Katta, ravon yoʻlda mashinamiz yelib borar ekan, koʻz oldimda qishloqdagi qadrdonlarim, yurt manzaralari jonlanadi. Yoʻl azobi – goʻr azobi deganlaridek, avvalgi yillarda koʻrganim – qishloq yoʻllarining abgor holati koʻz oldimda gavdalanadi. Garchi yaqinlarim telefon orqali suhbatda qishlogʻimiz yoʻllari taʼmirlangani haqida bir necha bor “suyunchi” olgan boʻlsa-da, buni tasavvurimga sigʻdira olmayman. Qolaversa, oʻtgan yil bahorda roʻy bergan tabiiy ofatdan koʻrilgan talofat qanchalik tiklandi, pandemiya va tabiat injiqliklari qishloqdoshlarimning hayotida qanday iz qoldirdi, degan savollar xayolimda charx uradi.

Qorakoʻlga kirib kelganimizda atrofni tun qorongʻusi qoplagan edi. Katta magistral yoʻldan tumanimizning ichki yoʻliga tushib borar ekanmiz, yoʻl boʻyida tevarak-atrofga yogʻdu sochib turgan chiroqlar nuridan koʻnglim ravshan tortdi. Yoʻl yoqalab yangidan qad rostlayotgan zamonaviy inshootlar, yangi uylarni koʻrib koʻzim yana-da yashnadi. Tuman hokimiyati binosi oldidan oʻtayotib, bu hudud ham oʻzgacha chiroy ochganini sezish mushkul emas edi. Demak, yaqinlarimning “Qorakoʻlga kelsangiz adashib qolasiz” degan gapida jon bor ekan. Haqiqatan ham yangi qiyofaga kirgan tumanimiz markazini deyarli taniy olmay qoldim. Oʻtgan yilning murakkab sinovlariga qaramasdan, tumanimizda yangi hayot, yangicha joʻshqinlik ruhi kezib yurganini yurt ostonasidanoq his etdim.

Tuman markazidan qishlogʻimizgacha yetib olish uchun yana 15 kilometrga yaqin yoʻl bosishga toʻgʻri keladi. Oʻtgan gal kelganimda bu yoʻl hali toʻla taʼmirlanmagan, chang-toʻzon kechib, oʻnqir-choʻnqirlarda chayqala-chayqala holdan toygan edim. Oʻsha taassurotlar xotiramga qattiq muhrlangan shekilli, gʻizillab borayotgan mashina sal silkinsa, darhol yoʻlga qarayman. Haydovchining “yetib keldik” degan soʻzidan hushyor tortib tevarak-atrofga qaradim. Qishlogʻimizda sokin va osoyishta tun hukmron, hamma shirin uyquda orom olardi. Ravon yoʻllar, obod koʻchalar, musaffo havo, tinchlik-xotirjamlik muhiti qishloqdagi tinch-osuda hayotdan dalolat berardi.

Tabiiy ofat oqibatlari qanday bartaraf etildi?

Qattiq shamoldan zarar koʻrgan xonadonlarning tom qismini qayta tiklash uchun 1222 dona shifer, 230 donadan oshiq taxta yetkazib berildi, – deydi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Gʻ.Xudoyqulov. – Ijtimoiy koʻmakka muhtoj oilalarga moddiy yordam koʻrsatildi. Hozirgi kunda bu xonadonlarning barchasi qayta taʼmirlandi. Maʼlumki, oʻtgan yil 27-aprel kuni respublikamiz hududiga Turkmaniston hududidan kuchli shamol kirib kelib, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida sekundiga 9−40 metrgacha tezlikda shamol esgan edi. Oqibatda uy-joylar, inshootlarga, qishloq xoʻjalik ekinlariga jiddiy zarar yetdi. Davlatimiz rahbari zudlik bilan Buxoro viloyatiga borib, vertolyotda Qorakoʻl va Olot tumanlaridagi holatni koʻzdan kechirdi. Prezidentimizning 2020-yil 28-aprelda “Buxoro viloyatida yuz bergan tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi qabul qilindi. Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha hukumat komissiyasi tuzilib, unga tegishli vazirlik, idora, tashkilot, mahalliy hokimlik vakillari biriktirildi. Boshqa tumanlar kabi Qorakoʻlga ham yurtimizning turli hududlaridan koʻmak karvonlari yetib keldi.

Tuman hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishga 75 milliard soʻmdan ortiqroq mablagʻ sarf qilindi. Shundan 71,5 milliard soʻm byudjet mablagʻlari, 4,5 milliard soʻm homiylar mablagʻlari hissasiga toʻgʻri keldi.

Shuningdek, 1 ming 200 km past va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari, 392 ta transformator, ikki yuzdan koʻproq aloqa ustunlari, 56 kilometr aloqa tarmogʻi toʻliq tiklandi. Natijada yetkazilgan barcha zarar toʻla bartaraf etilib, 14161 ta xonadon, 126 ta ijtimoiy soha obyektlari, 27 ta koʻp qavatli uylarning tom qismlari qayta tiklandi. 29 ming xonadonlar elektr energiyasi, 8,1 ming xonadonlarning tabiiy gaz liniyalari qayta tiklanib ulab berildi. Bu jarayonda tuman aholisi davlatimizning, butun xalqimizning xayrixohligi, yaqin koʻmagini har lahzada his etib turdi va har bir inson oʻz taqdiri misolida bunga yaqqol amin boʻldi.

Obihayot kelgan joy fayzga toʻladi

Qishloq koʻchasi boʻylab yurar ekanman, har bir hovli oldida vodoprovod tarmogʻi yotqizilib, trubalari mahkam oʻrab qoʻyilgani eʼtiborimni tortdi. Yaqinroq borib qarasam, truba tiklangan joyga maxsus qora quti ham oʻrnatilgan ekan. Bu yerga suv hisoblagich oʻrnatilgan edi.

Joriy yil 21-yanvarda Prezidentimizning Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Olot tumani markazida Olot, Qorakoʻl, Jondor va Shofirkor tumanlari faolari, mahalla raislari bilan boʻlgan uchrashuvda bu masalalarga ham eʼtibor qaratilib, Jahon banki ishtirokidagi Olot va Qorakoʻl tumanlari ichimlik suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 139 million dollarlik loyiha yakunlanib, 265 ming aholi ichimlik suvi bilan taʼminlanishi taʼkidlandi. Buning natijasida mazkur ikki tumanda 30 yilda ichimlik suvi taʼminoti 17 foiz boʻlgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 90 foizga yetadi.

Ayni paytda qurilish davom etayotgan “Ikki daha” suv inshooti bitkazilib ishga tushirilgach, sutkasiga 50 ming kub metr suvni tozalaydi. Natijada, 88 ta mahalla aholisi, 50 ta ijtimoiy va sanoat obyekti suv bilan taʼminlanadi. Obihayot isrof boʻlishining oldini olish va toza ichimlik suvidan oqilona foydalanish uchun 51 mingta suv hisoblagich oʻrnatilib, tizimda zamonaviy SCADA texnologiyasidan foydalaniladi.

Bunday xushxabar koʻplab Qorakoʻlliklar qatori meni ham juda mamnun etdi. Zero, toza suv – sogʻlom hayot, farovon kelajak deganidir. Ishonchim komilki, katta mashaqqat evaziga qishloq aholisiga yaratilgan bu zamonaviy sharoitlarni har bir yurtdoshimiz yuksak qadrlaydi. Qishloqlarimizga toza suv bilan birga odamlar hayotiga yangicha maʼno-mazmun, xonadonlarga baxt, surur, shodlik, hayotdan rozilik hissi, yana-da nurli, faraxbaxsh kunlar kirib keladi.

Qorakoʻl terisidan Qorakoʻl maktabigacha...

Ilgari tumanimizning nomi tilga olinganda koʻpchilikning tasavvurida qorakoʻl terilari, qishloq xoʻjaligi va chorvachilik rivojlangan hudud gavdalanar edi. Soʻnggi yillarda Korakoʻl tumani nafaqat agrar soha, balki, sanoat, taʼlim, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalarda ham oʻz oʻrnini namoyon etib borayotgani quvonarlidir. Tuman hokimligi iqtisodiyotni rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Maqsud Suvonqulov bilan suhbatlashib bunga yana bir karra ishonch hosil qildim.

2021-yilda ham bu xayrli ishlar izchil davom ettirilib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida 66 ta yirik loyihalarni amalga oshirish hisobidan tuman iqtisodiyotiga 1 trillion 365 milliard soʻmlik investitsiyalar jalb qilinishi natijasida 2400 ta yangi ish oʻrinlari yaratish yoʻlida qizgʻin ish olib borilmoqda.

Chorvachilik sohasini rivojlantirish maqsadida 2021-yilda tumanda ikkita 1000 boshga moʻljallangan chorvachilik kompleksi ishga tushiriladi. Shuningdek, har bitta hududda kamida 200 boshga moʻljallangan 2 tadan jami 26 ta chorvachilik komplekslari tashkil qilinadi. 2021-yilda tumandagi bir qator korxonalar negizida jami qiymati 2 million dollar boʻlgan 2000 bosh naslli buzoq keltirib boqishni tashkil qilish loyihalari amalga oshiriladi

Ustoz-muallim 1991-2009-yillarda iqtidorli, isteʼdodli oʻquvchilar bilan ishlash, ularni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish borasida ibratli ishlarni amalga oshirib, yurtimizda alohida oʻringa ega boʻlgan taʼlim muassasini jahonga tanitdi. Mazkur maktab bugungi kunga kelib “Xalqaro matematika maktabi” maqomini oldi. Mazkur taʼlim muassasasida yaratilgan zamonaviy sharoitlar tufayli taʼlim jarayonida samarali natijalarga erishilmoqda. 2021-yil 7-13-yanvar kunlari pandemiya sababli onlayn tarzda boʻlib oʻtgan Xalqaro matematika olimpiadasida erishilgan natijalar bunga misoldir. Qozogʻistonda boʻlib oʻtgan ushbu nufuzli xalqaro tanlovda 20 ta davlatdan 146 ta jamoa tarkibida 1000 dan ortiq oʻquvchi yoshlar gʻoliblik uchun bahslashdi. Olimpiada ishtirok etgan oʻzbekistonlik oʻquvchi yoshlar matematika boʻyicha 7 ta kumush va 2 ta bronza, yana bir nafar oʻquvchi fizika fanidan kumush medal sohibi boʻldi. Matematika fanidan qoʻlga kiritilgan 9 medalning 4 tasi Qorakoʻl xalqaro matematika maktabi oʻquvchilariga tegishli ekani yoshlar kamoloti yoʻlida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning yorqin nishonasi boʻldi.

Shu bilan birga, tumanda T.Jumayev tashabbusi bilan 2009-yilda asos solingan yana bir zamonaviy taʼlim muassasasi -- Buxoro davlat universiteti qoshidagi 3-sonli Qorakoʻl akademik litseyi ham faoliyat yuritib kelmoqda. Litseyda fidoyi muallimlarning mehnatlari tufayli ularning iqtidorli shogirdlari dunyoning qator rivojlangan davlatlarida oʻtkazilayotgan koʻplab fan olimpiadalarida gʻolib va sovrindor boʻlayotgani, nufuzli diplomlarni qoʻlga kiritayotgani alohida eʼtirofga loyiq. Hozirga qadar litseyning 3 ming 114 nafar bitiruvchisi, respublika oliy oʻquv yurtlarida, 56 nafari esa xorijiy davlatlar universitetlarida tahsil olgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 21-22-yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash, ishlarni “mahallabay” tizimda tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyat Xalq qabulxonasi tomonidan viloyatning eng chekka va olis hududlari oʻrganildi. Jarayonda 55 ta ijtimoiy-iqtisodiy holati ogʻir boʻlgan qishloq va mahallalar aniqlandi. Oʻrganishlar davomida yoʻl, ichimlik suvi, elektr energiyasi taʼminoti, ijtimoiy soha obyektlarining taʼmirtalab holatlari, maktab, maktabgacha taʼlim tashkiloti, tibbiyot muassasalari yetishmasligi kabi muammolar mavjudligi qayd etildi. Aniqlangan muammolarning bartaraf qilinishini taʼminlash maqsadida, 10 ta eng ogʻir va olis hududlar “Obod qishloq” davlat dasturiga kiritildi. Qolganlari uchun viloyat, tuman va shahar sektor rahbarlarining ommaviy sayyor qabullarini oʻtkazish, uyma-uy yurish va ijtimoiy obyektlarni oʻrganish orqali aholi muammolarini aniqlash va hal qilish, sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatish belgilandi.

Qorakoʻl tumanidagi “Osiyo” mahalla fuqarolar yigʻini ham hududi ana shunday ijtimoiy-iqtisodiy holati ogʻir boʻlgan qishloq va mahallalar toifasiga kiritildi. Bugun mazkur hudud “Obod qishloq” davlat dasturi asosida koʻrkam qiyofa kasb etmoqda. Mahalla fuqarolar yigʻinida mavjud har bir koʻchada tuman hokimligi, ichki ishlar boʻlimi va boshqa tuman tashkilotlari tomonidan barcha ishlar “mahallabay” tashkil etilmoqda. Bunda asosiy eʼtibor aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratildi.

“Osiyo” mahallasida jami 901 ta xonadon mavjud boʻlib, ularda 5 ming 648 nafar aholi istiqomat qiladi. Ayni paytda mahalla “Temir daftar”, “Ayollar daftar”i va “Yoshlar daftar”iga kiritilgan aholining bandligini taʼminlash, kasb-hunarga oʻqitish, moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ish olib borilmoqda. Xususan, “Temir daftar”ga kiritilgan 4 ta oila va ularning 2 nafar aʼzolariga subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish hisobidan issiqxonalar qurib berishga kelishildi. Ularga tegishli mutaxassislar tomonidan amaliy-uslubiy koʻmak berildi.

“Har bir oila — tadbirkor” va boshqa dasturlar orqali 53 nafar fuqarolarga kredit olishga amaliy yordam koʻrsatish choralari koʻrilmoqda. Bu orqali fuqarolar baliq yetishtirish, asalarichilik, issiqxona xoʻjaligi, chorvachilik, parrandachilik yoʻnalishi boʻyicha oʻz tadbirkorligini tashkil etadi.

Shuningdek, oilaviy shifokorlik punkti xodimlari hamda tuman tibbiyot birlashmasining tor doiradagi soha mutaxassislari hamda markaziy kasalxona bosh hamshiralari tomonidan aholi tibbiy xatlovdan oʻtkazilib, ularga sogʻlom turmush tarzi boʻyicha tushuntirishlar berildi.

Butun yurtimizning boshqa hududlari kabi Qorakoʻl tumanining ham har bir qishloq va mahallasida ana shunday xayrli ishlar tobora keng quloch yozmoqda. Buning natijasida har bir inson yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini ertaga yoki olis kelajakda emas, balki, bugun oʻz hayotida his etish baxtiga musharraf boʻlayotir.

Meni chorlagan yogʻdu

Bolaligimda qishlogʻimizning adogʻida yastanib yotgan qirlarga tez-tez borib turardim. Oʻsha balandliklardan qaraganimda uzoq-uzoqlarda charaqlab turgan chiroqlar yogʻdusi jilolanar edi. Kattalardan soʻrab bu tumanimiz markazi – Qorakoʻl shahri ekanini bilganman. Oradan yillar oʻtib bu manzaralar oʻzgarib ketdi. Oʻtgan yillarda hududlar infratuzilmasi rivoji eʼtibordan chetda qolishi natijasida tumanimiz markazi qiyofasiga ham putur yetgan edi.

Bugun esa manzara butunlay boshqacha. Tungi chiroqlar yogʻdusida yangidan qad rostlagan zamonaviy inshootlar, koʻp qavatli uylar, savdo majmualari, koʻngilochar maskanlar shaharcha koʻrkiga koʻrk baxsh etmoqda. Yoʻllarga oʻrnatilgan chiroqlar nafaqat tunni, koʻngilni ham ravshan etadi. Koʻchalarga oʻrnatilgan svetafor yoʻl harakatini tartibga solib, odamlarni ogohlikka daʼvat etadi.

Atrof yorugʻ boʻlgani uchun koʻchada tungi sayrga chiqqan odamlar oqimi tinmaydi. Ularning orasida yoshlar ham nuroniylar ham bor. Baʼzilar oilaviy boʻlib sayr etib yuribdi. Shahar markazidagi toʻyxonalar ham gavjum. Bu yerda karantin qoidalariga rioya etilgan holda toʻy-tantanalar davom etmoqda. Kechki payt boʻlishiga qaramay, savdo va turli majmualar aholiga xizmat koʻrsatmoqda. Odamlarning yuzi-koʻzida tabassum, mamnunlik, baxtiyorlik tuygʻusi barq urib turibdi.

Toʻyxonalarda esa kuy-qoʻshiq baralla yangramoqda. Toʻkin dasturxon atrofida nuroniylar yurtimizga tinchlik, ezgu ishlarga rivoj tilab duo qiladi. Ularga qoʻshilib duoga qoʻl ochar ekanman, bir paytlar koʻnglimga sehr solgan ushbu nurli chiroqlar toabad porlab turishini, yurt ertasi bugundan ham obod boʻlishini niyat qildim.

Bahor XIDIROVA,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri