Nukusdagi koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolash markazi yopildi

    Salomatlik 15 Yanvar 2021 4313

    Nukus shahridagi Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha oliy mahorat maktabida oʻtgan yil avgust oyida tashkil qilingan koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni tashxislash, taqsimlash va davolash markazi yopildi

    Bunga Qoraqalpogʻiston Respublikasida epidemiologik vaziyatning barqarorlashayotganligi sabab qilib koʻrsatilmoqda.

    Markazda davolanayotgan kam sondagi bemorlar Respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi maxsus boʻlimga koʻchirilgan. Markazda ishlayotgan tibbiyot xodimlari bilan shartnomalar bekor qilinib, ular avvalgi ish joylariga qaytarilgan.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, agar hududda epidemiologik ahvol yomonlashgan taqdirda mazkur markaz qayta ochilishiga tayyor holatda.