Hozirda oilaviy zoʻravonlik eng koʻp uchraydigan jinoyatlar sirasiga kirib bormoqda, shunday boʻlishi tabiiy, zotan. Chunki jamiyatning oʻzi oiladan tashkil topar ekan, oilaviy mojarolar ham jamiyat eʼtiborining qoq markazida boʻladi.
Aslida oilaviy zoʻravonliklar eng qashshoq va aholisi savodsiz davlatlarda yuz beradi. Ularning koʻplab aholisi roʻyxatga ham olinmagani bois necha ayolning oilaviy zoʻravonlikka uchragani, nechovining hayotdan koʻz yumib ketganining hisobini hech kim bilmaydi. Shuningdek, rivojlanib borayotgan davlatlarda ham ayollarning oilaviy zoʻravonlikka duch kelayotgani aytilmoqda. Ayniqsa, AQSH va Fransiyada ayollarning oilaviy zoʻravonlikka uchrashining sababi koʻpchilik tasavvur qilganidek, ularning huquqlari cheklangani bois emas, aksincha, huquqlarining hatto odob-axloq doirasidan ham oʻtib, cheksizlashib ketgani sabab boʻlayotganini kuzatib kelmoqdamiz.
BMT Bosh Assambleyasi 2000-yilda qabul qilgan rezolyutsiyasida har yili 25-noyabrni Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonliklarga barham berish kuni sifatida nishonlanib keladi. Anʼanaga binoan har yili 25-noyabr kuni “Gender zoʻravonliklariga qarshi faol 16 kun” deb nomlangan kampaniyaga start beriladi. Bu kampaniya Xalqaro inson huquqlari kuni nishonlanadigan 10-dekabrda yakunlanadi. Bosh Assambleya rezolyutsiyasida jahon mamlakatlari hukumatlari, BMT tizimidagi tashkilotlar, xalqaro va nohukumat tashkilotlarga murojaat qilib, shu kuni xotin-qizlarga qarshi zoʻravonliklar bilan bogʻliq muammolarga eʼtibor qaratish tavsiya qilinadi.
BMTning statistik maʼlumotlariga koʻra, dunyoda har uchinchi ayol jismoniy zoʻravonlikka uchraydi. Ushbu koʻz yumib boʻlmaydigan ijtimoiy muammo Oʻzbekistonda ham mavjud.
Ayollarga nisbatan zoʻravonliklarda aralashmaslik, bunga “oila siri” deb qarash mazkur muammoning jamiyatda keng ildiz olib ketishiga olib keladi. Negaki erkak ayolga doʻq ursa, shikast yetkazsa, doʻpposlasa va bunga chora koʻrilmasa, gap oiladan tashqariga chiqarilmasa, albatta bu holat doimiy tus oladi.
Oiladagi zoʻravonlik nafaqat jismoniy, psixologik, balki bu jinsiy yoki iqtisodiy zoʻravonlik koʻrinishida namoyon boʻlishi mumkin
Ayolni Islom dini eʼzozladi, yaʼnikim, uni mehribon ona, mushtipar opa-singil, mushfiqa qiz deb bilishni, ularga mehribonchilik qilishni, jismiga ogʻirlik qiladigan ishlarni buyurmaslikni amr etdi. Shuningdek, dinimiz ayolning jamiyatdagi oʻrnini ham taʼmin etdi. Buning natijasida ayollar dala ishlaridan, choʻpon-choʻliqlikdan va boshqa ogʻir ishlardan ozod qilinib, musulmonlar uylarining malikalariga aylandi.
Kishilik jamiyatining eng ogʻir dardi boʻlib turgan va yechimini topa olmayotgan murakkab muammosi – oilaviy zoʻravonliklardan xalos boʻladi. Ayollar xonadonlarning chinakam malikasiga, farzandlar otasining rosmana dilbandlariga aylanadi. Muammoning yechimi juda ham oson, faqat qalbdagi kibru havolardan kechilsa, shuning oʻzi kifoya.
Erkiin Umurzakov,
Fuqarolik ishlari boʻyicha Forish tuman sudining raisi.