Atrofidagi qurilish va bunyodkorlik ishlari sabab bir necha yil oldin kelgan odam hozir bu yerlarni tanimay qolsa kerak. Yoʻl oʻsha, yoʻnalish oʻsha, avvaldan mavjud boʻlgan sanʼat va madaniyat maskanlari, koʻp qavatli uylar, supermarket va restoranlar ham oʻshadek, ammo endi ularning atrofida zamonaviy binolar, oʻzgacha koʻrinishdagi landshaft dizayni, yangi favvoralar paydo boʻldi. Bunyodkor koʻchasining 1,5 kilometr qismi esa xizmat koʻrsatish va gastroturizm koʻchasiga aylantirildi.
Bu yerdagi 90 ta tadbirkorlik subyekti endi odamlarga tunu kun xizmat koʻrsatadi. Gastroturizm koʻchasida aholining sayr qilishi, ovqatlanishi, dam olishi uchun barcha qulayliklar bor. Shu yilning 10-iyul kuni davlatimiz rahbari Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, aholining turmush sharoitlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishishni ana shu koʻchani koʻzdan kechirishdan boshladi.
30 yillik mahalla yangi qiyofada
Negadir Bunyodkor koʻchasidan oʻtishni yoqtiraman, yoʻlim shu tomonda boʻlmasa ham, tez-tez oʻsha koʻcha boʻylab yuraman. Qandaydir fayzli koʻcha, atrofidagi “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi, Milliy bogʻ va boshqa qator joylar avvaldan qadrli. Hozir ularning oldida yanada zamonaviy dam olish maskanlari, baland binolar, yangi manzillar paydo boʻlgan. Koʻchaning yoʻl boʻylab qator ovqatlanish va xizmat koʻrsatish maskanlari tushgan bir qismi gastroturizm koʻchasi sifatida odamlarga xizmat koʻrsata boshlabdi. Alohida va oʻziga xos landshaft dizayn qilingan.
Koʻchaga yondosh hududda Kamolon, Yangi Kamolon va Kamolon darvoza mahallalari bor. Ularda 18 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi. Fotograf sherigim bilan gastroturizm koʻchasi boʻylab yurib, Yangi Kamolon mahallasini izladik. Oldimizdan oʻng qoʻlga qayriladigan koʻcha va katta arka chiqdi. Ana shu biz izlagan manzil. Sal ichkariga kirganimizdan keyin mahalla binosi koʻrindi. Mashinani maxsus joyga qoʻyib, atrofni koʻzdan kechira boshladik.
Nihoyatda sokin, toza-ozoda, tartibli manzil. Bir tomonda yaqinda taʼmirlangani koʻrinib turgan koʻp qavatli uylar, har birining oldi yashil hudud, hovlining oʻrtasida zamonaviy jihozlangan bolalar maydonchasi, bir chekkada mashinalar turar joyi, burchakda mahalla binosi, uning yon tomonida dala doʻkoni, qandolat doʻkoni va novvoyxona, beriroqda esa bir qarashda eʼtiborni tortadigan aylana shaklidagi noodatiy kutubxona. Bular tasavvurimizdagi emas, biz koʻrgan real mahalla koʻrinishi. Barchasi shu qadar tartibliki, odamning bahri dili ochiladi. Xuddi bir xonadonning shinam hovlisiga oʻxshaydi.
Avvaliga bu yerda koʻp qavatli xonadonlar borligiga ikkilandim ham. Chunki bir qarashda, hovlilardan iborat fayzli mahallani yodga soladi. Keyin qarasam, atrofdagi xonadonlarning bari koʻp qavatli. Baribir manzara odatdagi koʻp qavatli uylardan farq qiladi, toʻgʻrisi. Havosi ham salqin, atrofdagi daraxtlarning isi kelayotgandek. Biz borganda vaqt tushga yaqinlashgan, havo harorati ancha yuqori, mahalla esa shaharning qoq markazida joylashganiga qaramay, qandaydir salqinlik sezildi.
Aytishlaricha, Yangi Kamolon mahallasiga bundan olti oylar oldin kelgan odam butunlay boshqacha manzaraga duch kelardi. Koʻp qavatli uylar yillar davomida taʼmirlanmagan, birinchi qavatga tutash yerlar aholi tomonidan oʻrab olinib, qarovsiz qoldirilgan, daraxtlar oʻsib ketgan, odamlar kechasi u yoqda tursin, kunduzi ham yurishga hayiqadigan holatdagi abgor hudud boʻlgan. Shahar markazi boʻlishiga qaramay, hudud eʼtibordan chetda qolgan. Obodonlik va taʼmirlash ishlarini odamlar yillar davomida oʻz hisobidan, shunda ham faqat xonadoni atrofida amalga oshirgan. Umumiy maydonlar, bolalar maydonchalariga hech kim qaramagan, qarovsiz yotgan. Qolaversa, mahallada ishsizlik va jinoyatchilik ortgani, kommunal va boshqa sohalarda muammolar koʻp boʻlgani sabab qizil toifada turgan.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan Yangi Kamolon mahallasini shahar markazidagi eng obod mahallalardan biriga aylantirish vazifasi qoʻyildi. Oʻtgan yil oxirlaridan mahallani tubdan obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Vazirliklardan tortib, hokimlargacha bu ishga yeng shimarib kirishdi, katta ishlar amalga oshirildi. Mahalladagi barcha eski koʻp qavatli uylar taʼmirlanib, 10 ga yaqin bolalar maydonchasi, sport maydonchalari qurildi. Sugʻorish tizimi yoʻlga qoʻyilib, 5 mingdan ortiq oʻsimlik, minglab gul koʻchatlari ekildi. Bu yil hunarmandlar maskani, dala mahsulotlari va qandolatchilik doʻkonlari, novvoyxona tashkil etildi, xususiy tibbiyot punkti ochildi. Hozir 60 dan ortiq savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarida mahalla yoshlari ish bilan band.
Umuman, 21 ta koʻp qavatli uydan iborat, 4600 dan ortiq doimiy aholi istiqomat qilayotgan poytaxtimizdagi Yangi Kamolon mahallasida insonlarning farovon yashashi uchun barcha qulayliklar yaratildi. Natijada joriy yilda mahalla yashil toifaga kirib, obod, xavfsiz, ishsizlikdan xoli hududga aylandi. Mahallani tomosha qilib, manzarasidan zavq olarkanman, aynan mana shu soʻz xayolimga keldi: qanday obod mahalla!
Mahamadamin ERGASHEV, Shayxontohur tumanidagi “Yangi Kamolon” MFY raisi:
— Mahallamiz ham tarixiy, ham zamonaviy manzil. Gap shundaki, tarixdan Toshkent shahrining 12 ta darvozasi boʻlib, shulardan biri Kamolon darvozasi hisoblangan. Shu yerda Kamolon mahallasi ham boʻlgan. Mustaqillikdan keyin — 1995-yilda oʻsha mahalladan alohida Yangi Kamolon mahallasi tashkil etildi. Shu voqeaga bu yil 30 yil toʻldi. Aynan davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan bu mahallaning butunlay qayta taʼmirlanib, obod qilingani yubileyga oʻziga xos sovgʻa boʻldi, desak xato boʻlmaydi. Va mahalla shu qadar oʻzgarib, yangi qiyofaga kirdiki, xuddi qaytadan tashkil etilgandek boʻldi.
Davlatimiz rahbari mahallada, ayniqsa, aholi uchun yaratilgan ish oʻrinlaridan mamnun boʻldi. Hozir mahallamizda ishsiz odamning oʻzi qolmagan. Oʻtgan yil oxirida mavjud 42 ishsizning barchasi ish bilan taʼminlandi. Mahallamizga biriktirilgan bank tomonidan savdo doʻkonlari qurib berilib, ular kam taʼminlangan oila aʼzolariga foydalanishga topshirildi. Ushbu fuqarolar foydaga kirmagunicha, ulardan ijara haqi olinmaydi. Qolaversa, bu fuqarolarga doʻkonni yuritish uchun imtiyozli kreditlar ham ajratildi. Shu yilning oʻzida mini loyihalar uchun 18 ta imtiyozli kreditlar berildi.
Oʻtgan yili “Ayollar daftari”da 200 ga yaqin odam turgan boʻlsa, shundan ishga layoqatli boʻlganlarining bandligi toʻliq taʼminlandi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarga esa yordamlar koʻrsatib kelinyapti. Bundan tashqari, mahallada 6 ta davlat tashkiloti boʻlib, ularda ham yana 28 ta boʻsh ish oʻrni tashkil etilgan. Maktab yoki oliy oʻquv yurtini tamomlagan yoshlar ana shu ishlarga jalb qilinadi.
Mahallani taʼmirlash, obod qilish jarayonlarida mashinalar turar joyi masalasi ham yechildi. Oldinlari bu katta muammolardan biri boʻlgan. Har bitta avtomobil egasi maʼlum yerlarni egallab olib, aholiga noqulaylik tugʻdirgan. Keng hududlarni tanlab, mashinalar turar joyi qurilganidan keyin bu masala hal boʻldi. Hozirgi kunda aholiga va bolalar maydonchalariga noqulaylik yaratmaydigan holda, yana qoʻshimcha joylar qaralyapti. Yaʼni zarurat boʻlsa, avtomobillar uchun yana alohida joylar qilinadi.
Oʻtgan yili mahalla binosining ichida kutubxona tashkil qilingandi. Bu yil bahor oyida esa mahalla hovlisida homiylik asosida kapsula shaklidagi yangi kutubxona ochildi. Bolalar kunduzi shu yerda dars ham tayyorlayapti. Nuroniylar tomonidan toʻgaraklar tashkil etilgan. Xullas, odamlarning vaqtini mazmunli oʻtkazishi, hayotidan mamnun yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratishga intilyapmiz.
Albatta, bu ishlarning hech biri oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Soʻnggi yillarda yurtimizda shakllangan mahalla instituti va “mahalla yettiligi” faoliyati sabab muammolar shu yerning oʻzida hal etilib, har bir fuqaro bilan alohida ish olib borilyapti. Davlatimiz rahbarining topshirigʻi bilan 2022-yilda mahallalarda hokim yordamchilari, 2023-yilda yoshlar bilan ishlaydigan vakil, oʻtgan yili ijtimoiy xodim, soliqchilar kirib kelgan boʻlsa, bugungi kunda ularning qatoriga “mahalla bankir”lari qoʻshildi.
Birorta ishsiz qolmadi
Yaʼni endi ular “mahalla sakkizligi”ga aylandi. Birgalikda bir kuch boʻlib, mahalladagi har bir fuqaroning bandligini taʼminlash, muammolariga yechim berish, har qanday masalani mahallaning oʻzida, kerak boʻlsa, fuqaro xonadonidan tashqariga chiqmagan holda hal etilishiga amaliy koʻmak beryapti.
Mahallada tadbirkorlikka qiziquvchilar koʻp, ammo aksarining mablagʻi yoʻq. Yangi savdo doʻkonlari qurilib, kam taʼminlangan oilalar aʼzolariga imtiyozli shartlarda berilgani ayni muddao boʻldi. Masalan, shu yerdagi ayollarning biri novvoyxonani olib, ish yurityapti. Daromadi yomon emas — oyiga 10-12 million soʻm topyapti. Ikki kishini ish bilan taʼminlagan. Non kunlik isteʼmol qilinadigan mahsulot, deyarli har bir xonadondan xaridor topiladi. Bir muddat shu yerda oʻtirib, kuzatdim. Novvoyning qoʻli qoʻliga tegmaydi. Ayol bilan ham suhbatlashdim. Oilasida 5 kishi istiqomat qilar ekan. Farzandlari hali kichik yoshda. Turmush oʻrtogʻi va oʻzi shu novvoyxonani yurityapti, asosiy daromadlari shundan.
Ochigʻi, bir loyihani oʻylab topib, uni amalga oshirishning oʻzi ming mashaqqat. “Yangi Kamolon” MFY hokim yordamchisi Iftixor Qahramonov esa oʻnlab oilalarni tadbirkorlikka yoʻnaltirib, bandligini taʼminlashga koʻmaklashadi. Aytishicha, yil boshida mahallada 57 ta tadbirkorlik subyekti boʻlgan, hozir ularning soni 97 taga yetdi. Oʻzi 32 yoshda boʻlgan bu yigit yangi loyihalarni ishga tushirishni qanday uddalayotgani bilan qiziqdim.
— Bu ishlarni mahalla va shu yerdagi korxonalar, davlat idoralari bilan birgalikda amalga oshiryapmiz, — deydi Iftixor Qahramonov. — Avvalo, ishsiz fuqaroning oʻzi bilan gaplashib, uning qiziqishi, imkoniyatlari, layoqatini oʻrganamiz. Qoʻlida biror hunari boʻlmaganlarni avval bepul oʻqitib, keyin ishga yoʻnaltiramiz yoki shogirdlikka tushiramiz. Agar hunari boʻlsa, ish boshlashi uchun moddiy koʻmak beramiz. Masalan, yil boshida mahallamizdagi bir ayol xorijdan qaytib kelib, ishsizligi sabab bizga murojaat qildi. Avval tikuvchilik qilgani, hozir esa tikuv mashinasi yoʻqligini aytdi. Ish boshlashi uchun 20 million soʻm imtiyozli kredit olishiga koʻmaklashdik. Qarabsizki, uyida parda tikishni yoʻlga qoʻyib, singlisi va jiyanini ham ish bilan taʼminladi.
Bunday misollar bisyor. Shu kunlarda maktab bitiruvchilari ham maʼlum vaqt ishlash istagi bilan chiqadi. Ularga ham koʻmaklashamiz. Mahallamizdagi Bunyodkor koʻchasida ovqatlanish maskanlari, sartaroshxonalar koʻp. Ana shularning rahbarlari bilan gaplashib, yoshlarni shogirdlikka yoki ishga joylashtiramiz. Tadbirkorlar ham yoʻq demaydi, imkon qadar yoshlarni qoʻllaydi. Shuning ortidan yigit-qizlarning koʻpi kunlik daromad topyapti, asosiysi, bekor emas. Mahalladagi tadbirkorlik subyektlarida ham aholi bandligi taʼminlanmoqda. Yaʼni qancha koʻp tadbirkor paydo boʻlishiga koʻmaklashsak, ularning har biri oʻz navbatida boshqa odamlarni ish bilan taʼminlashga hissa qoʻshadi. Shuning ortidan hozir mahallamizda ishsizlar yoʻq.
Hozircha Oʻzbekistonda yagona maskan
Bir necha kilometr narida Shayxontohur tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi joylashgan. Oʻsha yerga borish bahonasida sherigim bilan mahallani piyoda kezdik. Oʻziyam sherigimga “Qanday chiroyli, tartibli mahalla, xuddi shahar ichidagi shaharga oʻxshaydiya, bir emas, barcha koʻp qavatli uylari atrofi shunday obod qilinibdi, qarovsiz joyning oʻzi yoʻq-ku!” degan gapni bir necha bor takrorladim. Sherigimning oʻzi ham yangi qurilgan koʻp qavatli uylardan birida turgani bois, “Bizning mahallamiz ham shunday”, dedi. Keyin oʻyladim, chindan ham hozir koʻp qavatli uylarda mahallalar shunday obod, shinam boʻlib, yashil hududlari kengayib bormoqda. Odamlar oʻzini oldingidek, devorlar orasidagi dimiqqan joyda emas, zamonaviy hududda yashayotganini his qilyapti.
Xullas, mahallani sayr qilib zavq oldim. Negadir hech narsa begona tuyulmadi, xuddi oʻz mahallamda yurgandek boʻldim, odamlarning yuzi ham iliq, tanishdek. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga kirganimizda iliq kutib olishdi. Fuqaro bilan suhbatlashayotgan qiz rahbar xonasini koʻrsatib yubordi. Kuni kecha davlatimiz rahbari shu yerda boʻlib, markaz faoliyati bilan ham tanishgan. Bu yerda fuqarolarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmat va yordamlar koʻrsatiladi. Hozir shunday markazlar yurtimizning barcha tuman-shaharlarida mavjud.
— Tumanda 9 mingdan oshiq ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar boʻlib, ularga zarur xizmatlarni koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratilgan, — dedi Shayxontohur tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi direktori Javlonbek Umarov. — Kun davomida 100 dan ortiq fuqaro murojaat bilan keladi. Bundan tashqari, tumanda 51 ta mahalla boʻlsa, har birida bittadan ijtimoiy xodim bor. Ularning har biriga kuniga 10 dan ortiq murojaat tushadi. Oʻzlari ham mahallalarda uyma-uy yurib, muammolarni oʻrganadi. Avvallari ijtimoiy yordamlarning barchasi turli tashkilotlarda koʻrsatilgan. Masalan, nogironlikni belgilash boshqa joyda, ularga nafaqa tayinlash boshqa joyda, yolgʻiz keksalar bilan ishlash boshqa joyda va hokazo. Bugungi kunda ana shularning bari bitta markazda koʻrsatilib, oʻndan ortiq barcha xizmatlar avtomatlashtirilgan.
Joriy yilning may oyida ushbu markaz bilan hamkorlikda ishlaydigan “Imkoniyatlar olami” markazi ham tashkil etildi. Hozircha bu markaz yurtimizda yagona hisoblanadi. Muassasada 3 yoshgacha goʻdaklar uchun erta aralashuv, nogironligi boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, shuningdek, kunduzgi parvarish va qarab turish xizmatlari tashkil etilgan. Ayniqsa, kunduzgi parvarish xizmatlari nogironligi bor farzandni tarbiyalayotgan onalar uchun katta qulaylik yaratmoqda. Ular farzandini malakali mutaxassislar qoʻliga topshirib, oʻzi jamiyatga aralashish, ishlash imkoniyatiga ega boʻlmoqda. Kunduzgi parvarishga 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar qabul qilinadi. Hozirgi kunda 18 nafar bola qamrab olingan. Istalgan fuqaro markaz xizmatlaridan foydalanishi mumkin. Kam taʼminlangan oilalarga esa bu xizmatlarning toʻlovi davlat tomonidan subsidiya asosida qoplab beriladi.
— Bu yerda narxlar ancha arzon ekan, bir oylik toʻlovimizni avval xususiy klinikalarga bir kun uchun berardik, — deydi Labzak mahallasida yashovchi Sarvinoz Abduvaliyeva. — Farzandim 1,5 yosh, Daun sindromi bilan tugʻilgan. Rivojlantirish maqsadida ikki oydan buyon ana shu markazdagi logoped, uqalash muolajalariga olib kelyapman. Yana bir qulayligi, barcha xizmatlar shu yerning oʻzida bor ekan. Kunduzgi parvarishi ham onalar uchun qulay. Har bir bolaga alohida eʼtibor qaratiladi.
Iqtisodiy oʻsish omili
Inson oʻzidan va oilasidan koʻngli toʻlib yashashi uchun doimiy daromadga ega boʻlishi muhim. Yurtimizda maqsad qilingan kambagʻallikni qisqartirish vazifasi ortida ham shu turibdi. Koʻproq boʻsh ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlikka keng yoʻl ochish hududlarning iqtisodiy salohiyatini oshirmoqda. Bu borada sanoat hududlarining oʻrni alohida. Masalan, bitta tumanda bitta sanoat zonasi boʻlsa, qanchadan qancha odamni shu yerning oʻzida bandligini taʼminlash mumkin.
Chilonzor tumani Beshqoʻrgʻon va Tirsakobod mahallalari hududida joylashgan sanoat zonasi avvaldan boʻlgan. Ammo tartibsiz egallab olingan yerlarda infratuzilma va boshqa masalalarda koʻplab muammolar mavjud edi. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 3-iyuldagi qarori bilan sanoat hududi qaytadan tashkil etilib, transport, muhandislik-kommunikatsiya va yoʻl infratuzilmasi toʻliq yaxshilandi. Hozir bu manzilga ravon yoʻllar olib boradi, tunda ham chiroqlar hududni yoritib, nurafshon qiladi, bir qarashda, sanoat shaharchasiga aylangan. Davlatimiz rahbari tumanga tashrifi davomida kichik sanoat zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
— Prezidentimiz korxonamizda boʻlib, zamonaviy Italiya texnologiyasini koʻzdan kechirdi, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi, — deydi “Tarleplast” korxonasi ishlab chiqarish boʻlim boshligʻi Axtem Osmanov. — Zamonaviy texnologiya vaqtni va ishchi kuchini tejaydi. Texnologiya inson omilisiz ishlab, zamonaviy tizim asosida boshqariladi. Korxonaning 3 ta sexidagi 12 ta ishlab chiqarish liniyasida ana shunday texnologiya oʻrnatilgan. Qurilma yordamida metall konstruksiyalar va quvurlar — kuniga 500 tonnaga yaqin mahsulot ishlab chiqariladi. Ichki bozordan tashqari, Turkmaniston, Qozogʻiston, Rossiyaga eksport qilinadi. Mahsulotlarga mebel sanoati, qurilish sohasi, gaz va suv taʼminoti yoʻnalishlarida talab yuqori.
Chilonzor tumani hokimi oʻrinbosari Abduhamid Abduqodirovning aytishicha, mazkur sanoat hududining tashkil etilgani tumanning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyati ortishida muhim yoʻnalishga aylandi. Hududdagi tadbirkorlik rivojiga ham hissa qoʻshyapti. Yangi iqtisodiy loyihalar soni ortmoqda. Oʻtgan yili tumanda 356,1 million dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkichni 700 million dollarga yetkazish reja qilingan. Shu yilning oʻzida qiymati 221 million dollarlik 58 ta loyiha ishga tushirilib, 3295 ta ish oʻrni yaratilishi koʻzlangan.
Bu loyihalarning bir qismi sanoat hududidan joy oladi. Ayni paytda kichik sanoat zonasida korxonalar soni 531 taga yetib, ularda yaratilgan ish oʻrinlari soni 20 mingtaga yaqinlashdi. Tadbirkorlar ham sanoat zonasi tubdan oʻzgarib, sharoitlar yaxshilangani, yoʻllar ravon boʻlganidan mamnun.
Fikrat MADIYEV, “BFB Group” kompaniyasi rahbari:
— Avval, hududda yoʻllar juda yomon edi, hech kim kelishni istamasdi. Hozir har kuni hamkorlar, xaridorlar keladi. Yoʻllar qanday ravon boʻlgani, hudud obodligini oʻzingiz ham koʻryapsiz. Oxirgi bir yilda elektr toki umuman oʻchmadi. Yaʼni biz, tadbirkorlarning yanada faol ishlab, rivojlanishimiz uchun kerakli sharoitlar yaratib berildi. Buning evaziga sanoat hududida yangi korxonalar koʻpayadi, ular orqali tumanda qoʻshimcha ish oʻrinlari, soliq toʻlovchilar paydo boʻladi. Bu iqtisodiy farovonlikning oʻsishiga olib keladi.
Korxonamizda 40 dan ortiq turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Oʻzbekiston bozoriga doim muqobili yoʻq mahsulotlar bilan yangilik olib kirishga harakat qilamiz. Koʻplab mahsulotlarimizning nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyo davlatlarida ham muqobili yoʻq. Masalan, alyumindan yasalgan basseyn qoplamasi faqat bizda chiqariladi. Alyumin qoplamali avtomatik ochib-yopiladigan bio iqlimli ayvonning ham hozircha yurtimizda muqobili yoʻq. Bugungi kunda mahsulotlarimizni Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston davlatlariga eksport qilyapmiz.
Tadbirkorning rivojlanishida asosiy omil qulay ish muhiti, zarur sharoitlar hisoblanadi. Soʻnggi yillarda yurtimizda tadbirkorlarga berilayotgan katta imkoniyatlar sabab 8-10 baravar oʻsdik. 15 yildan beri shu sohada faoliyat yuritayotgan boʻlsak, hozir tadbirkorlar juda erkin deb ayta olaman. Masalan, hozir darvozamiz hammaga ochiq. Oldinlari qoʻrquv, hadik sabab eshiklarimiz yopiq turardi.
Sharoit boʻlgan joyda rivojlanish ham boʻladi. Tadbirkorlar rivojlansa, koʻproq aholi bandligi taʼminlanib, farovonligi oshib boraveradi. Davlatimiz rahbari oldimizga qoʻyayotgan asosiy masalalardan biri ham koʻproq odamlarni ish bilan taʼminlash boʻlyapti. Hozir korxonamizda 50 nafar ish oʻrni yaratilgan. Ularning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi. Yil oxirigacha ish oʻrinlari sonini 100 nafarga yetkazishni maqsad qilganmiz.
* * *
Toshkent shahrining eng gavjum tumanlarida ana shunday gaplar. Bu bir mahalla va sanoat tarmogʻi misolidagi ishlar edi. Kundan kun rivojlanib, chiroy ochayotgan shahrimizning istalgan burchagiga borsangiz, ana shunday yangi islohotlarga koʻzingiz tushadi. Ularni har kuni eshityapmiz, koʻryapmiz va bevosita oʻzimizda his etyapmiz. Shundan dillarimiz yayrayapti.
Iroda TOSHMATOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri








