Binobarin, Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlaridagi ekinzorlar mazkur suv ombori orqali sugʻorilsa, uning quyi qismidagi GESlar quvvati viloyatning janubiy hududlarini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

Mazkur inshootlarning dastlabkisi — “Toʻpolang” GES 2006-yilda ishga tushgan. Bu yerda shundan buyon har biri 15 megavatt boʻlgan ikkita agregat ishlab turardi. Bundan olti yil oldin Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, avvaliga Toʻpolang suv ombori toʻgʻoni 20 metrga koʻtarildi. Natijada uning sigʻimi 380 million kub metrdan 500 millionga yetkazildi.

— Davlatimiz rahbari 2019-yil bahorida ushbu obyektdagi modernizatsiya jarayoni bilan tanishar ekan, ushbu stansiyada navbatdagi ikkita yangi gidroagregatni qurish yuzasidan topshiriq bergan edi, — deydi Toʻpolang gidroelektr stansiyasi rahbari Asror Ulugʻov. — Shu asosda har biri 72,5 MVtdan iborat boʻlgan agregatlar oʻrnatildi. Mana, kuni kecha davlatimiz rahbari uning ishga tushirilishiga start berdi. Natijada GESda ishlab chiqariladigan 145 megavatt “yashil” energiya aholi xonadonlari va tadbirkorlik subyektlariga yetkazib berila boshlandi. Shu tariqa, “Toʻpolang” GESining umumiy quvvati 175 MVtga yetib, mamlakatimizdagi “Chorvoq” GESidan keyingi ikkinchi oʻrindagi stansiyaga aylandi.

Bu yerda qurilgan quvvatlarning oʻziga xos tomoni shundaki, bir suv oqimi orqali koʻp marta “yashil” energiya hosil qilinyapti.

— Buning uchun daryo suvi maxsus bosim ostida, avvalo, “Toʻpolang” GESiga yoʻllanyapti va bu inshoot yangi agregatlarning ishga tushishi bilan oʻz quvvatini qariyb olti barobarga oshirdi, — deydi “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi, senator Abdugʻani Sanginov. — Undan keyin esa, bundan ikki yil oldin ish boshlagan “Zarchob-1” va “Zarchob-2” gidroelektr stansiyalaridagi agregatlarni aylantiradi. Lekin, bu koʻrsatkich daryoning gidroenergiya salohiyatidan toʻliq foydalanilyapti, degani emas. Chunki, yana qoʻshimcha quvvatlar olish imkoni mavjud. Shu sababli jamiyatimiz tomonidan bugungi kunda daryoning quyi qismida 16 MVtli “Zarchob-3” gidroelektr stansiyasi qurilishi boʻyicha dastlabki ishlar boshlab yuborildi.

Bundan tashqari, daryoning yuqori qismida istiqbolli loyihalar asosida keyingi yillarda jami 20 loyiha asosida umumiy quvvati 264 MVt boʻlgan Yuqori Toʻpolang GESlari quriladi. Ushbu jarayonda xususiy sektor tomonidan amalga oshiriladigan mikro GESlarni barpo etishga ham alohida eʼtibor qaratyapmiz. Xususan, yaqin istiqbolda Surxondaryo viloyatida 55 loyiha boʻyicha umumiy miqdori 25,8 MVt boʻlgan yangi quvvatlar ishga tushiriladi. Ularning 8 tasi, yaʼni ”Oʻzbekgidroenergo” AJ barpo etayotgan 5 ta, xususiy sektorning 3 ta loyihasi shu yilning oʻzida aholiga elektr energiyasi yetkazib berishni boshlaydi. Oddiy til bilan aytganda, bir oqim boʻyicha yuqoridan pastga harakatlanib kelayotgan suv sarfidan qayta-qayta unumli foydalangan holda ekologik toza energiya hosil qilinadi.

Toʻpolang daryosida qurilgan va qurilishi rejalashtirilgan GESlar turiga koʻra ham oʻziga xoslikka ega. Masalan, “Toʻpolang” GESi yuqori bosimda ishlash uchun moʻljallangan toʻgʻon oldi quvvatlar turkumiga kirsa, “Zarchob”-1, 2, 3 stansiyalari ochiq va bosimsiz, yopiq derivatsion turdagi stansiyalar turiga mansub. Yuqori Toʻpolang GESlarini dastlabki loyihalariga koʻra, yopiq bosimli derivatsion turda qurilishi moʻljallangan.

Surxondaryo viloyatida mavjud gidroenergetik salohiyatdan samarali foydalanish, yangi quvvatlarni ishga tushirish borasidagi loyihalar koʻlami tobora kengayib boryapti. “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan 2023-2030-yillarda mazkur hududda 81 loyiha yuzasidan 601,4 MVt, yillik ishlab chiqarish hajmi 2 038,2 million kVt.soatga teng boʻlgan yangi quvvatlarni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Yuqorida qayd etilganidek, joriy yilda ularning 8 tasi ishga tushiriladi. Bunda “Toʻpolang” GESning yangilangan quvvati 175 MVt boʻlsa, qolganlari mikro va kichik hamda suv yuzasida turuvchi kinetik turbinali mikro GESlar hissasiga toʻgʻri keladi. Bundan tashqari, mazkur stansiyalarda qoʻllanilgan zamonaviy uskuna va jihozlar, nazorat oʻlchov qurilmalari tizimi obyektlarni xavfsiz va ishonchli boshqarish imkonini beradi.

Soha mutaxassislarining xulosasiga koʻra, “Toʻpolang” suv omboridagi suv manbasi ekologik toza, ichishga yaroqli hamda tarkibiy jihatdan inson organizmi uchun qator foydali mineral xossalarga boy. Undagi suvning qattiqlik darajasi 4 foizni tashkil etishi ham inson sogʻligi uchun foydali hisoblanadi. GESlar agregatini aylantirgan suvlar ham tabiiy jihatdan tozaligini yoʻqotmaydi.

Bu xususiyatlar, oʻz navbatida, Surxondaryo viloyati aholisi uchun muhim boʻlgan yana bir oʻta yirik ijtimoiy loyihani hayotga tatbiq etish imkonini beryapti. Binobarin, vohada foydalaniladigan suv resurslarining umumiy hajmi yiliga 4270 milliard kub metrni tashkil qiladi. Bunda asosiy koʻrsatkichlar Amudaryo, Surxondaryo daryolari hamda Toʻpolang suv ombori hissasiga toʻgʻri keladi.

— Prezidentimizning “Toʻpolang” suv omboridan ichimlik suvi tarmogʻi tortish boʻyicha koʻrsatmalari va bu borada imzolagan qarorlariga muvofiq, ayni kunlarda viloyatning 11 tumanida amaliy ishlar olib borilyapti, — deydi Abdugʻani Sanginov. — Bu juda murakkab loyiha boʻlib, dastavval, “Toʻpolang” suv omborining quyi qismida bosimni soʻndirish, suvni tozalash va tarqatish inshootlarini qurishga toʻgʻri kelyapti. Shundan soʻng, suv avval asosiy inshootga qoʻyiladi, keyin esa magistral quvurga uzatiladi. Yaʼni, suv omboridan tumanlardagi suv taqsimlash tarmoqlarigacha jami 361 kilometr uzunlikdagi quvur tortiladi. Buning natijasida Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 1,7 million aholining suv taʼminoti yaxshilanadi.

Bundan koʻzlangan asosiy maqsad – aholini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlash, kommunal turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, tuman markazlari va qishloq aholi punktlarida yurtdoshlarimiz salomatligini mustahkamlashdan iborat. Uni oʻz vaqtida va sifatli bajarishda bosh loyihachi “Gidroproyekt” AJ bilan Turkiyaning yetakchi “ART Environmental Technologies LTD” kompaniyasi hamkorlik qilmoqda. Bu kompaniya suv quvurlari, tozalash inshootlari, nasos va kanalizatsiya stansiyalarini loyihalashtirishga ixtisoslashgan boʻlib, xalqaro miqyosda ham katta nufuzga ega.

Ayni paytda “Toʻpolang” suv omboridan viloyat hududlariga ichimlik suvini yetkazib berish boʻyicha ishlar qizgʻin davom etyapti. Suv quvurlarini tortish uchun mahalliy va xorijlik mutaxassislar jalb etilgan. Birinchi bosqichda uning ulanish nuqtasi aniqlanib, asosiy suv quvurining taqsimot tugunlari bilan uygʻunlashgan rejasi ishlab chiqildi. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar aholining istiqboldagi oʻsishini hisobga olgan holda amalga oshirilyapti.

— Yaqin istiqbolning 20 yillik tahliliy prognozlariga koʻra, Surxondaryo viloyatining aholisi doimiy ravishda oʻsib, ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoj ham muttasil ortib boradi, — deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gʻayrat Safarov. — Bu borada viloyatning har bir tumani boʻyicha tahliliy hisob-kitoblar tayyorlangan. Misol uchun, hozirda Angor tumani aholisi 134 mingdan koʻproq boʻlsa, 2040-yilga borib qariyb 163 mingga yetishi kutilmoqda. Bu esa ana shu muddatda ichimlik suviga boʻlgan talab 960,31 kub metr sekundni tashkil etishidan dalolat beradi.

Bandixon tumanida ham talabning ana shunday oʻsishini kuzatish mumkin. Hozirda 77 mingdan koʻproq aholi yashayotgan hududda oradan yigirma yil oʻtib, ular soni 93 ming nafardan oshishi kutilmoqda. Natijada ichimlik suv isteʼmoli 501,45 kub metr sekundni taqozo etadi.

Umumlashtiradigan boʻlsak, loyihadan oʻrin olgan tuman va shaharlar aholisi 2040-yilga kelib, qariyb 2 million 416 ming nafarni tashkil qiladi. Ichimlik suv isteʼmoli hajmi esa oʻrtacha 14 08016 kub metr sekundga ortadi.

Bu esa, amalga oshirilayotgan loyihaning Surxondaryo viloyati aholisini ichimlik suvga boʻlgan ehtiyojini taʼminlashda naqadar muhim ahamiyatga ega ekanligini koʻrsatadi. Uning yakunida 11 mingdan ortiq xonadonda yashovchi 44 ming nafardan ziyod insonlarni ilk marta ichimlik suv bilan taʼminlash imkoniyati yuzaga keladi. 18 ming 805 xonadonda yashayotgan 75 mingdan ziyod surxondaryoliklarning bu boradagi taʼminoti tubdan yaxshilanadi. Natijada viloyat aholisini markazlashgan toza ichimlik suv bilan taʼminlash darajasi 70 foizdan oshadi. Qolaversa, 945 xonadon yoki 4 mingga yaqin aholining oqova suv quvuri tizimiga ulanishiga imkon yaratiladi.

Hozirda Sariosiyo – Termiz yoʻnalishi hamda Sariosiyo tumani ichki tarmogʻiga metall quvurlar yotqizib boʻlindi. Sangardak daryosidan oʻtuvchi qismida uzunligi 161 metr boʻlgan dyuker, yaʼni quvur shaklidagi bosimli suv oʻtkazgichni qurish ishlari tugatildi. Jami quriladigan 22 ta suv tozalash inshootining barchasida bir vaqning oʻzida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Suv saqlash va tarqatish inshootlari boʻyicha Sariosiyo tumanida 2 ta va Denovdagi bir dona, yaʼni yirik 20 ming kub metr hajmdagi rezervuarni qurish davom etyapti.

Qurilish-montaj ishlariga bugungi kunda 300 dan ortiq mashina-mexanizmlar hamda 600 nafardan ziyod injener-texnik va ishchi-xodimlar jalb qilingan.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, loyiha doirasida 65 kilometr asosiy va 40 kilometr ichki tarmoq suv quvurlari yotqizildi. Qariyb 3,1 million kub metr yer ishlari amalga oshirildi. Joriy yil yakuni bilan Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlari aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlash rejalashtirilgan.

Ana shunday ezgu maqsad yoʻlida amalga oshirilayotgan ishlarning barchasi 2024-yilda nihoyasiga yetkazilishi moʻljallangan. Uning umumiy qiymati 138 million dollar boʻlib, 1,7 million aholining ichimlik suvga doir muammolarini toʻliq hal etishi hisob-kitob qilingan.

Aytish joizki, “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan qayta tiklanuvchi elektr energiyasini ishlab chiqarish va aholiga yetkazib berish, istiqbolli loyihalarga xorijiy va xususiy investorlar mablagʻlarini jalb qilish, uzoq yillar mobaynida ishlab kelayotgan GESlarni modernizatsiya qilish, mahalliylashtirish jarayonlarini kengaytirishga alohida ahamiyat qaratilyapti. Surxondaryo vohasi aholisini toza ichimlik suv bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan savobli ishlar esa, jamiyat salohiyatining yangi qirralarini namoyon etmoqda. Daryo suvlarining qayta-qayta nurga va toza suvga aylanishi hududlarga charogʻonlik hamda farovonlik keltiraveradi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi