Diter Kox sport gimnastikasi boʻyicha ulkan tajribaga ega murabbiy hisoblanadi. Uning qoʻl ostida Germaniya va Buyuk Britaniya jamoalari turli yillarda Jahon chempionati va Olimpiya oʻyinlariga tayyorlangan. Kelishuvga koʻra, Kox sportchimizning shaxsiy murabbiyi hisoblanadi va Tokio Olimpiadasiga Chusovitinani oʻzi tayyorlamoqda. Kelishuv Olimpiya oʻyinlari yakuniga qadar amal qiladi.

Afsonaviy gimnastikachi Oksana Chusovitina jurnalistlarga bergan intervyusida Tokio Olimpiada oʻyinlaridagi oxirgi ishtiroki ekanini aytgan. Bundan keyin Oʻzbekistonda sportni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarga oʻz hissasini qoʻshishni, klub ochishni rejalashtirganini bildirgan.

MAʼLUMOT UCHUN:

Oksana Aleksandrovna Chusovitina 1975-yil 19-iyun kuni Buxoro shahrida tugʻilgan.

Jahonda sport gimnastikasi boʻyicha Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016).

1992-yil Barselonada oʻtgan Olimpiya oʻyinlari oltin medali sohibi, 3 karra jahon chempioni.

Oksana Chusovitina sport bilan shugʻullanishni 8 yoshida boshlagan. Uzoq yillar davomida Svetlana Kuznetsova qoʻl ostida sport gimnastikasi sir-asrorlarini oʻrganib kelgan. 1990-yil terma jamoa aʼzosiga aylangan.

Tayanib sakrash, erkin mashq va parallel toʻsinlarda bir necha murakkab elementlar muallifi. Qahramonimiz Osiyo oʻyinlari va Osiyo chempionati gʻolibi.

Faoliyatini yakunlamasdan turib, gimnastikaning rivojiga qoʻshgan hissasi uchun Xalqaro gimnastika shon-sharaf zalidan oʻrin olgan yagona sportchi hisoblanadi. Shuningdek, sport gimnastikasida Olimpiya oʻyinlarida eng koʻp ishtirok etgani uchun uning nomi “Ginnesning rekordlar kitobi”dan joy olgan.

2019-yil Germaniyaning Shtutgart shahrida oʻtkazilgan sport gimnastikasi boʻyicha jahon chempionatidagi ishtiroki orqali Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma oldi. Tokio Olimpiadasi Chusovitina uchun faoliyatidagi sakkizinchi Olimpiada boʻladi.

Davlat mukofotlari:

• 1996-yil: “Doʻstlik” ordeni;

• 2001-yil: “Mehnat shuhrati” ordeni;

• 2017-yil: “El-yurt hurmati” ordeni;

• 2020-yil: “Oʻzbekiston iftixori” faxriy unvoni.

Oksana Aleksandrovna faoliyati davomida quyidagi unvonlarga sazovor boʻlgan:

1990-yil: sobiq Ittifoqda xizmat koʻrsatgan sport ustasi;

1992-yil: Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sportchi.