Ob-havo haqidagi tezkor, aniq va ishonchli ma'lumotlar nafaqat kundalik hayotimizda, balki ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlar rivojida ham muhim o'rin tutadi. Biroq mamlakatimizda yillar davomida mazkur sohaga etarli e'tibor berilmagani oqibatida bu yo'nalishga zamonaviy uskunalar va texnologiyalarning tatbiq etilishi talab darajasida emas edi. Aerologik kuzatuv 1995 yildan buyon o'tkazilmaydi. Bu esa ob-havo ma'lumotlarining ishonchli va aniq bo'lish darajasini pasaytirmoqda. SHu bois, gidrometeorologiya xizmatini zamonaviy ilm-fan yutuqlari asosida rivojlantirish, aholini va iqtisodiyot tarmoqlarini gidrometeorologik ma'lumotlar bilan ta'minlash bugungi kunning dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Joriy yil 3 noyabrda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizda gidrometeorologiya xizmati faoliyatini takomillashtirish bo'yicha ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan yig'ilishda soha faoliyati chuqur tahlil etilib, gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish bilan bog'liq muhim vazifalar belgilandi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 17 noyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmati faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida bu yo'nalishda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar o'z ifodasini topdi.

Xususan, 2020-2025 yillarda ­O'zbekiston Respublikasi gidrometeorologiya xizmatini rivojlantirish kontseptsiyasi, uni 2020-2022 yillarda amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi”, Gidrometeorologiya xizmati markazi kuzatuv tarmog'ini kengaytirish va avtomatlashtirish bo'yicha dastur tasdiqlandi.

O'zbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori SHerzod HABIBULLAEV bilan mazkur hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash, gidrometeorologiya xizmati tizimini takomillashtirish, sohada ilm-fan, innovatsiyalar yutug'idan keng foydalanish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida suhbatlashdik.

— Mamlakatimiz gidrometeorologiya xizmati mintaqamizda gidrometeorologiya, iqlim o'zgarishi va atrof-muhit ifloslanishi monitoringi sohasidagi masalalarni hal etish uchun maxsus vakolatli organ hisoblanadi, — deydi SH.Habibullaev. — Bugungi kunda milliy gidrometeorologiya xizmati 330 dan ortiq gidrometeorologik kuzatuvlar va atrof-muhit ifloslanishi monitoringini olib boruvchi punktlarni birlashtirib, ular yordamida 240 turdan ortiq prognostik, sun'iy yo'ldoshlardan olinadigan, tahliliy, ixtisoslashtirilgan va ma'lumotnoma tusidagi gidrometeorologik mahsulotlar tayyorlanmoqda. To'plangan ma'lumotlar nafaqat mamlakatimiz aholisi va ishlab chiqarish tarmoqlarimiz uchun, balki mintaqa va xalqaro miqyosda ham muhim manba bo'lib xizmat qilmoqda. SHu bois, sohani zamon talabidan kelib chiqib tubdan rivojlantirish xavfsizlik va barqaror rivojlanishga erishishda muhim ahamiyatga ega.

Joriy yil 3 noyabrda bo'lib o'tgan yig'ilishda sohaning bugungi holati chuqur tahlil etilib, istiqboldagi vazifalar belgilab berildi. Amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar to'rtta yo'nalishni o'z ichiga oladi. Avvalo, zamon talabiga mos kelmaydigan texnika-texnologiyalarni yangilash lozim. Texnikalarni shunchaki yangilash emas, yangi zamonaviy postlar yaratish, avtomatlashtirilgan tizimga solish, zamon talablariga mos ravishda real vaqt ichida ma'lumotlar olish bo'yicha tizim yaratish oldimizda turgan muhim vazifadir.

Hozirgi foydalanib turgan sun'iy yo'ldosh ma'lumotlar bazasi, er usti stantsiyalari va postlari etarli darajada bo'lmaganligi va ularning to'liq avtomatlashmaganligi hisobiga tizimdagi ma'lumotlarni tezkor olish imkoniyati past edi. SHundan kelib chiqib, havoning o'zgarishi, bulutlarning yo'nalishi, shamol, suvlarning oqim, atrof-muhit ifloslanishi monitoringi bo'yicha yagona geografik axborot-tahliliy geoportalini ishga tushirish rejalashtirilyapti. SHuningdek, 2022 yilning yakunigacha O'zgidrometning arxiv fondida qog'oz shaklida saqlanib kelinayotgan gidrometeorologik va atrof-muhit ifloslanishi monitoringi ma'lumotlarini raqamlashtirish orqali ma'lumotlarning yagona elektron fondi shakllantiriladi. Gidrometeorologik kuzatuv tarmog'i stantsiyalari va postlari soni amaldagi 335 tadan 397 taga, ya'ni 62 taga ortadi. Soha faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, rivojlantirish va ulardan samarali foydalanish hamda hozirgi kun talablariga javob beradigan veb-resurslarni shakllantirish va ularning mobil` ilovalari joriy etilishi kutilmoqda. Sohadagi bu tub o'zgarishlar faoliyatimizga zamonaviylik olib kiradi, tezkorlik va ma'lumotlar aniqligini oshiradi. eng asosiysi, ro'y berishi mumkin bo'lgan tabiiy ofatlardan oldindan xabardor bo'lish tizimi yo'lga qo'yiladi. Bu esa aholi xavfsizligini ta'minlashning muhim omilidir.

Sohada xizmat ko'rsatish jarayonlarini bosqichma-bosqich tijoratlashtirish masalasi kun tartibiga ko'tarilmoqda. Bu gidrometeorologiya sohasi rivojida qanday o'rin tutadi?

— Meteorologik ma'lumotlarga bugun inson ehtiyoji har qachongidan ham oshgan. Kundalik ishlarimizni rejalashtirishda ob-havo qanchalik muhim o'rin tutsa, turli sohalarda ishlarni tashkil etishda ham shunchalik ahamiyatli. SHu bois, ob-havo haqidagi aniq va tezkor ma'lumotlarning qiymati baland xisoblanadi. Biroq hozirgi kunda bizning tizimda xizmat narxlari xarajatga nisbatan kam bo'lib, 15 yildan buyon ko'rib chiqilmagan. SHu bois, bu yo'nalishdagi ishlarni qayta ko'rib chiqish va pulli xizmatlar qamrovini kengaytirish lozim. Bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko'p. Masalan, kelgusi yili davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida bittadan quyosh elektr stantsiyasi, 2022 yilda uchta quyosh va bitta shamol elektr stantsiyasi barpo etiladi. Ularda ishlab chiqarish hajmini rejalashtirish uchun meteorologiya xizmatlariga zarurat mavjud. SHuningdek, ob-havoni prognoz qiluvchi internet platformalar, klasterlar va xorijiy ilmiy muassasalarga pulli xizmatlar ko'rsatish mumkin bo'ladi.

O'zgidromet Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy markazi hisoblanadi. Bu maqomni saqlab qolish va xalqaro aloqalarni rivojlantirish borasida qanday chora-tadbirlar rejalashtirilyapti?

— Darhaqiqat, O'zgidromet Markaziy Osiyo davlatlari uchun Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy ixtisoslashtirilgan meteorologiya markazi, shuningdek, Jahon meteorologiya tashkiloti Jahon ob-havo xizmatining gidrometeorologik ma'lumotlarni to'plash, ishlov berish va tarqatish bo'yicha mintaqaviy telekommunikatsiya markazi funktsiyalarini bajarib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari bu maqomni saqlab qolish muhimligini ta'kidlab, 2022 yilda Samarqandda zaxira ma'lumotlarni yig'ish, qayta ishlash va saqlash bo'yicha mintaqaviy xab tashkil qilishga ko'rsatma berdi.

Gidrometeorologiya xizmati markaziga kelgusi yilda har bir viloyatda qo'shimcha agrometeorologiya postlarini tashkil etish bo'yicha topshiriq berildi. Jahon oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkilotining grant loyihalari doirasida Jizzax va Qashqadaryoda agrometeorologiya va meteorologiya stantsiya va postlariga avtomatik o'lchov vositalari o'rnatilib, xizmatlar sonini amaldagi 9 tadan 14 taga etkazish, keyinchalik buni barcha hududlarda keng joriy etish muhimligi ta'kidlandi. Fermer xo'jaligi va klasterlarga onlayn xizmat ko'rsatadigan dasturiy ta'minot ishlab chiqish vazifasi qo'yildi.

SHuningdek, sohadagi ilmiy ishlarni rivojlantirish, kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirishga e'tibor kuchayadi. Bu borada Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi va O'zgidrometning Toshkent gidrometeorologiya kolleji negizida Toshkent gidrometeorologiya texnikumini tashkil etilishi ayni muddao bo'ldi. Aytish joizki, texnikumda Jahon meteorologiya tashkilotining mintaqaviy o'quv markazi sifatida gidrometeorologiya sohasida o'rta bo'g'in mutaxassislarini tayyorlash barobarida gidrometeorologiya, xavfli gidrometeorologik hodisalardan ogohlantirish va ularning oldini olish, aviatsiyaga meteorologik xizmat ko'rsatish va atrof-muhit ifloslanishi monitoringi sohasida faoliyat yurituvchi xodimlarning malakasi oshiriladi.

Bundan tashqari, O'zgidrometning BMT Jahon Meteorologiya Tashkiloti, Evropa ob-havoni prognozlash markazi (ECMWF), MDH mamlakatlari milliy gidrometeorologiya xizmatlari bilan hamkorlik kengayadi.

Ob-havoni oldindan aniq va tezkor prognoz qilishda o'zimizdagi meteostantsiyalarning ma'lumoti etarlimi yoki bu borada xorijiy meteostantsiyalar bilan ma'lumot almashish zarurmi?

— Ob-havoni prognoz qilishda Jahon meteorologiya tashkilotining o'z talablari bor. Sinoptik mutaxassislarimiz ob-havoni prognoz qilishda, ya'ni dalillar va ma'lumotlar asosida oldindan aytib berishda ana shu talablar asosida ish yuritadi. Prognozlarni ishlab chiqishda, asosan, ob-havo xaritalari asosida tuzilgan meteo ma'lumotlardan foydalaniladi. Ob-havo xaritalari uch turda bo'ladi. Bular — er ustidagi meteorologik ma'lumotlar, atmosfera havosining balandliklar kesimidagi meteorologik ma'lumotlar hamda turli Er sun'iy yo'ldoshlari yordamida olingan meteo tasvirlar asosida ishlab chiqilgan xaritalardan iborat.

Dunyoda mavjud meteorologiya stantsiyalarida har uch soatda bir vaqtda uzluksiz meteoma'lumotlar uzatib boriladi. Bu ma'lumotlar asosida er ustidagi ob-havo xaritalari ishlab chiqiladi. Bu ma'lumotlar meteorologiyada eng ishonarli ma'lumotlar bo'lib, bunda bir vaqtning o'zida butun dunyodagi ob-havo ma'lumotlari bitta xaritada mujassamlashadi. Unda turli oqimlar harakati yaqqol tasvirlanadi. Har bir oqimning fizik xossalari iqlimshunos olimlar tomonidan atroflicha o'rganilgan bo'lib, oqimlar harakatiga qarab, keyingi kunlik ob-havo prognozlari ishlab chiqiladi. Dunyoda barcha meteorologik stantsiyalar berib borayotgan ma'lumotlar bir tizimga joylashgan.

Gidrometeorologiya sohasida ilmiy salohiyatimizga qanday baho berasiz va bu borada qaysi xorijiy ilm-fan markazlari bilan hamkorlik qilinadi?

— Barcha tarmoqlarda bo'lgani kabi gidrometeorologiya sohasida ham ilm-fan yutuqlaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda mamlakatimizda bu yo'nalishda turli ilm-fan muassasalari qatorida mintaqamizda yagona Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti faoliyat yuritadi. Institutda uch yo'nalishda — meteorologiya, gidrologiya, atrof-muhit monitoringi yo'nalishida ilmiy izlanishlar olib boriladi. Olimlarimiz ilmiy loyihalarni amalga oshirishda Germaniya, Rossiya, YAponiya, Janubiy Koreya, Turkiya kabi mamlakatlarning jahondagi etakchi ilmiy markazlar mutaxassislari bilan hamkorlik qilmoqda.

Ayni paytda tizimda amalga oshirilayotgan amaliy ishlar bilan bir qatorda ilmiy tadqiqot loyihalari ko'lamini kengaytirish yuzasidan ham izlanishlar yo'lga qo'yilgan. 2021-2023 yillarda bu yo'nalishda o'n beshta ilmiy loyiha bo'yicha izlanishlar olib borish ko'zda tutilgan. Bu loyihalarda rivojlangan davlatlarda bo'lib turgan mutaxassislarimiz salohiyatidan ham foydalanish rejalashtirilyapti.

Suhbatimiz xulosasida ta'kidlash joizki, jamiyatimizning boshqa sohalari kabi gidrometeorologiya xizmati va ilm-fan tizimida ham bugun yangilanishlar jarayoni boshlandi. Bu o'zgarishlar natijasida qisqa muddatda gidrometeorologiya tizimi qiyofasi butkul yangilanadi. Bu yangilanishlardan, eng avvalo, xalqimiz, jamiyatimiz, qolaversa, butun insoniyat, dunyo ilm-fani katta foyda ko'radi.                                       

 

“YAngi O'zbekiston” muxbiri

Bahor XIDIROVA suhbatlashdi.