Oliy ta’limning jamiyatdagi mas’uliyati qanday bo‘lishi kerak?

    Joriy yil 5-fevral kuni mamlakatimiz ijtimoiy sohalaridagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda bugunimiz va ertangi kunimizga daxldor muhim masalalar o‘rtaga tashlandi, asosli fikrlar bildirildi, tashabbuslar ilgari surildi. Dastlab so‘nggi kunlarda ro‘y bergan hodisalar, tinchlik va barqarorlikka tahdidlar xususida so‘z bordi. Davlatimiz rahbari bugungi chaqiriqlar va tahdidlar mohiyatini ochib, ma’naviyat, vatanparvarlik, hushyorlikning ahamiyatini aniq-tiniq tushuntirib berdi.

    Yig‘ilishda belgilangan vazifalar qatorida oliy ta’lim mazmuni va standartlarini shablonli mezonlardan xoli tarzda xorijiy tajribaga asoslanib, yurtimizda yaratilayotgan zamonaviy industriya va texnologiyalar talabiga muvofiqlashtirish zarurati ko‘rsatildi. Ta’limning o‘zgargan va yangilanayotgan bosqichlari bilan oliy ta’lim uzluksizligini mazmunan bog‘lab, mutlaqo yangi huquqiy bazada o‘zgarishlar amalga oshirish topshiriqlari berildi.

    O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida haqiqiy tub o‘zgarishlarni amalga oshirish, dunyoning ilg‘or tajribalarini tatbiq etish vazifasi bundan yetti yil muqaddam, ya’ni 2017-yildan e’tiboran, O‘zbkiston Respublikasi Prezidentining “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan belgilangan edi.

    O‘tgan davr mobaynida oliy ta’lim tizimini takomillashtirishga asos bo‘la oladigan o‘zgarishlar amalga oshdi. Bu vaqtda mazkur tizimning tashkiliy, tuzilmaviy va huquqiy asoslari yangilandi, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi, akademik mustaqillik, oliy o‘quv yurtlarining huquqiy-tashkiliy turlari dunyo tajribasiga muvofiqlashib rivojlanishi kabi masalalar yechimini topa boshladi.

    Prezidentimizning pedagoglar oylik maoshini, jamiyatdagi mavqeini oshirish, ularni ijtimoiy va huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z vaqtidagi muhim qarorlari tizimdan yosh olimlar chiqib ketishini to‘xtatdi, oliy ta’lim jamoalarida sohaning rivojlanishiga ishonchni mustahkamladi.

    Yig‘ilishda ilgari surilgan g‘oyalar oliy ta’lim muassasalaridan postindustrial jamiyat so‘rovlariga javob beradigan istiqbolli ta’lim tizimini yaratish, raqobatbardosh kadr va mutaxassislarni tayyorlash kabi vazifalardan tashqari jamiyatdagi intellektual salohiyatni yuzaga chiqaruvchi — ma’rifat drayveri bo‘lishni talab etadi, ularga ijtimoiy mas’uliyat yuklaydi.

    Bugun zamonaviy universitet kadrlarni professional darajada tayyorlash, ilmiy tadqiqot olib borish bilangina chegaralanib, rivojlana olmasligi muqarrar. Jahon informatsion va g‘oyaviy makonlarida aholi, ayniqsa, yoshlarga o‘tkazilayotgan ta’sir va tazyiqning mazmun va shakllanishiga qarshi adekvat fikrlaydigan, milliy o‘zligini anglaydigan, maqsad va kelajagini to‘g‘ri tasavvur etadigan avlod tarbiyasiga daxldorligi va bu yo‘nalishdagi faoliyati oliy ta’limning uchinchi muhim missiyasi bo‘lib oldinga chiqadi.

    Universitetlar jamiyatda zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishga sezilarli ta’sir o‘tkazishi kerak, bu — tan olinayotgan konsepsiya. OTMlarning professional kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa ekanidan tashqari, o‘zi joylashgan hududning madaniyatiga ta’sir o‘tkazuvchi ma’naviyat va ma’rifat, tarbiya maskani sifatidagi roli ham muhim ahamiyatga ega bo‘lib boradi.

    Oliy ta’lim muassasalari hozir hududlarda ijtimoiy hamkorlik doirasida amaliy ishlar olib bormoqda. Jumladan, maktablar bilan birga loyihalar, iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlash, o‘qituvchilarga metodik yordam, o‘quvchilarni kasbiy yo‘naltirish, o‘quv fanlari bo‘yicha maktablarda mahorat darslari tashkil etyapti. Universitetning mahallalar bilan hamkorlikdagi ishlari, mahalla yoshlari ishtirokidagi ma’naviy-ma’rifiy, sport yo‘nalishlaridagi tadbirlar, mahalla yoshlarining oliy o‘quv yurtiga tashriflari uyushtirilmoqda. Bundan tashqari, turizm sohasida hududlar bilan hamkorlikdagi loyihalar, kasbga o‘rgatish o‘quv kurslari va boshqa qator tashabbuslarni ijtimoiy hamkorlik namunalari sifatida aytish mumkin.

    O‘zbekiston Milliy universitetida bir necha yo‘nalishdagi ijtimoiy hamkorlik ishlari qatorida “Amaliy etnologiya” laboratoriyasi tashkil etilib, tadqiqotlar olib borilmoqda. Ularning natijalari xalqaro va mahalliy jurnallardagi ilmiy maqolalarda, OAVlarda, o‘quv-ilmiy adabiyotlarda, ilmiy ishlarda xulosa va tavsiyalar tarzida o‘z aksini topmoqda.

    Mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda Ijtimoiy ish kafedrasining maktablarda psixologik muhitni tadqiq etish, sotsiologik so‘rovlar natijalari tahlili bo‘yicha amalga oshirgan loyiha va tashabbuslarini ta’kidlab o‘tish o‘rinlidir. O‘quvchilar uchun psixologik, motivatsion treninglar, kelajak maqsadlarni aniqlashga ko‘maklashuvchi amaliy mashg‘ulotlar olib borilmoqda.

    Biologiya va ekologiya fakultetlarining tashabbuskor talaba yoshlari va professor-o‘qituvchilari tomonidan Mo‘ynoq tumanidagi Orol dengizi bo‘yi va qurigan hududida universitetning 1,3 gektar maydonga ega o‘quv-ilmiy poligonlari tashkil etildi. O‘simliklar ekilib, Qoraqalpoq davlat universiteti bilan hamkorlikda ularni tuproq-iqlim sharoitiga moslashtirish tadqiqotlari olib borilmoqda.

    Bu kabi tashabbuslar Innovatsion rivojlanish agentligi, tegishli tashkilotlar tomonidan ilmiy loyihalar e’lon qilish yo‘li bilan qo‘llab-quvvatlansa, yanada ko‘proq samara beradi.

    Muhimi, ijtimoiy hamkorlik loyihalari universitetimizga o‘quv dasturlarini boyitish, hududiy, sohaviy muammolarga bog‘lash, amaliyotlarni mazmunli va samarali tashkil etishga ham zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, universitetlarning ijtimoiy hamkorlik sohasidagi faoliyati jamiyatdagi dolzarb masalalarga yanada kengroq kirib borishni, ayniqsa, mavjud ilmiy, intellektual, madaniy-ma’rifiy salohiyatni safarbar etishni talab etadi.

    Universitet ijtimoiy mas’uliyati, deganda, birinchi o‘rinda, ta’lim muassasasining jamiyat oldidagi mas’uliyatini tushunish kerak. Buning uchun universitet ma’naviyat, ilm, ta’lim, madaniyat va ma’rifat o‘chog‘i bo‘lish bilan birga, ijtimoiy hamkorlar bilan bir necha vazifalarni amalga oshirishi zarur.

    Avvalo, jamiyatdagi orzu-umidlar, intilishlarni, o‘zgarishlar va ijtimoiy jarayonlarni, yoshlarning qiziqish va maqsadlarini ilmiy izlanishlar, sotsiologik o‘rganishlar vositasida tahlil qilib borish kerak.

    Aholining turli qatlami, jumladan, yoshlar o‘rtasidagi hududiy-ijtimoiy masalalar bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar, xulosalar, aniq yechimlar va tahliliy materiallar tayyorlash, universitet bilan birga amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqish lozim.

    Hudud va shaharlarni rivojlantirish strategiyalariga hissa qo‘shish, aholining huquqiy ongi, bilimini oshirish, ijtimoiy va madaniy muhitga ijobiy ta’sir etish, yoshlarni ilmga qiziqtirish, tadbirkorlikka o‘qitish masalalarida mahalliy boshqaruv organlari, tashkilot va muassasalar, ish beruvchi korxonalar bilan hamkorlikda aniq loyihalarni amalga oshirish, shahar va hududlarni ekologik rivojlantirish bo‘yicha loyihalar, ilmiy ekspertizalar tayyorlash maqsadga muvofiq.

    Yuqorida qayd etilgan vazifalarni tizimlashtirish uchun oliy o‘quv yurtlarining ijtimoiy mas’uliyatini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish taklif etiladi. Bu ta’lim muassasasining asosiy hamkorlarini belgilab olish imkonini beradi, shuningdek, uzoq muddatli ijtimoiy hamkorlikka asos yaratadi.

    Bugungi kunda oliy o‘quv yurtlariga inson resurslarini rivojlantirishning poydevori, katta hayotga qadam qo‘ygan yoshlarning bilimi, dunyoqarashi, ma’naviyati, vatanparvarligini shakllantiruvchi ma’rifat maskani sifatida jiddiy e’tibor qaratilib, qo‘llab-quvvatlanmoqda.

    Eng muhimi, ta’lim, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari jamoalari uchun o‘qitish sifati bilan bir qatorda ijtimoiy barqarorlik va xavfsizlikni ta’minlash, jamiyatning ijtimoiy hayotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatish masalalari yuqori malakali, vatanparvar kadrlar tayyorlashning eng asosiy vazifalari sifatida qabul qilinishi zarur.

    Inom MAJIDOV,
    texnika fanlari doktori, professor

    Maqola "Yangi O‘zbekiston" gazetasining 39-sonida (2024-yil 23-fevral) chop etilgan.