Shu bois, sugʻorish tizimida tejamkor texnologiyalarni joriy etish, tomchisi tilloga teng ob-hayot isrof boʻlishining oldini olish lozim.

Ohangaron tumanida ham suv va energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni jalb etish moʻljallanyapti. Chorvachilik komplekslari va fermer xoʻjaliklarida bunday zamonaviy usulga qiziqish ortib bormoqda. Boisi, hududning koʻpchilik qismi lalmi maydonlardan iborat.

Avstriyaning BAUER GmbH kompaniyasi tuman fermerlari uchun bir necha loyiha taklif etyapti. Masalan, tomchilatib sugʻorish usuli oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari cheklangan sharoitida kam ob-hayot sarflab, barqaror yuqori hosil olish imkonini berishi bilan ajralib turadi. Yomgʻirlatib sugʻorish natijasida gʻalla hosildorligi 15 foizga, makkajoʻxori, beda, mosh 20 foizga, kartoshka esa 25 foizga ortadi.

Toshkent viloyati hokimligi Axborot xizmati maʼlumotlariga koʻra, suv va energiya tejamkor texnologiyalari bilan dunyoda nufuzli boʻlgan kompaniya Toshkent, Jizzax, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida ham loyihalarini amalga oshirishni rejalashtirmoqda.