Aslida bu mutatsiya turi avvalgi versiyalarga qaraganda yuqumli yoki halokatliroq, deb boʻlmaydi. Ammo vaqt oʻtishi bilan alomatlar ham, asoratlar ham oʻzgarishi mumkin, degan yondashuvlar bor.
JSSTning yetakchi epidemiologi Mariya van Kerxove bu haqda toʻxtalar ekan, hali yetarlicha faktlar yoʻqligi, koronavirusga doir maʼlumotlarni kuzatish, almashish va tahlil qilishda davom etish zarurligini taʼkidladi.
Ayni paytda esa sayyoramizning katta qismida “omikron”ning yanada yuqumli BA.2 subvarianti “hukmron” pozitsiyaga ega. Yaʼni u aksariyat mintaqalarda allaqachon dominant variantga aylanib ulgurgan.
AQSH Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari maʼlumotlariga koʻra, mamlakatda roʻyxatga olinayotgan yangi kasallanish holatlarining qariyb 85 foizi, shimoli-sharqiy shtatlarda esa hatto 92 foizini shu variant tashkil qilmoqda.
BA.4 esa endi keng tarqalish arafasida. Uning eng dastlabki namunasi Janubiy Afrikada topilgandi. Yaqinda bu yerda mazkur mutatsiya turining yana qirq bir holati qayd etildi.
Shuningdek, Daniyada uch, Botsvanada ikki va Angliya hamda Shotlandiyada bir nafardan bemor ushbu infeksiyani yuqtirgani maʼlum boʻldi.
“Kasalliklarning umumiy soni kam boʻlsa-da, aniq geografik taqsimot bu variant keng tarqala boshlaganidan dalolat beradi”, — deyiladi Buyuk Britaniya sogʻliqni saqlash vazirligi hisobotida.
Botsvana Sogʻliqni saqlash vazirligi esa BA.4 va BA.5 faqat 30 yoshdan 50 yoshgacha boʻlgan shaxslarda aniqlanganligini xabar qildi.
Bundan tashqari, keyingi haftalarda “omikron”ning XE variantini yuqtirish holatlari ham koʻpayib borayotir. Xususan, birgina Buyuk Britaniyada 5-aprelgacha 1125 nafar bemorda shu infeksiya aniqlangan boʻlsa, ayni paytga kelib bu koʻrsatkich ikki barobar oshgan.
Ammo JSST ekspertlarining ogohlantirishicha, yakuniy xulosa chiqarishga hali erta.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.