Nurobod tumanidagi Jarquduq qishlogʻi hamda shu hududdagi ”Nurli el chorvadori” masʼuliyati cheklangan jamiyati faxriylari uchun Samarqand shahriga sayohat uyushtirildi. Sayohat davomida mehnati bilan koʻpchilikka ibrat boʻlgan, bugun keksalik gashtini surayotgan hamda moʻl-koʻlchilik yaratish maqsadida gʻayrat koʻrsatayotgan chorvadorlar mamlakatimizda, xususan, qadimiy shhardagi oʻzgarishlar, bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi, tarixiy yodgorliklarini ziyorat qildi.
Oqsoqollar sayohat mobaynida katta oʻzgarishlarning guvohi boʻldilar. Ayniqsa, yangi barpo etilgan “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazini, majmuadagi zamonaviy mehmonxonalar, Kongress xoll, amfiteatr va boshqa koʻplab inshootlarni hayrat bilan tomosha qilishdi. Ularni markazning nomlanishi ham qiziqtirdi.
Uning “Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazi deb atalishida chuqur maʼno bor ekan. Bu yerda oʻsha davrga oid tarixiy manzaralar aks ettirilgan. “Boqiy shahar” majmuasi bezaklarida qadimiy Afrosiyob devorlarida saqlanib qolgan Sugʻd davlati hukmdorining Koreya, Xitoy, Hindiston va boshqa mamlakatlar elchilarini qabul qilish marosimi tasvirlaridan foydalanilgan.
“Buyuk ipak yoʻli” xalqaro turizm markazida tashkil etilgan qadimiy bozor, 40 ta hunarmandchilik ustaxonasida ustalar yogʻoch oʻymakorligi, kulolchilik, zargarlik, gilam toʻqish kabi jarayonlar sayyohlarga namoyish etilyapti. Nuroniylar Registon ansambli, Shohi Zinda yodgorlik majmuasi, Amir Temur maqbarasi, “Afrosiyob” tarixiy muzeyi, Hazrati Xizr ziyoratgohi va yana koʻplab tarixiy obidalarni ham ziyorat qildilar.
Toʻlqin Rahimov,
Nurobod tumanidagi “Nurli el chorvadori” masʼuliyati cheklangan jamiyati raisi