Yaqin yillargacha kimdir bu niyating amalga oshadi, desa ishonmasdim. Chunki bu yerda oʻqish ne-ne insonlarga nasib etganini yaxshi bilardim. Oʻtgan yili “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiyasi tanlovida qatnashib, ikkinchi urinishda niyatimga yetdim. Oʻshandagi quvonchimni soʻz bilan taʼriflay olmayman.

Mutaxassisligim huquqshunos. Bu yerga kelishdan avval yurtimizdagi Adliya vazirligi, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida ishlaganman. Hozirgi oʻqishim ham ishlagan soham bilan bogʻliq — davlat siyosati va boshqaruvi yoʻnalishida oʻqiyapman. Ushbu yoʻnalishni tanlashimdan asosiy maqsad mamlakatimizdagi qizgʻin islohotlarga munosib hissa qoʻshishdir. Yaqinda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisida “Mana, safimizga yurtimizdagi, chet eldagi nufuzli oliygohlarda oʻqigan, yirik kompaniyalarda ishlagan qancha-qancha salohiyatli yoshlar kirib kelmoqda. Men ularning timsolida, avvalo, ertangi kunimizning yangi rahbarlarini, hudud, tarmoq va sohalarning mohir boshqaruvchilarini koʻraman”, degan gapini eshitib, niyatim yanada qatʼiylashdi. Bu qanotli soʻzlar chet elda taʼlim olayotgan men kabi yuzlab vatandoshlarimizni ruhlantirgani shubhasiz. Yuragimizda bor bilim va tajribamizni vatanimiz ravnaqi uchun sarflash ishtiyoqi alanga oldi.

Ayni paytda maʼmuriy islohotlar, korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat boshqaruvini takomillashtirish boʻyicha oʻzim bilmagan yangi-yangi maʼlumotlar oʻrganyapman. Xususan, davlat siyosatini ishlab chiqish va uni samarali amalga oshirish boʻyicha bilimimni oshiryapman.

Oksford oʻquv hududida talabalar uchun maʼruza zallari, laboratoriyalar, ilmiy markazlar, oʻquv, IT va media, mustaqil oʻqish va dam olish xonalari mavjud. Turar joylarda yashash uchun barcha sharoit yaratilgan. Park hududida hordiq chiqarish uchun qulay muhit bor.

Pedagoglar jamoasi juda salohiyatli. Oʻqituvchilar ham amaliyot, ham nazariya borasida yetarli bilim va tajribaga ega. Oʻqishga kirganimdan buyon faqat nazariya yoki amaliyot bilan cheklangan, biryoqlama oʻqituvchini koʻrganim yoʻq. Aksariyati ancha yillar sohasi boʻyicha ishlab, keyin pedagoglik qilayotgan yoki ham amaliyotda ishlab, ham dars berayotgan mutaxassislardir. Misol uchun, ilmiy rahbarim — professor Kristofer Stoun Garvard va Kembrij universitetlari bitiruvchisi. U Vashingtonda jinoyat ishlari boʻyicha sud jamoat himoyachisi. AQSH, Buyuk Britaniya, Chili, Xitoy, Hindiston, Nigeriya, Janubiy Afrika, Turkiya va boshqa turli mamlakatlarda adliya sohasini isloh qilishda ekspert sifatida ishtirok etgan. Hozir professor Stoun Janubiy Afrikadagi Milliy prokuratura organini isloh qilishda ekspertlik xizmati koʻrsatmoqda.

Universitetga tashqaridan juda koʻplab maʼruzachilar jalb qilinadi. Ular odatda taniqli insonlar boʻladi. Masalan, yaqinda Kolumbiya sobiq prezidenti Ivan Dyuk maʼruza oʻqidi. Bizda uning prezidentlik davridagi islohotlari, yutuq va kamchiliklari haqida eshitish, savol-javob qilish imkoniyati paydo boʻldi.

OTMda har bir talabaga alohida tyutor biriktiriladi. U talaba oʻqiyotgan yoʻnalish boʻyicha mutaxassislardan tanlanadi. Oʻqish davomida talabaga toʻliq yordam berib boradi.

Korrupsiyaga qarshi yangi loyiha

Bu yerda boshqa davlatdan kelgan koʻplab talabalar oʻqiydi. Aksariyati men kabi oʻz yurtidagi davlat tashkilotlarida ishlagan. Seminarlarda vatanidagi oʻziga xos ish tajribasi haqida gapirib beradi. Bundan tashqari, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, korrupsiya omilini minimallashtirish, davlat xizmatini samarali tashkil etish, aholi aloqani yoʻlga qoʻyish kabi masalalarida oʻrgansa arzigulik boy tajriba mavjud. Jarayonda xalqaro hujjatlar, standartlar, boshqa davlatlar tajribasini oʻrganyapman. Oʻzbekistonga qaytgach, shu yoʻnalishlar boʻyicha takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy hujjat loyihalarini ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etishni rejalashtirganman.

Masalan, hozir oʻquv dasturi doirasida Transparency International global xalqaro nodavlat tashkilot bilan Sogʻliqni saqlash vazirligi koʻmagida yangi tadqiqot loyihasini boshladim. Ayni payt Transparency International mutaxassislari bilan hamkorlikda tadqiqot loyihasini yaratyapmiz. Shu oy oxirida tadqiqot ishim uchun maʼlumot yigʻish maqsadida yurtimizga qaytaman. Bu jarayonda sogʻliqni saqlash tizimida korrupsiyani minimallashtirish boʻyicha tavsiyalar ham ishlab chiqiladi.

“Xonadagi fil” nima?

Universitetda har bir maʼruzadan keyin professor “Ushbu leksiyadan oʻzingiz bilan olib ketadigan jihatlar nima?” deya xulosa qilishga ikki daqiqa beradi. “Elephant in the room”, yaʼni “Xonadagi fil” — eʼtiborga olinmaydigan haqiqat haqida inglizcha metafora. Hech kim muhokama qilishni istamaydigan aniq muammo yoki xavfni muhokama qilamiz. Uni eʼtiborsiz qoldirmaslik, dalillarga tayangan holda imkon qadar shu muammoga tegishli tuzilmalar diqqatini jalb etish zarurligi xususida fikr almashamiz.

Universitetda Jaloliddin Rumiyning “Qorongʻi xonadagi fil” falsafasining chuqur metaforik maʼnosini angladim. Alloma masalida bir necha odam qorongʻi xonada oʻzi paypaslab koʻrgan filni tasvirlaydi. Ularning har biri filning faqat bir qismini ushlab koʻrib his qiladi va his-tuygʻulariga asoslanib, fil nima ekani haqida xulosa chiqaradi.

Har birimiz oʻzimizning cheklangan bilim va tajribamizga egamiz. Dunyo haqidagi tushunchamiz subyektiv idrokimiz bilan cheklanishi mumkin. Biz haqiqatning faqat bir qismini koʻrishimiz va shu asosda haqiqat haqidagi gʻoyamizni shakllantirishimiz mumkin. Rumiy bizni ushbu cheklovdan xabardor boʻlish va boshqalarning turli nuqtayi nazari hamda tajribasi uchun ochiq boʻlishga undaydi. Oksfordagi taʼlim muhiti ham bizni shunga oʻrgatyapti.

Har bir insonning oʻziga xos tajribasi va dunyoni idrok etishini anglab, kamtar boʻlishga harakat qilishimiz zarurligi, yanada uygʻun va tushunadigan jamiyat yaratish uchun hamkorlik qilish va boshqa nuqtayi nazarlarni hurmat qilishni oʻrgandim. Seminarlardagi mashgʻulotlar masalaning tub mohiyatiga yetish, toʻgʻri yechim berish koʻnikmasini shakllantiradi. Masalan, yaqinda Ganaga Xalqaro valyuta jamgʻarmasi tomonidan qarz berish jarayonini bevosita kuzatdik. Gana moliya vaziri, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi vakillariga auditoriyamizda savollar berdik. Bu barchamiz uchun juda katta tajriba boʻldi.

Ochiq muloqot va yangi bilim olish imkoni

Oksforddagi milliy xilma-xillik har kuni turli millat vakillari bilan muloqot qilish va yangi bilimlar olish imkonini beradi. Bitta paradoks: baʼzida kursdoshlardan professorlardan, maʼruzalardan koʻra koʻproq bilim oʻrganish mumkin. Buning sababi shuki, men oʻqiydigan fakultetda 55 (eng rivojlangan va eng kambagʻal) davlatdan kelgan 144 kursdoshim ilmiy bahs paytida muayyan mavzu boʻyicha 55 xil fikrni shakllantiradi va barcha fikrlar ilmiy yoki tajribada asoslangan boʻladi.

Boshqa mamlakatlar madaniyatini ham oʻrgandim. Sababi, bu yerda juda koʻplab milliy bayramlar tashkil qilinadi. Albatta, ishtirok etib, ularning farqli jihatini qiziqib oʻrganish imkoni boʻladi. Nega aynan urf-odatlarni oʻrganamiz, degan savol tugʻiladi. Turli millat vakillarining qadriyati, urf-odatlarini yaxshi bilgan siyosatchi ham tashqi, ham ichki siyosatda global siyosiy gʻoyalarni ishlab chiqa oladi, degan fundamental qarash bor. Shuning uchun talabalar bir-birining urf-odatlarini, qadriyatlarini oʻrganishga harakat qiladi. Masalan Afrika, Amerika, Osiyo davlatidan kelgan talabalarning urf-odatlariga bagʻishlangan bayramlar oʻtkazildi. Oʻzim ham Navroʻz bayramini tashkillashtirdim. Madaniyatimiz haqida tushuncha berishga harakat qildim. Qadriyatlarimiz bilan universitetdagilarni yaqindan tanishtirdim.

Mendan rejalarim haqida soʻrashsa, birinchi navbatda, yurtimga qaytish, deyman. Chunki Oksfordga kelgan koʻplab talabalar shu yerda qolishga intiladi, men esa yurtimni sogʻinaman. Bu oʻqishim davlat tomonidan moliyalashtirilgani uchun emas, balki ota-onam, yaqinlarim yonida boʻlishni, elimizga xizmat kilishni xohlayman. Xorijlik tengdoshlarim “El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiatlarini, umuman, chet elda bilim olib, tajriba orttirayotgan oʻzbekistonliklarni “Oʻzbekiston havo yoʻllari” samolyotlaridagi humo qushiga oʻxshatadi. Qushning nazari orqada. Biz ham rivojlangan davlatlarda taʼlim olishga intilsak-da, nigohimiz, qalbimiz orqada — Oʻzbekistonda. Shu sabab yurtimizga qaytib, davlat sektorida faoliyatimni davom ettirish — eng katta maqsadim.

Kursdoshlarimda biz, oʻzbekistonlik talabalar uchun yaratilgan sharoit, davlatning moliyaviy va maʼnaviy koʻmagi havas uygʻotdi. Nahotki davlat hamma xarajatlarni qoplasa, deb hayron qolishadi. Shu sabab kelgusida elimiz bildirgan ishonchni oqlash va davlat sektorida ishlash, xususan, korrupsiyaga qarshi kurashish, halollikni taʼminlashga intilish asosiy maqsadlarimdan. Buning uchun tadqiqotlar oʻtkazish maqsad qilyapman. Chuqur izlanishlar olib borish, fikrlarni oʻrganish orqali maʼlumotlar yigʻib, dalillarga asoslangan takliflarni ishlab chiqishni istayman. Shu amaliyot orqali davlat sektorida halollik, ochiqlik va samarali boshqaruvni taʼminlashdagi islohotlarga hissamni qoʻshaman.

Mushtariy MADRAHIMOVA,

Buyuk Britaniyadagi

Oksford universiteti magistranti,

“El-yurt umidi” jamgʻarmasi stipendiati