Qayd etish lozimki, mazkur hujjat Ombudsman institutining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish boʻyicha mustaqil milliy institut sifatidagi ahamiyatini yanada oshirish, Ombudsman faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklariga rioya etilishini taʼminlashdagi vakolatlarini va xududlardagi ishtirokini kengaytirish hamda Ombudsman faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Farmon bilan Ombudsmanning eng ustuvor vazifalari sifatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va uni amalga oshirishda ishtirok etish belgilandi.

Shu bilan birga, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat qiluvchi organlarining qonunchilikka rioya etilishi ustidan taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishga urgʻu berildi.

Farmonda Ombudsmanning inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarining buzilishi toʻgʻrisidagi murojaatlarni koʻrib chiqish, inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlari normalarining ijrosini oʻrganish hamda ularni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlashiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Shuningdek, Ombudsmanga qonunchilik tashabbusi huquqi ham berilmokda.

Hujjatda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda qiynoqqa solish hamda boshqa gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomalaning oldini olish boʻyicha taʼsirchan choralarni koʻrish vazifasi ham belgilangan.

Inson huquqlari buzilgan holatlari haqidagi xabarlarni vakolatli davlat organlari, mansabdor shaxslar va nodavlat tashkilotlar vakillari bilan birgalikda tekshirish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishga koʻmaklashish hamda inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham Ombudsmanning muhim vazifalari jumlasiga kiradi.

Farmonga koʻra, Ombudsmanning joylardagi jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi mintaqaviy vakillari 2022-yilning 1-yanvaridan doimiy asosda ishlovchi mintaqaviy vakillarga oʻtkaziladigan boʻldi.

Bu bilan Ombudsmanning mintaqaviy vakillari oʻz faoliyatida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini taʼminlaydi, inson huquqlari monitoringini tashkil etadi va oʻtkazadi.

Xususan, fuqarolarning shikoyatlarini qabul qiladi va koʻrib chiqadi, ularning buzilgan huquqlarini tiklashda koʻmaklashadi.

Bundan tashqari, Farmon bilan mintaqaviy vakillarga ushlab turilgan, qamoqqa olingan, maʼmuriy jazo oʻtayotgan va ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar bilan uchrashuv va suhbatlar oʻtkazish vazifalari qoʻyildi.

Eʼtiborli jihati shundaki, mintaqaviy vakil faoliyati davomida oʻz tashabbusi bilan yoki murojaat muallifining iltimosiga koʻra, shikoyatni ekspertlar, mutaxassislar va manfaatdor tashkilotlar vakillarining ishtirokida koʻrib chiqishni tashkil qilish huquqiga ham ega.

Shuningdek, Farmonga koʻra mintaqaviy vakil inson huquqlarini taʼminlashda davlat organlari va tashkilotlariga moneliksiz kirishi va ularning mansabdor shaxslari tomonidan zudlik bilan qabul qilinishi belgilangan.

Taʼkidlash joizki, mintaqaviy vakillar har yili oʻz hududlarida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishi ahvoli boʻyicha tegishincha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga maʼruza taqdim qilishi belgilandi.

Farmonga muvofiq, yangi tahrirda “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi qonuni loyihasi ishlab chiqiladi.

Mazkur qonun loyihasida Ombudsman oʻz oldida turgan vazifalarni moneliksiz hamda samarali amalga oshirishi uchun qoʻshimcha kafolatlar hamda uning huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatini ishonchli himoya qilish choralari koʻzda tutilishi, shuningdek Ombudsman tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlisga tizimli ravishda axborot taqdim etish tartibi, Ombudsmanning qonunchilik tashabbusi huquqi, jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalari hududida “Ombudsman qutisi”ni saqlashning huquqiy mexanizmlari, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi hamda himoya qilinishi holati toʻgʻrisida Ombudsman tomonidan jamoatchilikni xabardor qilish tartibi, mexanizmi va qator masalalar aks ettirilishi lozimligi belgilangan.

Shuningdek, Farmonga muvofiq Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlashda elektron hujjat aylanish tizimini yaratish va uni ishga tushirish, ushbu tizimni vazirlik va idoralarning axborot tizimlari hamda maʼlumotlar bazasi bilan integratsiya qilish ham belgilangan.

Xulosa qilib aytanda, mazkur tarixiy hujjat Ombudsmanning murojaatlar bilan ishlash va qiynoqlarga qarshi kurashishdagi hududlardagi faoliyatini kuchaytirishga, qonunchilik asoslarini takomillashtirish va Ombudsman faoliyatini raqamlashtirish orqali murojaatchilarga qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.Ombudsman instituti farmon talablaridan kelib chiqqan holda inson huquqlari va erkinliklarini taʼminlashda bor kuch gʻayratini safarbar etadi va Davlat rahbari tomonidan bildirilgan ishonchni oqlaydi.