2022-yilning 8 oyi davomida Vakil nomiga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi boʻlmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan jami 9 166 ta murojaat kelib tushgan. Bu koʻrsatkich 2021-yilning 8 oyida jami 8 742 tani tashkil etgan. Jami murojaatlarning 5,4%, yaʼni 495 tasi Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillariga yuborilgan.

Murojaatlarning 14,2% fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklariga oid, 33% ijtimoiy huquqlariga oid, 25,8% iqtisodiy huquqlariga oid, 15% siyosiy huquqlariga oid va 1% ekologik huquqlarga tegishlidir. Murojaatlarning 53 tasi, yaʼni 0.6% xorijdan kelib tushgan boʻlib, shulardan 16 tasi xorijiy davlatlarning inson huquqlari boʻyicha Ombudsmanlaridan kelib tushgan. Jami kelib tushgan murojaatlarning 1 753 tasi, yaʼni 26%, nazoratga olingan murojaatlarning esa 88,4 % ijobiy hal etilgan.

Ombudsman tomonidan 2022-yil 8 oy davomida fuqarolarning manfaatlarida tashkilotlarga 52 ta taʼsir choralari qoʻllanildi. Bu koʻrsatkich 2021-yil 8-oyligida 38 tani tashkil etgan. Bu yilgi 52 ta taʼsir choralari sifatida davlat organlari va tashkilotlariga 9 ta taqdimnoma va 27 ta Vakil xulosasi hamda sudlarga 26 ta ariza kiritildi. Ombudsman Kotibiyati xodimlari tomonidan sud majlislarida 32 marotaba kuzatuvchi sifatida ishtirok etildi.

Fuqarolarning manfaatlari va majburiyatlardan, jumladan, qarzdorligi, sogʻligʻiga yetkazilgan zararlar, moddiy va maʼnaviy zararlar va boshqa majburiy toʻlovlar oqibatida yuzaga kelgan huquqiy munosabatlar bilan bogʻliq murojaatlar oʻrganilishi natijasida jami 143 mln soʻmdan ortiq mablagʻ fuqarolar foydasiga undirilgan. Bundan tashqari, 31 mln soʻmdan ortiq aliment toʻlovi undirilishi taʼminlangan.

Fuqarolarning ish haqi va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq toʻlovlar boʻyicha undirilgan jami summa – 163 mln 450 ming soʻmni tashkil etadi. Shuningdek, 4 nafar fuqaro ishga tiklangan, 2 nafar fuqaro ish bilan taʼminlangan.