Nobel mukofoti unga sazovor boʻlgan olimlar faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi – tadqiqotchilar

    Nobel mukofoti unga sazovor boʻlgan olimlarning keyingi faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Bu haqda Stenford universiteti professori Devid Stadderd boshchiligidagi amerikalik tadqiqotchilar guruhi maʼlum qildi.

    Tadqiqot mualliflari tibbiyot va fiziologiya boʻyicha 1950-2010-yillardagi Nobel mukofoti sovrindorlarining maʼlumotlarini tahlil qilib, ularni yana bir nufuzli mukofot – Lasker mukofotiga sazovor boʻlgan olimlar faoliyati bilan solishtirishdi.

    Maʼlum boʻlishicha, Lasker mukofoti sovrindorlarining ish sifati mukofotni olganidan keyin yaxshilangan. Ularning faoliyatida ilmiy yangilik ham qayd etilgan. Aksincha, Nobel mukofoti sovrindorlarida bu koʻrsatkichlar pasayib borgan, deb xabar beradi mir24.tv.

    Tadqiqotchilarning fikricha, Nobel mukofoti sovrindorlari faoliyati samaradorligining pasayishi ularning mukofot olgandan keyin hayotida sodir boʻlayotgan oʻzgarishlar bilan bogʻliq. Xususan, bunday olimlar jahon miqyosida shuhrat qozonmoqda, ular tez-tez intervyu berish, maʼruzalar oʻqish, ommaviy tadbirlarda qatnashish, turli tijoriy takliflarga javob berishga majbur boʻlmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar milliy byurosi (NBER) nashriga koʻra, natijada ular koʻp sonli ilmiy boʻlmagan faoliyatga vaqt va kuch sarflashyapti.