33,8 milliard dollarni, import esa 47,3 milliard dollarni tashkil etdi. Bu raqamlar O‘zbekistonning jahon bozorlariga tobora faol kirib borayotganini, ishlab chiqarish, xizmatlar, transport va eksport salohiyati kengayayotganini anglatadi.

Investitsiyalar sohasida ham sezilarli natijalar qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda o‘zlashtirilgan investitsiyalar umumiy hajmi 43,1 milliard AQSh dollariga yetib, avvalgi yilga nisbatan 24 foizga oshdi. Shundan 38,2 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu, o‘z navbatida, investorlar O‘zbekistonni faqat xomashyo bozori sifatida emas, balki sanoat, energetika, logistika, qishloq xo‘jaligi, raqamli texnologiyalar va xizmatlar sohalarida istiqbolli hamkor sifatida ko‘rayotganini bildiradi.

Iqtisodiy o‘sishning ijtimoiy natijasi aholining turmush darajasida ko‘rinishi kerak. Shu jihatdan, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi natijalar alohida e’tiborga loyiq. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy kambag‘allik darajasi 2024-yildagi 8,9 foizdan 2025-yilda 5,8 foizga tushdi. Bu raqam oddiy statistik ko‘rsatkich emas; uning ortida bandlik, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, mahallabay ishlash, ijtimoiy himoya va daromadlarni oshirishga qaratilgan tizimli siyosat turibdi.

Yangi O‘zbekistonning xalqaro nufuzi xalqaro reyting va indekslarda ham aks etmoqda. Masalan, BMTning 2024-yilgi Elektron hukumat rivojlanish indeksida O‘zbekiston 63-o‘rinni egallab, “juda yuqori” elektron hukumat rivojlanish guruhiga kirdi. Bu davlat xizmatlarini raqamlashtirish, ochiq ma’lumotlar, elektron murojaatlar va aholiga qulay xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida olib borilgan ishlarning xalqaro e’tirofidir.

Innovatsion rivojlanish bo‘yicha ham ijobiy siljish kuzatilmoqda. Jahon intellektual mulk tashkiloti e’lon qilgan Global innovatsion indeksda O‘zbekiston 2025-yilda 139 davlat orasida 79-o‘rinni egallab, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijalardan biriga erishdi. Bu mamlakatda ilm-fan, ta’lim, texnologiyalar, mehnat unumdorligi va innovatsion boshqaruv masalalari davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanganini ko‘rsatadi.

Ayollar huquqlari va iqtisodiy imkoniyatlari bo‘yicha ham xalqaro baholarda sezilarli o‘sish qayd etildi. Jahon bankining “Women, Business and the Law 2024” tadqiqotida O‘zbekiston 82,5 ball to‘plab, dunyodagi eng katta ijobiy o‘zgarish qayd etgan besh davlat qatoriga kirdi. Ushbu natijada 2022-yilda qabul qilingan yangi Mehnat kodeksida ayollar mehnatiga oid cheklovlarning qayta ko‘rib chiqilishi, teng haq to‘lash kafolatlari, 2023-yilda oilaviy zo‘ravonlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi kabi huquqiy islohotlar muhim rol o‘ynadi.

Qonun ustuvorligi va boshqaruv samaradorligi yo‘nalishida ham islohotlar davom etmoqda. World Justice Project’ning 2025-yilgi Rule of Law Index ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston 143 davlat orasida 81-o‘rinni egalladi va umumiy ko‘rsatkichini yaxshilagan davlatlar qatorida qayd etildi. Albatta, bu yo‘nalishda hali qilinadigan ishlar ko‘p. Biroq muhim jihat shundaki, O‘zbekiston huquqiy davlat qurish masalasini xalqaro reytinglar uchun emas, balki inson huquqlari, odil sudlov, mulk daxlsizligi va adolatli boshqaruv uchun zarur bo‘lgan ichki ehtiyoj sifatida ko‘rmoqda.

Korrupsiyaga qarshi kurashish ham Yangi O‘zbekiston siyosatining markaziy yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Transparency International’ning 2024-yilgi Korrupsiyani qabul qilish indeksida O‘zbekiston 32 ball bilan 121-o‘rinni egalladi; bu ko‘rsatkich 2020-yildagi 26 ball va 146-o‘rin bilan solishtirilganda muayyan siljishni ko‘rsatadi. Shu bilan birga, 2025-yilda ballning 31 ga pasaygani bu sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat organlari ochiqligi, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligini ham eslatadi.

Mamlakatning xalqaro maydondagi obro‘siga mehnat huquqlari bo‘yicha erishilgan natijalar ham kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Xalqaro mehnat tashkiloti 2021-yilgi paxta yig‘im-terimi monitoringi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda paxta sohasida tizimli bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etilganini e’lon qildi. 2022-yilda Cotton Campaign tomonidan o‘zbek paxtasiga nisbatan global boykot chaqirig‘i bekor qilindi. Bu nafaqat qishloq xo‘jaligi islohoti, balki O‘zbekistonning xalqaro mehnat standartlariga sodiqligini ko‘rsatgan muhim tarixiy natija bo‘ldi.

Yangi O‘zbekistonning global siyosatdagi yangi maqomi “yashil taraqqiyot” yo‘nalishida ham ko‘zga tashlanmoqda. Mamlakat qayta tiklanuvchi energiya manbalarini kengaytirish, quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, energetika xavfsizligi va ekologik barqarorlikni ta’minlashga katta e’tibor qaratmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2025-yilda O‘zbekiston 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirayotganini, xorijiy hamkorlar bilan umumiy quvvati 24 gigavatt bo‘lgan 50 dan ortiq yirik loyiha amalga oshirilayotganini ta’kidlagan edi.

Madaniy diplomatiya va turizm ham O‘zbekistonning xalqaro imijini mustahkamlovchi muhim omilga aylandi. 2025-yilda Samarqandda UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi o‘tkazilgani tarixiy voqea bo‘ldi: bu konferensiya qariyb 40 yil ichida ilk bor Parijdan tashqarida va ilk bor Markaziy Osiyoda tashkil etildi. Bu nafaqat Samarqandning, balki butun O‘zbekistonning jahon madaniy-gumanitar makonidagi o‘rnini mustahkamladi.

Turizm sohasidagi raqamlar ham mamlakat ochiqligi va jozibadorligi oshayotganini tasdiqlaydi. 2025-yilda O‘zbekistonga 11,7 million xorijiy fuqaro turizm maqsadida tashrif buyurgani qayd etildi. Bu ko‘rsatkich nafaqat mehmondo‘stlik an’analarimiz, balki viza tartiblarining soddalashtirilishi, transport infratuzilmasi rivoji, tarixiy shaharlar obodonligi va xalqaro targ‘ibot ishlari natijasidir.

Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi ovozi bugun ochiq, pragmatik, o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan tashqi siyosat orqali namoyon bo‘lmoqda. Mamlakatimiz o‘z milliy manfaatlarini izchil ilgari surish bilan birga, mintaqaviy barqarorlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik, barqaror rivojlanish, ekologik xavfsizlik, ta’lim va madaniyatlararo muloqot kabi masalalarda ham faol tashabbuslar bilan chiqmoqda. Shu jihatdan, O‘zbekiston xalqaro maydonda faqat ikki tomonlama manfaatlar doirasida harakat qilayotgan davlat emas, balki mintaqaviy va global kun tartibiga amaliy takliflar olib chiqayotgan konstruktiv hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonning global maqomi bir kunda paydo bo‘lgan tasodifiy holat emas. Uning zamirida huquqiy islohotlar, iqtisodiy liberallashuv, qo‘shnilar bilan ishonchli muloqot, xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik, inson huquqlari va ijtimoiy himoyaga qaratilgan siyosat, madaniy merosni dunyoga ochish hamda xalq bilan muloqotga asoslangan boshqaruv falsafasi turibdi. Shu bois bugun O‘zbekiston xalqaro maydonda tinglovchi emas, tashabbus bildiruvchi; kuzatuvchi emas, muloqot tashkil etuvchi; chekka hudud davlati emas, Markaziy Osiyoning muhim siyosiy va iqtisodiy markazlaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Yangi O‘zbekistonning global siyosatdagi yangi ovozi — bu ishonch, muloqot va tashabbus ovozidir. Uning yangi maqomi esa raqamlar, reytinglar va xalqaro tadbirlar bilangina emas, balki mamlakat ichida inson qadri yuksalayotgani, iqtisodiyot ochilayotgani, davlat boshqaruvi yangilanayotgani va O‘zbekiston dunyo bilan teng, manfaatli va mas’uliyatli hamkorlik qilishga tayyor ekanini amalda ko‘rsatayotgani bilan belgilanadi. Bugun dunyo O‘zbekistonni yangicha eshitmoqda. Eng muhimi, bu ovoz xalq manfaatidan, milliy taraqqiyotdan va kelajakka ishonchdan kuch olmoqda.

Dilyor DONIYOROV,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining yetakchi ilmiy xodimi