Unga ko‘ra, Oʻzbekiston erkaklar o‘rtasidagi Jahon kubogiga yo‘llanma olgan mamlakatlar ro‘yxatida birinchi o‘rinni egalladi. Ayollar o‘rtasidagi Jahon kubogiga esa Oʻzbekiston 13-o‘rindan joy oldi.
FIDE ma’lumotiga ko‘ra, Olimpiada natijalari asosida erkaklar o‘rtasidagi musobaqa uchun 83 ta milliy federatsiya, ayollar o‘rtasidagi musobaqa uchun esa 45 ta federatsiya yo‘llanmaga ega bo‘ldi.
Yevropa, Afrika va Amerika qit’asi federatsiyalari o‘zlariga ajratilgan ayrim yo‘llanmalarni qit’a chempionatlariga o‘tkazishga qaror qilgan. Shu sababli erkaklar o‘rtasidagi musobaqa uchun 17 ta, ayollar o‘rtasidagi musobaqa uchun esa 5 ta yo‘llanma qit’a musobaqalariga yo‘naltirilgan.
Har bir milliy federatsiya Jahon kubogida ishtirok etadigan shaxmatchini Samarqanddagi Olimpiadada qatnashgan o‘z jamoasi a’zolari orasidan tanlaydi.
Agar jamoaning barcha a’zolari boshqa saralash yo‘llari orqali musobaqaga yo‘llanma olgan yoki ishtirok etishdan bosh tortgan bo‘lsa, federatsiya mazkur o‘rinni boshqa shaxmatchiga berish huquqiga ega.
Milliy federatsiyalar o‘z vakillarini 2027 yilning 1–15 iyul kunlari oralig‘ida tasdiqlashi kutilmoqda.