“Obod mahalla” dasturi ijrosi Prezident Xalq qabulxonalari nazoratida

    Mamlakatimizda 12 Avgust 2021 1339

    Respublikamizning barcha hududlari boʻylab keng quloch yozgan bunyodkorlik ishlari poytaxtimiz mahallalarida oʻz aksini topmoqda. Xususan, Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonasi boshchiligida “Obod mahalla” dasturi doirasida Chilonzor tumanida ham katta koʻlamdagi ishlar boshlab yuborilgan.

    Ikkinchi sektordagi “2-Katta Chilonzor” mavzesida 225-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi 1960-yilda qurilgan boʻlib, bosh-oyoq eskirib bitgan edi. Dastur doirasida qariyb 1,4 milliard soʻm ajratilgach, bu yerda ham katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari boshlanib ketdi. Ayni paytda 120 oʻrinli muassasaning tomi, eshik-romlari toʻliq almashtirilmoqda. Yoʻlaklar betonlanib, kanalizatsiya tizimi yangilanayotir. Bolalar ayvonchalari ham tez orada yangidan bunyod etiladi.

    Shu hududdagi 215-sonli maktabgacha taʼlim tashkiloti qurilganiga 61 yil boʻldi. Yillar toʻzoni oʻz kuchini koʻrsatib, bu muassasa binosiyu jihozlari, muhandislik kommunikatsiya tizimi, umuman, bogʻchadagi butun infratuzilma ogʻir ahvolga kelib qolgan edi. Mazkur muammolarni hal qilish uchun dastur doirasida 1 milliard 631 million soʻm ajratilgach, mazkur muassasada ham qurilish-taʼmirlash ishlariga kirishildi. Jumladan, bino tomlari yangilanmoqda, eshik-romlar yangisiga almashtirilmoqda. Bogʻchada guruh va sanitariya-gigiyena xonalari, tibbiyot xonasi, musiqa zali, oshxona, oʻyin maydonchalari, yozgi ayvonchalar barpo etilmoqda.

    “Katta Chilonzor” mahallasidagi 34-oilaviy poliklinikada hududdagi 29,2 mingdan ziyod aholiga tibbiy xizmat koʻrsatiladi. Muassasa binosida ham ayni paytda joriy taʼmirlash ishlari boshlab yuborilgan. Bu maqsadlar uchun ajratilgan 1 milliard 876 million soʻm mablagʻ evaziga poliklinikada shifokorlarning zamonaviy sharoitda ishlashi uchun katta imkoniyat yaratiladi.

    Shu hududdagi 6-sonli musiqa va sanʼat maktabida ham ishlar qizgʻin. Maktab binosining eskirgan fasadi yangilangach, muassasa chiroyli koʻrinishga keldi.

    Toʻrtinchi sektordagi “Fidokor” mahalla fuqarolar yigʻinida joylashgan 359-sonli davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti binosi joriy taʼmir koʻrgan, issiqlik tizimidagi muammolar bartaraf etilib, deraza romlar yangilangan boʻlsada, bolalar maydonchasi talab darajasida emas edi. Masala hal qilinib, bolajonlar uchun maxsus zamonaviy maydoncha bunyod etilyapti.

    “Obod mahalla” dasturi bilan ikkinchi sektordagi «Charx Kamolon» mahallasining ham butkul taʼmirtalab koʻchalari ravon yoʻllarga aylantirilmoqda. Ayni paytda mahallaning Zavqiy koʻchasidagi 1,9 ming kvadrat metr qismi asfaltlanmoqda.

    Navbatdagi manzilimiz – «Katta Qozirobod» mahallasi. Kichik halqa yoʻlida joylashgan koʻp qavatli uchta uyning fasadi ham, atrofi ham oldin koʻp abgor edi. Mahallani obodonlashtirish uchun yetarlicha mablagʻ ajratilgach, uylarning fasadi yangilandi, yoʻlaklar betonlandi. Ichki yoʻllarning 3,2 ming kvadrat metr qismi asfaltlandi. Bolalar maydonchasi, vork-autlar bunyod etildi.

    Bu kabi bunyodkorlik ishlarini birinchi sektorda joylashgan “Sharq tongi” mahallasidagi 84-, 85-uylar atrofida ham kuzatish mumkin. Uylarning oldi asfaltlanib, bolajonlar uchun maydoncha, vork-autlar barpo qilingan. Kirish yoʻlaklari beton qilinib, obodonlashtirilgan.

    Mahallalarni obodonlashtirish borasidagi amaliy ishlar natijalari “Sharq” mahallasida ham koʻzga koʻrinib qolgan. Koʻp qavatli uylar oldidagi soʻlim saylgoh odamning bahri dilini ochadi. Bunday maskanlar nafaqat bolalarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish, balki salomatligini mustahkamlash, ularni jismonan chiniqtirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Maydonchada oʻnga yaqin oʻyin qurilmasi, ochiq suv havzasi bunyod qilinib, shinam oʻrindiqlar oʻrnatilgan.

    Mavsumiy yogʻingarchiliklar oqibatida “Zarqoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻinidagi 23-, 24-uylar atrofida choʻkish hosil boʻlgani haqida Prezident Xalq qabulxonasiga murojaat kelib tushgach, vaziyat joyiga chiqib oʻrganildi. Bu choʻkishning yonginasida bolalar maydonchasi borligi uning xavfliligini yana-da kuchaytirayotgan ekan. Shundan soʻng zarur texnika va ishchi kuchi jalb qilinib, muammoni joyida hal qilishga kirishildi.

    Shu hududdagi 3-a uy aholisidan esa bolalar maydonchasi qurib berish boʻyicha murojaat kelib tushgan. Tumandagi obodonlashtirish ishlari jarayonida ushbu masalaga ham yechim topildi. Ayni paytda bu yerda zamonaviy maydoncha qurilmoqda.

    “Guliston” mahallasiga esa yangi asfaltlangan yoʻllar orqali kirib bordik. Belgilangan rejaga koʻra hududdagi 5.5 ming kvadrat metr yoʻl asfalt qilinadi va hozirgacha 4 ming kvadrat metrda ishlar yakunlanibdi. Bunday ravon yoʻllar bilan piyodalar va avtomobillar harakatlanishiga katta qulaylik yaratilmoqda.

    “Bektoʻpi” mahallasida ayni paytda mahalladagi uylar atroflari obodonlashtirilmoqda.

    Ikkinchi sektordagi «Novza» mahallasida esa eskirib ketgan yoʻlaklar taʼmirlanib, yangilanmoqda. Hududdagi uylar oldida piyodalar harakatlanishi va velosipedda sayr qilish uchun yoʻlaklar qurilmoqda.

    Toʻrtinchi sektorga oʻtamiz. “Botirma” mahallasi katta qurilish maydoniga aylangan. Koʻp qavatli 4 ta uy oldida 3 ta ekskavator, 3 ta kran, 4 ta yuk mashinasi va 200 nafardan ziyod ishchilar hududni obodonlashtirish bilan band. Bu yerda bolalar maydonchasi, vorkautlar quriladi. Hozirgacha 120 kvadrat metr ichki yoʻlaklar barpo qilindi va bu raqam tez orada ikki barobarga oshiriladi. Shu bilan birga 200 kvadrat metr maydonda avtoturargoh bunyod etiladi. Irrigatsiya tarmoqlari ham yangilanib, qor-yomgʻir suvlari chiqib ketishi uchun sharoit yaratilmoqda. Uylarning fasadi boʻyalmoqda. Aholi uchun noqulaylik keltirib chiqarayotgan sim toʻsiqlar olib tashlanayotir.

    Bunday bunyodkorlik ishlari Prezident Xalq qabulxonalari boshchiligida poytaxtimizning boshqa mahallalarida ham davom etmoqda.