Tadbirning 1-bosqichida Viloyat Sogʻliqni saqlash boshqarmasi tomonidan maxsus uskunalar bilan jihozlangan 1 ta avtobus va 8 xil turdagi koʻchma tibbiy uskunalar jazoni ijro etish manzil-koloniyasiga olib kelindi. 16 nafar tajribali tibbiy xodimlar soat 09:00 dan boshlab 254 nafar mahkumlarni 15 xil turdagi tibbiy koʻrikdan oʻtkazishdi.
Tibbiy yordamlarni koʻrsatish uchun shifokorlar guruhini olib kelishga asosiy sabab, shu manzil koloniyada jazo oʻtayotgan mahkumning murojaati boʻlgan – deydi Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili Diyor Xusanov. - Ushbu mahkum telefon orqali murojaat qilib isitmalayotgani va unga manzil-koloniyaning tibbiyot xodimi tomonidan shifoxonaga yoʻllanma berilmayotganligini aytgan edi. Bu masala darhol hal etilgan. Qolaversa, manzil- koloniyaning tibbiyot boʻlimida davolanayotgan bemor mahkumlar bilan suhbatlashganimda malakali shifokorlar guruhini manzil-koloniyaning oʻziga olib kelish zarurati mavjud degan xulosaga kelganman. Hozirda bepul tartibda mahkumlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni boshladik.
Tadbirning 2-bosqichida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili va 38-sonli jazoni ijro etish manzil-koloniyasi rahbari 90 nafar mahkum bilan jamoaviy uchrashuvlar oʻtkazishdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2021-yil 10-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonlarning mazmun-mohiyati haqida tushuntirish berildi.
Samarqand shahridagi 38-sonli Manzil-koloniyada mahkumlar uchun yaratilgan shart sharoitlar ham oʻrganildi. Monitoring jarayonida mahkumlarning yashash sharoitlari koʻzdan kechirilganda baʼzi xonalarning chiroqlari kuyganligi va almashtirilmaganligi, oilaviy uchrashuv xonalarida suv yoʻqligi aniqlandi. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha manzil-koloniya rahbariga tegishli tavsiyalar berildi.
Tadbirning soʻnggi bosqichi sifatida Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakili mahkumlarni yakkama-yakka tartibda qabul qilib, ular murojaatlarini qabul qildi. Sayyor qabulda Ombudsmanning Samarqand viloyatidagi mintaqaviy vakiliga 18 nafar mahkum tomonidan murojaat kelib tushgan boʻlsa, ularning 6 nafariga joyida huquqiy tushuntirishlar berildi. Qolgan 12 ta murojaat oʻrganish va chora koʻrish uchun olib ketildi.
Ushbu murojaat qilgan mahkumlarning 2 nafari bugungi kunda yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib oliygohga oʻqishga kirish uchun yordam soʻradi. Ushbu murojaatlar boʻyicha tegishli tartibda oliygohlar bilan hamkorlikda ishlar tashkil etilib, imtihonga tayyorgarlik koʻrish uchun kerakli kitob va maʼlumotlar berilishi maʼlum qilindi.
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili
(Ombudsman) Axborot xizmati