Erix Mariya Remarkning “Qora haykal” (olmoncha: Der schwarze Obelisk) romani Birinchi jahon urushi tugagandan keyingi davrda, Germaniyada global iqtisodiy inqiroz va giperinflyatsiya paytida insonlarning hayotini tasvirlaydi. Asarda urushdan keyingi hayotga qayta moslasha olmayotgan sobiq askarlar hayoti “Kechikkan yoshlik hikoyasi” sifatida tasniflanadi. Asar Remarkning “Gʻarbiy frontda oʻzgarish yoʻq” va “Ortga yoʻl” romanlarining mantiqiy davomi hisoblanadi.
Roman faqatgina urush oqibatlari, inflyatsiya, xalqning turmush tarzi haqida boʻlsa, uning xuddi shu mavzularda yozilgan asarlardan qanday ustunligi-yu oʻzgachaligi boʻlar edi. Remarkning Remarkligi nimada?!
Uning kundalik hayoti oddiy va hatto kulgili koʻrinishi mumkin, biroq Remark aynan shu oddiylik orqali jamiyatning ichki fojiasini ochib beradi. Yuzlab odamlarning qabrtoshiga oʻchmas yozuvlar bitayotgan Lyudvig aslida jamiyatning oʻchib borayotgan qadriyatlariga, odamlarning soʻnib borayotgan ruhiga guvoh boʻladi. “Qora haykal” deb atalgan obida esa shunchaki tosh emas, balki butun davrning timsoli: urushdan charchagan, iqtisodiy inqiroz bosimida ezilgan, ertangi kuniga ishonchi qolmagan jamiyatning ruhi edi.
Bir oʻrinda Lyudvig doʻsti Georg bilan shunday suhbatlashadi:
– Odam ichkaridan tashqariga yashaydimi yoki tashqaridan ichkarigami?
– Odam shunchaki yashaydi...
Javob shunchaki yashayotgan Georg Krolninggina javobi edimi, sizu biz qanday yashaymiz?!
Hamma aytadigan “urushdan keyingi voqealar” esa shunchaki Lyudvigning iztirob va oʻylari fonida kechadi.
Remarkning ushbu romani haqida eshitgan oʻquvchining diqqatini birdaniga asar nomi tortadi. Nega “Qora haykal?” Asar katta kechinmalar fojiasi haqida, bir insonning butun haykaldek qora umri haqida, ehtimol, inflyatsiya kabi oʻz qiymatini kutayotgan tuygʻular haqidadir. Romanni roman qilib turgan, butun bir yigit taqdirini kasallikdan “tuzalib” ostin-ustun qilib yuborgan Izabella obraziga atay toʻxtalmadim. Qolgan xulosalarni sizga ilinaman. Qora haykal kim, nima — oʻqib chiqqaningizda, albatta, birga muhokama qilamiz... Sizdan butunlay boshqa xulosalar kutishga ham tayyormiz.
Romandan iqtiboslar:
Roman 1956-yilda nashr etilgan, biroq Remark bu asar ustida 1920-1930-yillarda, “Uch ogʻayni” asarini yozish bilan parallel ravishda ish olib borgan.
Rashid Xoʻjamov