Noshirlik faoliyatida qanday o'zgarishlar bo'ladi?

    Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar “Noshirlik faoliyati to'g'risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o'qishda ko'rib chiqdilar. Ta'kidlanganidek, amaldagi O'zbekiston Respublikasi “Noshirlik faoliyati to'g'risida”gi Qonuni bundan chorak asr avval – 1996 yilda qabul qilingan, 16 moddadan iborat edi. Keyingi globallashuv jarayonlari zamonaviy ilg'or tajribalarni barcha sohalar qatori noshirlik sohasiga ham tatbiq etishni taqozo etmoqda. Taklif etilayotgan Qonun loyihasi esa 7 ta mustaqil boblarga ajratilgan bo'lib, jami 34 moddadan iborat tarkibda shakllantirilgan. YA'ni, 18 ta modda bilan boyitilmoqda. Qonunda noshirlik sohasini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashning asoslari, noshirlik sohasining aniq sub'ektlari hamda ularning huquq va majburiyatlari, noshirlik faoliyatini litsenziyalash tartibi bekor qilinishi ortidan o'rnatilgan yangi tizim – xabardor etish orqali shug'ullanish mumkinligi kabi zamonaviy imkoniyatlar huquqiy mustahkamlab qo'yilmoqda.

    Jumladan, noshirlik faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi qonunda sohaga oid eng asosiy tushunchalar yo'q. SHu sabab, loyihada bir qator asosiy tushunchalarga ega alohida yangi modda kiritilgan. SHuningdek, zamonaviy qonunshunoslik amaliyotiga ko'ra qonunning maqsadi, asosiy printsiplar, qonunning qo'llanilish sohasi, vakolatli organlar va noshirlik sohasi sub'ektlari hamda ularning vakolatlari kabi masalalar alohida moddalarda aniq aks ettirilgan. Bundan tashqari, noshirlikda kontrafakt mahsulotlar aylanishining oldini olish, ijtimoiy ahamiyatga molik adabiyotlarga davlat tomonidan grantlar ajratish va kitob mutolaasi madaniyatini ommalashtirish mexanizmlari kabi muhim masalalar qonunda inobatga olingan.