Uning quvonchi, tashvishi, yutug'i-yu, kamchiligi ana shu erda yashayotgan odamlarniki. Shu jihatdan olganda, Prezidentimiz raisligida mahallabay ishlash tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ko'tarilgan masalalar barchamizga bog'liq, desak mubolag'a emas. Chunki hammamiz mahallalarda yashaymiz.
Aslida, mamlakatimizda azaldan mahallalarga qadriyatlar, an'analar manzili, tarbiya maskani sifatida qaraladi va uning rivojlanishi, obod bo'lishi uchun katta e'tibor qaratiladi. Ana shu qarash, aytish joizki, amaliy natijalari bilan keyingi yillarda yanada yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Bunda tizimni yanada rivojlantirish, mahallalarning fuqarolarga chinakam ko'makchi tuzilma sifatida shakllantirishning qonunchilik bazasi yanada takomillashtirilayotgani qo'l kelmoqda. Ayniqsa, davlat organlarining natijadorlik darajasi va ularning faoliyati mahallada aks etsagina ijobiy, deb topilishini anglatuvchi “mahallabay” ishlash usuli kundalik ehtiyojga aylandi. Natijada turli vazirlik va idoralar bilan mahallalar o'rtasida aloqa, u erda istiqomat qilayotgan odamlar bilan o'zaro munosabat o'rnatildi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat idora va tashkilotlariga hududlar kesimida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yashash sharoiti og'ir fuqarolar biriktirilishi xonadonbay o'rganish, sayyor qabullar tashkil etish orqali muayyan ishlarni amalga oshirishi imkonini berdi. Barcha darajadagi rahbarlarga o'z sohasi bo'yicha mahallalardagi holatni o'rganish, “o'sish nuqtalari”ni aniqlab, ularni rivojlantirish masalasi birinchi galdagi vazifasi sifatida belgilab berildi.
Fikrimni bevosita o'zim ma'sul bo'lgan Toshkent shahrining 4-sektori misolida davom ettiradigan bo'lsam, ayni paytda hududdagi 156,6 ming xonadonda 683,3 ming kishi yashaydi. Ushbu yo'nalishdagi ishlarga kirishish chog'ida biz ularni xatlov orqali 3 toifaga ajratib oldik. Birinchi toifaga oilaviy daromadi kam, ishsiz a'zolari bo'lgan, o'z ishini boshlashga qiziqishi katta, shuningdek, daromad topish, kasb o'rganishga harakat qilayotganlar kiritildi. Doimiy daromadga ega, qo'shimcha daromad topish istagi bor, nogironligi bo'lgan va kasal a'zolari bo'lgan, boquvchisini yo'qotgan hamda ijtimoiy himoyaga muhtojlar ikkinchi, iqtisodiy ahvoli yaxshi xonadonlar esa uchinchi toifa sifatida belgilab olindi.
Pirovardida, ishlash istagini bildirgan 1 ming 448 yurtdoshimizning bandligi tadbirkorlik sub'ektlari tashkil etish, o'zini-o'zi band qilish, kasb-hunarga o'qitish hamda subsidiya ajratish hisobiga ta'minlandi. Bunda hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli, yoshlar etakchilari bilan hamkorlik asqotdi.
Lekin mazkur videoselektor yig'ilishida bu kabi ishlar etarli emasligi aytildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar etakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat “beshlik”ning o'zaro muvofiq ishlashida kamchiliklar, juda ko'p takrorlanishlar borligi qayd etildi. Ijtimoiy maqsaddagi mablag'lar ba'zan samarasiz yo'naltirilayotgani, ehtiyojmand aholining masalasini hal qilish viloyat va respublika idorasiga bog'lanib qolgani, mahalla xodimlari faoliyatini baholash mezoni yo'qligi va ularning ko'p vaqti “qog'oz to'ldirish” va majlislarga ketayotgani tanqid qilindi. Shu bois, endilikda mahalla boshqaruvi yangi yondashuvlar asosida tashkil qilinishini, amaldagi “beshlikka” soliqchi va ijtimoiy xodim ham qo'shilib, birgalikda ishlaydigan “mahalla ettiligi” bo'lishi belgilandi.
Yig'ilishda “mahalla ettiligi”ning vazifalarini aniq belgilash lozimligiga urg'u berildi. Masalan, mahalla raisi ehtiyojmand oilalarga uy-joyini yaxshilashga, hokim yordamchisi ishsizlarga ish topishga ko'maklashsa, yoshlar etakchisi yoshlarni sport, musiqa va boshqa to'garaklarga, xotin-qizlar faoli ayollarni tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilikka jalb qilishi aytildi. Tarkibga yangi qo'shilayotgan soliq va ijtimoiy xodimlar esa mahalladagi imkoniyatlarni ishga solib, soliq bazasini kengaytirishga, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda o'zini o'zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o'tishga ko'maklashish, yolg'iz keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko'rsatish kabi aniq vazifalar bilan shug'ullanadi.
Mahalla muayyan milliy, ahloqiy va maishiy tartib-qoidalarga rioya qilish, ma'raka-mavrid, yaxshi-yomon kunlarni birga o'tkazish, ahillikni ta'minlashga xizmat qiladigan ijtimoiy-iqtisodiy va hududiy jamoa hisoblanadi. endi soliq organlari xodimlari ham ana shu jamoa a'zosi sifatida mahalla ahli turmush sharoiti yaxshilanishida bevosita ishtirok etadi. Bu esa yuqorida keltirganimiz — aholi bandligi va daromadini oshirishda yanada samaraga erishishda qo'l keladi. Ya'ni videoselektor yig'ilishida ko'tarilgan masalalar mahallaning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yanada yuksaltirish, uni faol jamoaviy tuzilma sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi, albatta.
Yunusjon NASIMJONOV,
Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig'i