Nodirbek bugun eng yaqin taʼqibchisi bilan oʻynaydi, Javohir ham mezbonga qarshi

    Niderlandiyaning Veyk-an-Zeye shahridagi “Tata Steel Chess-2023” turniri oʻzining eng qizgʻin pallasiga kirib ulgurdi.

    Bir kunlik tanaffusdan soʻng bugun musobaqa doirasida Nodirbek Abdusattorov eng yaqin taʼqibchisi, niderlandiyalik Anish Giri bilan qora donalarda oʻynaydi. Ayni paytda shaxmatchilar 1 va 2-oʻrinni egallab turishibdi. Abdusattorov 7, Giri esa 6,5 ochkoga ega.

    “Chellenjer” guruhida esa Javohir Sindarov mezbon Mak Varmerdamga qarshi dona suradi. Ayni paytda Sindarov 6,5 ochko bilan oʻz guruhida 3-oʻrinni band etgan. Uning bugungi raqibi esa 4,5 ochko bilan 10-oʻringa joylashgan.

    Eslatib oʻtamiz, oʻyinlar Toshkent vaqti bilan soat 18:15 da boshlanadi.