Yoshlar –O'zbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi

    Mazkur tadbir doirasida 2021-2022-o'quv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar o'rtasida bevosita muloqotni ta'minlash uchun 60 dan ziyod ish beruvchi tashkilot vakillari bilan uchrashdilar.

    Bugun yurtimizda yoshlar bilan ishlash va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Ayniqsa, ularning bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish muhim masala hisoblanadi. Aynan yoshlar mamlakatning salohiyatini belgilar ekan, mehnat bozorida ularga munosib ish oʻrinlarini yaratib berish mamlakat vatan istiqbolida muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni jarayonlar yakunlanib borayotgan “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da yanada shiddatli tus oldi.

    Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Yoshlar – Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” shiori ostida tashkil etilgan tadbir ham yoshlar masalasining birlamchi ekanini amalda aks ettirishga xizmat qildi. Mazkur tadbir doirasida 2021-2022 oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotni taʼminlash uchun 60 dan ziyod ish beruvchi tashkilot vakillari bilan uchrashdilar.

    Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvi oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan.

    Unda akademiyaning Psixologiya (din sotsiopsixologiyasi), Tarix (Islom tarixi va manbashunosligi), Milliy gʻoya, maʼnaviyat asoslari va huquq taʼlimi, Jahon iqtisodiyoti va xalqaro iqtisodiy munosabatlar, Informatika va axborot texnologiyalari fakultetlarining bakalavriat bitiruvchilari; Tarix (Islom sivilizatsiyasi), Hadisshunoslik, Xalqaro munosabatlar va zamonaviy siyosiy jarayonlar, Aqida, kalom ilmi va aqidaviy taʼlimotlar, Turizm (ziyorat turizmini tashkil etish va boshqarish) kabi magistratura yoʻnalishlarida bitiruvchi talabalar ishtirok etdi.

    – Akademiyada yoshlarning oʻz ijodiy va intellektual salohiyatini roʻyobga chiqarish, mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda, dedi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. Bugungi tadbirda ham koʻplab tashkilot va muassasa mutasaddilari oʻz ish oʻrinlari bilan qatnashyapti. Oʻylaymizki, oʻzaro yaqin hamkorligimiz bitiruvchi yoshlarning munosib ish oʻrinlarini egallashida muhim qadamlardan biri boʻlib xizmat qiladi.

    Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari Ibrohim Inomov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi direktor oʻrinbosari Firdavs Xalimov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti direktor oʻrinbosari Surayyo Karimova, Oʻquvchilarni kasb-hunarga yoʻnaltirish va psixologik-pedagogik Respublika tashxis markazi direktori Liliya Gaynutdinova ham ish beruvchi tashkilotlar hamda oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida uzviy hamkorlik jamiyat taraqqiyoti uchun har jihatdan foydali boʻlishini alohida taʼkidlashdi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasini 2021-2022 oʻquv yilida 341 nafar talaba bakalavr bosqichida, 91 nafar yigit-qiz esa magistratura bosqichida tamomlaydi.

    Akademiya joriy yilda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan eʼlon qilingan Milliy reytingda eng yetakchi 10 ta, ilmiy salohiyat va ijtimoiy-gumanitar soha OTMlari reytingida esa eng yuqori 5 ta taʼlim muassasasi qatoridan oʻrin oldi.

    Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida xassos soha — muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirildi.

    Ayni paytda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida talabalar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Joriy yilda Akademiyaning 1-bosqichiga 302 nafar oʻgʻil-qiz qabul qilindi. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi.

    Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida bugungi kunda 100 dan ortiq ish beruvchi korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.

    Tadbir100 dan ziyod talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzilishiga imkon yaratgani bilan yuksak ahamiyat kasb etdi.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri