Niyozbosh qishlogʻi shaharchaga aylanadi

    Mamlakatimizda 25 Iyun 2020 3967

    Yangiyoʻl tumanidagi Niyoshbosh qishlogʻini koʻpchilik biladi. Boisi, bu yerda aholining tomorqadan unumli foydalanishdagi tajribasi katta boʻlib, yetishtirilgan koʻkatlar doimiy ravishda Rossiya Federatsiyasiga yuborib turiladi. Shu bois, odamlari ham faravon yashashadi.

    Bu yil qishloqda savobli ishga qoʻl urildi. Tumanni joriy yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush sharoitini yaxshilash boʻyicha tuzilgan dasturga muvofiq, “Niyozbosh” hududidagi “Niyozbosh”, “Farovon”, “Binokor”, “Guliston” mahallalarida katta bunyodkdorlik ishlari olib borilmoqda.

    Barcha mahallalarda zamonaviy idora binolarini qurish moʻljallangan. Shu kungacha “Guliston” mahallasidagi 13-sonli umumtaʼlim maktabi binosi mukammal taʼmirdan chiqarildi. Shuningdek, “Barkamol avlod bolalar markazi” va “Xotira maydoni”da ham rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Ikkita mini futbol maydoni, katta va kichik tenis maydonlari, ikki qavatli fitnes binolarining zamonaviy sport majmuasi qurilishi ham boshlangan. 27-sonli umumtaʼlim maktabi binosini rekonstruksiya qilish boʻyicha tanlov savdolari oʻtkazilyapti.

    Shu bilan birga, 2,7 km masofadagi avtomobil yoʻlini taʼmirlash hamda unga tutash boʻlgan hududlarga 5,4 km irrigatsiya tarmoq (lotok)larini oʻrnatish ishlari olib borilmoqda. Yaroqsiz holga kelgan eski simyogʻochlar olib tashlanib, oʻrniga zamonaviy temir betonlilari oʻrnatildi, 4,78 km elektr havo tarmoqlari rekonstruksiya qilindi.

    Kuz-qish mavsumida ham bir meʼyorda “zangori olov” bosimini saqlash maqsadida 6 ta nuqtalar mukammal taʼmirlandi, xonadonlarga “aqlli hisoblagich”lar oʻrnatilmoqda. Shu bilan birga, 2,7 km uzunlikdagi ichimlik suvi quvurlari yangidan oʻrnatilib, aholini unga ulash tadbirlari koʻrilmoqda.

    Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, keng koʻlamda koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida Niyozbosh qishlogʻi zamonaviy shaharchaga aylanadi.