“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosini nazorat qilish uchun elektron dastur ishga tushirildi

    Raqamlashtirish 26 May 2021 2084

    2021-yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar doirasida 7 794 ta qishloq va mahallada 20,8 trln soʻmlik qurilish, taʼmirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    Dasturlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirilishini nazorat qilish maqsadida maxsus elektron dastur ishga tushirildi.

    Taʼkidlanishcha, dasturlar ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazoratini yoʻlga qoʻyish maqsadida maxsus telegram-bot — @obod_mahalla_dasturi_bot ham ishlab chiqilgan.

    “Agar Siz yashayotgan hududda „Obod qishloq“ va „Obod mahalla“ dasturlari doirasida qurilayotgan bino-inshootlarda kamchiliklarni payqasangiz, qurilish ishlarining sifatsiz olib borilayotgani yoki toʻxtab qolganining guvohi boʻlsangiz, asl holatni suratga oling va maxsus telegramm-botga joylashtiring”, deyiladi xabarda.

    Buning uchun mavjud kamchiliklarni suratga olish, telegramm-botga kirib, obyekt joylashgan hududni belgilash va yuborish talab etiladi.

    Maxsus elektron dastur esa “Ishchi guruh”ni avtomatik tarzda qizil belgi bilan kelib tushgan murojaat haqida xabardor qiladi. Shundan soʻng, mavjud salbiy holatni bartaraf etish choralari koʻriladi.

    Bosh prokuratura oʻz uyi, mahallasiga befarq boʻlmagan vatandoshlarni jamoatchilik nazoratida faol ishtirok etishga chaqirmoqda.

    “Dasturlarning samarali, sifatli va oʻz vaqtida bajarilishiga hissa qoʻshing!”, deyiladi xabarda.