Mazkur Qonun “2020–2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni hamda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davlat dasturining ijrosi yuzasidan ishlab chiqilgan.

Qonun bilan banklarning ayrim turdagi moliyaviy operatsiyalarini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan mikrokredit tashkilotlari, lombardlar va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normalar tizimlashtirilyapti.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar tarqoq boʻlib, ushbu tashkilotlarni tashkil etish va ularning faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normalarni oʻz ichiga olgan yaxlit qonun hujjati mavjud emas.

Qonun bilan nobank kredit tashkilotlari faoliyatining oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ular tomonidan amalga oshiriladigan (koʻrsatiladigan) moliyaviy operatsiyalar (xizmatlar) roʻyxati belgilanyapti.

Shuningdek, nobank kredit tashkilotlarini tashkil etishga qoʻyiladigan talablar, shu jumladan ularning tashkiliy-huquqiy shakli, muassislari va ishtirokchilari (aksiyadorlari), rahbar xodimlari (kuzatuv kengashi aʼzolari va ijro etuvchi organ, bosh buxgalter), shuningdek, ustav fondi (ustav kapitali) va uning eng kam miqdoriga qoʻyiladigan talablar aniqlashtirilyapti.

Qonun bilan lombardlar tomonidan Markaziy bankka faoliyatni boshlaganlik toʻgʻrisida xabarnoma yuborilishining tartibi, shuningdek mikromoliya tashkilotlari va ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazishning yagona tartibi nazarda tutiladi. Bunda litsenziyalash oʻrniga hisob roʻyxatidan oʻtish joriy qilinadi, hisob roʻyxatidan oʻtish uchun zarur boʻlgan hujjatlar roʻyxati, ularni koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish tartibi belgilanyapti.

Shu bilan birga, nobank kredit tashkilotlari xizmatlari isteʼmolchilarining huquqlarini himoya qilish boʻyicha qoidalar, shu jumladan ular tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilish, shartnoma shartlarini bir tomonlama tartibda oʻzgartirmaslik, shuningdek, nobank kredit tashkilotlarining qarz oluvchilari va kreditorlarining moliyaviy operatsiyalari boʻyicha axborotning maxfiyligini kafolatlash kabi majburiyatlar belgilanyapti.

Qonun qabul qilinishi natijasida mikromoliya tashkilotlari tomonidan koʻrsatiladigan xizmat turlarining kengaytirilishi, kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslarga, shu jumladan islomiy moliyalashtirishga oid xizmatlarga boʻlgan talabi qondirilishiga erishiladi.

Shu bilan birga, nobank kredit tashkilotlari banklar va boshqa moliya tashkilotlarining agentlari sifatida faoliyat yuritishi respublikaning chekka va olis hududlaridagi aholi va kichik tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinishiga erishiladi.

Mazkur Qonun aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy resurslarga boʻlgan ehtiyojini qondirish hamda nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.