Oradan koʻp oʻtmay ishga tushgan “Ochiq byudjet” axborot portali orqali fuqarolar nafaqat bu boradagi maʼlumotlari bilan tanishib borishlari, balki bushbu jarayonda oʻzlarini qiynab kelayotgan muammolarni aynan oʻzlarining tashabbuslari asosida hal qilish imkoniyati yaratildi. 2021-yilda esa, “Tashabbusli byudjet” tizimiga asos solindi.

Uning tartib-tamoiliga koʻra, qiymati bir milliard soʻmgacha boʻlgan ijtimoiy soha obyektlarini taʼmirlash, ularning moddiy-texnik bazasini shakllantirish, hududlar infratuzilmasini yaxshilash va obodonlashtirishga doir takliflarni portal orqali ilgari surish mumkin. Eng koʻp ovoz olgan takliflar gʻolib deb topiladi va davlat byudjeti hisobidan moliyalashtirilib, muammo oʻz joyida hal etiladi.

— Oʻtgan yili uch bosqichda oʻtgan “Tashabbusli byudjet” jarayonida fuqarolar tomonidan 41 mingdan ortiq taklif bildirildi, — deydi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Azim Hasanov. — Ular tahlil qilinganda, eng qiynab kelayotgan muammo sifatida 13 853 tasi, yaʼni jami takliflarning 34 foizi ichki yoʻllarni taʼmirlash va tartibga keltirishga qaratilgani, gʻolib deb topilgan qariyb 1600 tashabbusning 400 ga yaqin aynan ana shu masalani oʻzida mujassam etgani ayon boʻldi.

Barcha gʻolib deb topilgan tashabbuslarni moliyalashtirish uchun “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” mablagʻlari xisobidan jami 407,1 milliard soʻm yoʻnaltirildi, Una shu mablagʻlar doirasida hududlarda qariyb 300 kilometrga yaqin ichki yoʻllar va piyodalar yoʻlaklari taʼmirlandi. Jumladan, birgina Qashqadaryo viloyatining oʻzida 46 ta taklif doirasida 13,1 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ sarflanishi natijada 37,8 kilometr yoʻllarda taʼmirlash ishlari olib borildi. Shundan, qariyb 28 kilometri asfaltlashtirilgan boʻlsa, 10 kilometrga yaqin tuproqli yoʻllarga shagʻal yotqizilgan.

TOʻRT YILDA TUPROQLI YOʻLLAR QOLMAYDI

Bu fikrni Avtomobil yoʻllar qoʻmitasi raisi Abdurahmon Abduvaliyev Oliy Majlis Senatining oʻtgan yil oktyabr oyida boʻlib oʻtgan yalpi majlisida bildirgan edi. Uning izohlashicha, 2016-yil boshida mamlakatimizdagi umumiy yoʻllarning 121 ming kilometri oʻta yomon ahvolda boʻlgan. Sohaga ajratilgan mablagʻlarning koʻpayishi evaziga keyingi besh 5 yil davomida 56 700 kilometr yoʻl taʼmirlandi. Ayni paytda respublikamizdagi 64 ming kilometr atrofidagi yoʻl taʼmirtalab, shundan umumiy foydalanishdagi yoʻllar 5100 kilometrni tashkil etadi, qolgani ichki xoʻjalik yoʻllari hisoblanadi.

Bunga taʼmirtalab boʻlgan 29 ming kilometrlik tuproq yoʻlni ham qoʻshish kerak boʻladi. Keyingi paytda 11 400 kilometrga yaqin tuproq yoʻl shagʻallashtirildi, 5 ming kilometrdan oshiq ichki xoʻjalik yoʻllari asfalt qilindi. Bu ishlar hozirgi kunda ham davom ettirilmoqda.

Tuproq yoʻllar nafaqat bizda, balki boshqa davlatlarda ham bor. Hatto, AQSHda bunday yoʻl 400 ming kilometrdan ziyodni tashkil etadi.

Prezidentimizning topshirigʻiga binoan, uch yil davomida, yaʼni 2022 - 2023-yillarda 9 ming kilometrdan, 2024-yilda 10 ming kilometr, jami 29 ming kilometr masofadagi tuproq yoʻllar toʻliq asfaltlashtiriladi. Qolgan yoʻllarning hammasini – ichki xoʻjalik va umumiy foydalanishdagi yoʻllar 4 yil davomida toʻliq taʼmirlanadi.

Qoʻmita raisining maʼlumotiga koʻra, ayni paytda Oʻzbekistonda 209 ming kilometr masofadagi yoʻllar mavjud, shundan 42254 kilometri qoʻmita tasarrufidagi, qolgani ichki xoʻjalik yoʻllari hisoblanadi.

ASFALT OʻRNIGA SEMENT ISHLATILGANDA...

Prezidentimiz raisligida shu yil 7-aprel kuni boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida ichki yoʻllarni yaxshilash masallalari ham muhokama qilindi. Davlatimiz rahbari ichki yoʻllar ahvoli odamlarni eng koʻp qiynaydigan muammo boʻlib kelayotganidan, yaqinda “Tashabbusli byudjet” portali orqali aholidan tushgan 20 mingta taklif yoki jami murojaatlarning 25 foizi shu masalaga oid boʻlgani uning oʻta dolzarbligidan dalolat ekanini taʼkidladi.

Maʼlumki, ichki yoʻllar sifatini yaxshilash boʻyicha Andijon viloyatida yangi tajriba boshlangan. Bu haqda gazetamizning joriy yil 4-fevraldagi sonida chop etilgan “ Andijon tajribasi: soz va qulay ichki yoʻllar” nomli maqolada ham atroflicha soʻz yuritilgan edi.

Viloyatda sement ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan klaster tashkil etilib, 31 ta chekka mahalladagi 23 kilometr yoʻl sement-beton qoplamaga oʻtkazilgan. “Rash milk” MCHJ bu borada yangi loyiha tashabbuskori boʻldi. Xoʻjaobod tumanida yillik quvvati 1,5 million tonna boʻlgan zavod qurilishi tufayli viloyatda sementga boʻlgan talab toʻliq qoplandi. Eng asosiysi, ushbu klaster oʻzi qurgan yoʻllarni 10 yil davomida kafolatli saqlashni zimmasiga olgan.

Mutaxassislarning qayd etishicha, asfalt yoʻlning davriylik muddati 5 yilgacha boʻlsa, beton yoʻl 15-20 yilgacha xizmat qiladi. Tabiiy iqlimga bardoshli boʻlib, tayyorlashda ichki xomashyolardan foydalaniladi. Bu esa xarajatni sezilarli iqtisod qilishga, yoʻl qurilishi hajmini oshirishga imkon beryapti. Xususan, viloyatda asfalt oʻrniga sementdan foydalanish orqali qurilishdan 600 million soʻm iqtisod qilingan, 350 ming dollarlik bitum importi uchun mablagʻ tejalgan.

— Bu usul har jihatdan foydali, — deydi Baliqchi tumani “Yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi rahbari Maʼrufjon Madaminov. — Beton nafaqat arzonligi, balki pishiq va puxtaligi, uzoq vaqt xizmat koʻrsatishi bilan ajralib turadi. Iqtisod qilingan mablagʻ hisobiga birgina “Oqtepa” mahallasining oʻzida ikki kilometrga yaqin qoʻshimcha yoʻl qurish va taʼmirlash imkoniyatiga ega boʻlyapmiz.

Endilikda ushbu tajriba asosida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarda jami 2 ming 300 kilometr sement-beton qoplamali ichki yoʻllar barpo etish vazifasi qoʻyildi. Hisob-kitoblarga koʻra, joriy yil yakuni bilan mahalliy sement ishlab chiqarish hajmi 18 million tonnaga yetadi. Bu bilan ichki ehtiyojlar toʻliq qoplanadi.

Yoʻl klasterlari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash uchun, 1-maydan boshlab yil yakuniga qadar, sement-beton qoplamali yoʻl qurish texnikalari importi bojxona boji va utilizatsiya yigʻimidan ozod qilinadi.

Joriy yilda tuman markazlari va shaharlarda 670 kilometr piyoda va velosiped yoʻlaklari barpo etish rejalashtirilgan. Ularni ham sement-betondan qurish, loyihalashda drenaj tizimiga alohida eʼtibor qaratiladi.

QAROR QATʼIY: 50 FOIZ MABLAGʻ TAKLIFLARNI MOLIYALASHTIRISHGA YOʻNALTIRILADI

Haqiqatan, shunday. Vazirlar Mahkamasininig 2022-yil 2-fevraldagi “Avtomobil yoʻllari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida bu masala qatʼiy belgilab qoʻyilgan.

— Bundan koʻzla tutilgan maqsad — byudjet mablagʻlarini sarflanishida fuqarolar faolligini yanada oshirish va yurtimizdagi mavjud ichki yoʻllar sifatini yaxshilash, — deydi Moliya vazirligi boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Azim Hasanov. — Shu asosda 2022-yildan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltiriladi. Bu tizmi “Tashabbusli byudjet” jarayonlaridan farqli ravishda har yili bir marotaba oʻtkaziladi.

Buning uchun axborot portaliga ichki yoʻllarning joylashgan manzili (geopozitsiyasi), toʻliq nomlari, uzunligi, holati (asfaltlangan, taʼmirtalab) va boshqa maʼlumotlari toʻliq kiritiladi hamda fuqarolar ichki yoʻllar reyestridan geomaʼlumotlar asosida tegishli ichki yoʻlni tanlash orqali oʻz takliflarini qoldirish imkoniyatiga ega boʻladi.

Axborot portali avtomatik ravishda taʼmirlashga doir oʻrtacha narxni va tuman (shahar) byudjeti parametrlaridan kelib chiqib, har bir hudud boʻyicha taʼmirlanadigan ichki yoʻllarning umumiy hajmini aniqlaydi. Portali orqali jamoatchilik fikri bevosita fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar asosida shakllantiriladi. Ular har yili ichki yoʻllarni taʼmirlashga faqat bitta taklifni ilgari surishi va bitta taklifga ovoz berishlari mumkin. Fuqarolar oʻzlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.

Tasdiqlangan nizomga muvofiq, har bir tuman va shaharda bildirilgan takliflar berilgan eng koʻp ovozlar sonidan kelib chiqqan holda saralanadi. Ularning gʻoliblari mahalliy byudjetlar parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratilgan mablagʻlarning kamida 50 foizi doirasida avtomatik tarzda ketma-ketlik boʻyicha aniqlanadi.

Agar gʻolib deb topilgan taklifda koʻrsatilgan ichki yoʻllarni taʼmirlash joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Hukumatning tegishli qarorlari yoki rivojlantirish dasturlari doirasida boshqa manbalar hisobidan taʼmirlanishi nazarda tutilgan boʻlsa, axborot portaliga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimligi moliya bosh boshqarmalari tomonidan roʻyxatdan chiqariladi, bunday hollarda axborot portalida ketma-ketlik boʻyicha gʻoliblar roʻyxati qayta shakllantiriladi.

“Ochiq byudjet” axborot portalidagi “Mening yoʻlim” loyihasi yaqinda oʻz faoliyatini boshladi. Buning uchun 271 milliard 71 million soʻm mablagʻ ajratilgan boʻlib, takliflar 4-apreldan 20-aprelgacha qabul qilindi. Uning dastlabki bosqichi yakunlariga koʻra, mamlakatimiz boʻyicha jami 9212 ta loyiha ilgari surildi. Ushbu loyihalarda koʻzda tutilgan yoʻllarning umumiy uzunligi 26, 7 ming kilometrni tashkil etadi. Endilikda oy oxiriga qadar har bir taklifga berilgan ovozlar koʻrib chiqiladi.

Yoʻl qurish va uning obodligini taʼminlash savobli ish. Chunki, bu vazifa inson qadri, el roziligi bilan chambarchas bogʻliq. Shu bois joylarda ichki yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha mavjud muammolarning aynan fuqarolarning talab hamda takliflari asosida hal etilishi ularning sifatli va ravon, manzillarning yaqin boʻlishiga xizmat qiladi.

Abdurauf QORJOVOV,

iqtisodiy sharhlovchi