1977-yilning oxirlari – 1978-yilning boshlari edi. Maktabni tamomlab, Toshkentga – jurnalistikaga oʻqishga ketaman, deb uchib-qoʻnib yurgan kezlarim. “Shahrisabz tongi” gazetasiga sheʼrlarimni olib borardim. Muharrir Bozor Namozov maqola va sheʼrlarimni tahrir qilib, gazeta sahifalariga tayyorlab berardi. Bir gal borsam, xonada oq yuzli, toʻlaroqdan kelgan bir kishi bor ekan.
Bozor Namozov u kishiga qarab: «Bu qiz Shodi Shoyimovning jiyani boʻladi, Oydin opaning qizi. Bizga tez-tez yozib turadi. Juda faol. Otasiniyam yaxshi taniyman, mehnatkash odam. Bu shogirdimizning yozganlari markaziy gazetalarda ham chiqib turadi – Inobat Normurodova. Jurnalist boʻlmoqchi», dedi.
Bilsam, haligi kishi shahrisabzlik taniqli jurnalist Sharofjon Orifiy ekan. Nomini yaxshi bilaman, ammo hech oʻzlarini uchratmagan edim. U kishi menga koʻp nasihatlar berdi. Soʻng “Bir tomchi qon” degan kichkina kitobchaga dastxat yozib, qoʻlimga tutqazdi. Kitobda togʻam – Sovet Ittifoqi Qahramoni Shodi Shoyimov haqida maqola ham bor ekan.
“Men togʻangning izini izlab Belorussiyaga bordim. U yerda qabri bor, qabridan bir siqim tuproq olib kelganman. Jurnalist boʻlsang, oʻrgan, yoz, sanga katta material boʻladi”, dedi. Oʻsha paytda Sharofjon Orifiyda ayrim hujjatlar, togʻamning xatlari bor ekan. Tilovat xolamdan olib ketgan ekan. Jurnalist boʻlib to oʻzimni tutib olgunimcha Sharofjon Orifiy ham, Bozor Namozov ham olamdan oʻtib ketdi (Alloh ularni rahmat qilsin).
Bozor aka onamga uzoqroq qarindosh boʻlib, qoʻshni yashagan. Xullas, oʻqishni bitirib oilali boʻldim. Ketma-ket farzandlar tugʻildi. Shahrisabz shahridagi hozirgi 10-maktab Shodi Shoyimov nomi bilan atalardi. Qachon u yerga borsam, maktabga kirib oʻtardim. Shahar markazida Shodi Shoyimov nomli kinoteatr, undan tashqari xotira maydonida byusti ham bor edi. Har doim boʻlalarim, aka-ukalarimiz bilan borib turardik. Kim oila qurib, FHDYOdan oʻtsa, avval shu joyga borib gul qoʻyish odati edi.
Bundan bir necha yillar avvalgi voqealardan hammaning xabari bor. Urush qatnashchilarini eslamay qoʻydik. Ismlariniyam aytmadik. Togʻamning byusti shaharning qaysi bir chetiga surildi. Shaharning qiyofasi tubdan oʻzgarib kinoteatr ham buzilib ketdi. Menda kinoteatrning rasmi yoʻq, ammo kimdadir boʻlishi kerak, izlayapmiz, topilib qolsa ajabmas.
Shodi Shoyimov koʻngilli boʻlib juda erta urushga ketgan. Oʻsha chogʻda juda oʻt-olov, oʻtganning oʻrogʻini, ketganning ketmonini oladigan “bezori” bola boʻlgan ekan. «Hech nimadan qaytmas, qoʻrqmas va judayam qaysar edi, gapiga kirmagan bolani koʻtarib hovuzga uloqtirar, yoki dashtga oborib oyogʻidan tutga osib qoʻyar edi», deb eslaydilar rahmatli Zulayho katta onamiz.
Shodi Shoyimov 1937-yil otasidan, 1939-yilda esa onasidan ayrilib, toʻrt yoshli Tilovat singlisi bilan Tursuntosh momomizning, yaʼni katta buvimizning qoʻllarida qolgan. Yerga ursa koʻkka sakraydigan, gʻayrati ichiga sigʻmaydigan oʻsmir bolani eplolmagan katta buvimiz ikki qizi bilan beva yashayotgan kenja qizlarinikiga koʻchirib qoʻyadi. Kenja qiz –Zulayho katta onamizning aytishlaricha, qanchalik boxabar boʻlishmasin qaydandir “ishkal” chiqarib yuraverar ekan. Gʻayrati ichiga sigʻmaganidan oʻzini urushga yozdirib keldi, deb eslaydilar katta onam. Koʻp oʻtmay urushga ketdi. Ketayotganidan judayam xursand edi. Goʻyo u boradi-yu hammasini tinchitib keladi. Shuning uchun «tez kelaman, meni kutinglar,” deb ketdi. Birinchi xatlarida Frunze degan joydaman, miltiq otishni oʻrganyapman, deb yozdi. Oʻsha xatlarini Sharofjon Orifiyga bergandik, degandi.
Yoshligimizda katta onam, xolamlar bilan bayramlarga borganimiz, ayniqsa, gʻalaba bayramlaridagi eʼtiroflar bizni juda xursand qilardi. Yoshgina joni uvol ketganini tushunib yetmasakda «Geroy togʻamiz» borligidan quvonardik. Kinoteatrning tepasidagi togʻamning ismi familiyasini koʻrib faxrlanib qoʻyardik.
Davlatimiz rahbarining saʼy-harakatlari bilan oʻtgan yil buyuk gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan poytaxtimizda “Gʻalaba bogʻi” tashkil etildi. Koʻrkam, chiroyli dam olish maskani bunyod boʻldi. Borgan sari kamayib borayotgan urush faxriylarimiz, qahramonlarimiz bagʻriga shamol tegdi. Xotiralar jonlandi. Shularning qatorida afsonaviy qahramon, togʻamiz ham borligidan shukur qilamiz. Unda Shodi Shoyimov qahramonligi ifodalangan maxsus pavilyon bor. Odamni toʻlqinlantiradi. Muzeyga kirib oʻng tomondan yursangiz bir qoʻlida belkurakchasi bilan nemis soldatini urayotgan soldat holati tasvirlangan installyatsiya. Xuddi tirikday. Unda Dnepr daryosini kechib oʻtishda ishtirok etgan oʻzbek yigitining jasorati, otishmada miltigʻining oʻqi tugab oʻz qoʻllari bilan nemis gazandalarining dodini berayotgani ifodalangan.
Shunday. 2-Belorussiya frontining 50-armiyasi, 385-piyoda diviziyasining 1266-piyoda polkidagi 2-batalyon avtomatchisi Shodi Shoyimov Dnepr daryosini kechib oʻtib asosiy kuchlar kelguniga qadar kechuv yoʻlini himoya qilib turgan. Avtomatining oʻqlari tugab 13 nafar dushman bilan qoʻlda jang qilgan. Voqeaga guvoh boʻlgan Dashnovka qishlogʻi ahli bu qorachadan kelgan dovyurak yigitchani yaxshi eslab qolishgan. Maʼlumotlarga qaraganda oʻq tegmagan, ammo kurashda jarohatlanib ertasiga 1944-yil 28-iyunda vafot etgan. Hozir shu qishloqda qabri bor. Dashnovkaliklar afsonaviy, bahodir yigitni shu yerga dafn qilishgan.
Urushga ketganida bor-yoʻgʻi 17 yosh, 18 yoshida esa jasorat koʻrsatib, qahramon boʻlgan. Vafotidan soʻng 1945-yil 21-martda Sovet Ittifoqi Qahramoni, Lenin ordeni hamda “Oltin yulduz” medali bilan taqdirlangan. Harakatdamiz. Olloh nasib aylab qabridan bir siqim tuprogʻini keltirib bobolarimiz, onalarimiz qatoriga qoʻysak ruhi bizdan shod boʻlar edi. Maqsadimiz shu.
Inobat NORMURODOVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.










