Tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yangi mahsulot va xizmat turlarini joriy etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali ular uchun tartibga solish yukini kamaytirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–60-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil hamda Savdo-sanoat palatasining davlat tomonidan tadbirkorlik faoliyatini faqatgina quyidagi vositalar orqali tartibga solish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:
tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish;
tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatining ayrim turlari bo‘yicha litsenziyalash, ruxsat berish hamda xabardor qilish tartib-taomillarini joriy etish;
texnik jihatdan tartibga solish;
tarif va notarif tartibga solish;
qonunda belgilangan tartibda tadbirkorlik sub’ektlarining javobgarligini majburiy sug‘urta qilish;
davlat nazorati;
raqobatni himoya qilish;
qonun bilan tadbirkorlik sub’ektlari hamda ularning mansabdor shaxslari javobgarligini o‘rnatish;
hisobotlarni joriy etish;
o‘zini o‘zi tartibga soluvchi tashkilotga a’zolik (ishtirok etish) asosida o‘zini o‘zi boshqarishni joriy etish.
Qonunlar bilan tadbirkorlik faoliyatini tartibga solishning boshqa vositalari ham belgilanishi mumkin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish vositalari tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan tovarlar, bajariladigan ishlar, ko‘rsatiladigan xizmatlarning inson hayoti va sog‘lig‘i uchun xavfsizligini, uning qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek, davlat xavfsizligini ta’minlash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida faqat normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar asosida joriy etiladi;
normativ-huquqiy yoki texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat hisoblanmagan hujjatlarda belgilangan tartibga solish vositalari huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.
3. Quyidagi talablar 2023 yil 1 yanvardan bekor qilinsin:
tadbirkorlik sub’ektining ustav fondini (ustav kapitalini) kamaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilinganda kreditorlarni yozma ravishda xabardor qilish va ommaviy axborot vositalarida bu haqida e’lon berish;
yangi import avtomobillarini sotish faqat yuridik shaxslar –ishlab chiqaruvchi korxonalarning rasmiy dilerlari tomonidan
amalga oshirilishi;
elektr energiyasini elektr ta’minoti shartnomasida belgilangan hajmlardan (oylik shartnomaviy miqdordan) ortiqcha iste’mol qilgan yuridik shaxslarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish;
yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan yollangan xodimlarni Yagona milliy mehnat tizimida hisobga olish orqali davlat soliq xizmati organlarida alohida hisobga qo‘yish.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 martdan:
soliq to‘lovchilarga soliq organlarining sayyor soliq tekshiruvlari va soliq auditi natijalari bo‘yicha qabul qilgan qarorlari ustidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilish huquqi beriladi;
axborot xavfsizligi talablariga rioya etgan holda mulkchilik shaklidan qat’i nazar barcha yuridik shaxslarga Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali tijorat xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali nodavlat xizmatlar ko‘rsatish tartibi Axborot texnologiyalari
va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadi;
Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan amalga oshiriladigan bir shartnoma summasi bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan davlat xaridlari bo‘yicha buyurtmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida bajarilishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
vazirlik (idora, muassasa) va uning tarkibidagi tashkilot (muassasa) o‘rtasida qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 3 500 baravari va undan yuqori bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinishi taqiqlanadi.
5. Adliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2023 yil 1 yanvardan boshlab 1-ilovaga muvofiq sohalar bo‘yicha yuridik shaxs bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarining zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi mahsulot va xizmatlarni yoki boshqa intellektual faoliyat natijalarini nazorat qilinadigan cheklangan muhitda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha faoliyatini maxsus tartibga solishni nazarda tutuvchi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini (keyingi o‘rinlarda – Maxsus huquqiy rejim) joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2023 yil 1 yanvardan:
a) Maxsus huquqiy rejim doirasida tadbirkorlik sub’ektlariga quyidagilarga ruxsat etiladi:
yangi mahsulot va xizmatlarni ishlab chiqish, aprobatsiya qilish va joriy qilish yo‘nalishlaridagi faoliyatini cheklangan vaqt, hudud va shaxslar doirasida maxsus tartibga solish orqali ayrim qonunchilik hujjatlari normalariga amal qilmaslik;
litsenziyasiz va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tmasdan faoliyatni amalga oshirish, bundan davlat siri va qonunchilikka muvofiq foydalanish cheklangan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar mustasno;
b) Maxsus huquqiy rejim tegishli vakolatli organ va tashabbuskor o‘rtasida har bir loyiha bo‘yicha alohida tuziladigan kelishuvga asosan joriy etiladi. Bunda:
kelishuvda loyihani amalga oshirishning talab va shartlari, shu jumladan, muddati, hududi va shaxslar doirasi, tashabbuskorga tatbiq etilmaydigan qonunchilik normalari ro‘yxati hamda loyiha natijalarini baholash mezonlari (indikatorlari) belgilanadi;
har bir loyiha bo‘yicha Maxsus huquqiy rejimning amal qilish muddati ko‘pi bilan uch yilni tashkil etadi;
v) Maxsus huquqiy rejim yakunlari bo‘yicha tegishli vakolatli organ tomonidan bir oy muddatda:
sinovdan o‘tkazilgan mahsulot va xizmatlarni joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan tahlil o‘tkaziladi;
mahsulot va xizmatlarni joriy etish maqsadga muvofiq deb topilganda, qonunchilik hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.
Vazirlar Mahkamasi 2023 yil 1 yanvarga qadar “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizomni, shu jumladan, uni aniq yo‘nalishlar kesimida amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlasin.
Adliya vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda tegishli vakolatli organlar bilan birgalikda 2025 yil 1 yanvarga qadar Maxsus huquqiy rejim joriy etilgan loyihalar tahlili natijalari bo‘yicha “Maxsus huquqiy rejim to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF–60-son Farmoni bilan tadbirkorlikka oid barcha majburiy talablarni Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestriga (keyingi o‘rinlarda – Yagona reyestr) kiritish, takrorlanuvchi va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan majburiy talablarni qayta ko‘rib chiqish tartibi joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
8. Belgilansinki:
a) Yagona reyestr tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari bo‘yicha o‘rnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, ular bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlar, talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralarini o‘z ichiga oladi;
b) Yagona reyestrga ma’lumotlar tegishli sohani tartibga soluvchi vakolatli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan kiritiladi;
v) Adliya vazirligi Yagona reyestrning operatori hisoblanadi, Yagona reyestr yuritilishini uslubiy ta’minlaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
g) Yagona reyestr quyidagi bosqichlarda shakllantiriladi:
birinchi bosqichda (2023 yil) – qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, ta’lim va transport sohalaridagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi;
ikkinchi bosqichda (2024-2025 yillar) – barcha sohalardagi majburiy talablar ro‘yxati shakllantiriladi;
d) Yagona reyestrni shakllantirish jarayonida majburiy talablarning dolzarbligi tanqidiy tahlil qilinadi, tartibga solish ta’siri baholanadi va ularning soni qisqartiriladi;
ye) Yagona reyestr 2025 yil 1 iyuldan boshlab to‘liq ishga tushiriladi. Bunda, Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.
Yagona reyestrni shakllantirish sxemasi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Adliya vazirligi ikki oy muddatda Yagona reyestrni shakllantirish, yuritish va ma’lumotlarni yangilab borish tartibini Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.
9. Tadbirkorlik sub’ektlari uchun tartibga solish yukini kamaytirish bo‘yicha ishchi guruh (keyingi o‘rinlarda – Ishchi guruh) 3-ilovaga muvofiq tarkibda tashkil etilsin.
Ishchi guruh (J.Xodjayev) tegishli tashkilotlar mutaxassislaridan iborat kichik ishchi guruhlarni tuzgan holda mazkur Farmonning 8-bandiga muvofiq tartibda va muddatlarda majburiy talablarni qisqartirish, ularning yagona reyestrini shakllantirish ishlarini tashkil etsin.
10. Tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda sohadagi byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
11. Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda:
mazkur Farmon bilan joriy etilgan yangi tartib-taomillarni amalga oshirish mexanizmlarining Tadbirkorlik kodeksi loyihasida nazarda tutilishini ta’minlasin;
qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari J.A.Xodjayev, adliya vaziri R.Q.Davletov hamda Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil D.S.Kasimov belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2022 yil 9 noyabr