Ona tilimizning sofligi va boqiyligini ta'minlashga har birimiz mas'ulmiz

    Hozirgi vaqtda er yuzida o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.

    Prezidentimizning 2019 yil 21 oktyabrdagi “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga binoan, “Davlat tili haqida”gi qonun qabul qilingan kunning ulkan tarixiy o'rni va ahamiyatidan kelib chiqqan holda, 21 oktyabr` sanasi yurtimizda O'zbek tili bayrami kuni deb belgilandi. 2020 yil 10 aprelda esa O'zbek tili bayrami kunini belgilash to'g'risida qonun qabul qilindi. 2020 yil

    20 oktyabrda bu borada yana bir muhim hujjat — Prezidentimizning “Mamlakatimizda o'zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni imzolandi.

    Bu hujjatlar ona tilimizning mavqeini oshirishda muhim samara bermoqda. Hozirgi vaqtda er yuzida o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni qariyb 50 million kishini tashkil etishi uning dunyodagi yirik tillardan biriga aylanib borayotganidan dalolat beradi. Bugungi kunda xorijiy davlatlardagi 65 ta oliy o'quv yurtida o'zbek tili va adabiyoti o'rganilmoqda, ushbu sohada ilmiy izlanish va tadqiqotlar qilayotgan chet ellik olimlar safi tobora kengaymoqda.

    Yurtimizda o'zbek tilining davlat tili sifatidagi mavqei borasida so'z borar ekan, avvalo, bugungi holat va kelajak haqida fikr yuritishga to'g'ri keladi. So'nggi 30 yilda davlat tilining fuqarolar hayotidagi o'rni va mavqei ob'ektiv, tabiiy zarurat ta'sirida ortganini qayd etish lozim. Ya'ni bugun aholining katta qismi o'zbek tilida muloqot qiladi, so'nggi yillarda bu tilda muloqot qiluvchi aholi soni yanada ortgan. Bu o'zbek tilini tug'ma ona tili sifatida egallagan aholining demo­grafik, ya'ni son jihatidan o'sishi ortidan yuzaga kelgan holat bo'lib, bunga bir potentsial sifatida qarasak, u o'sish tendentsiyasiga ega.

    Biroq ona tilimiz bardavomligini ta'minlash borasida bir qator muammolardan ham ko'z yumib bo'lmaydi. Masalan, ­O'zbekistonda o'zbek tilini o'rganish uchun til muhiti mavjud bo'lgani holda bunga ehtiyoj past. Hozir davlat tilini bilmaslik fuqarolarga mansab pillapoyalarida yuqorilash, biznes yuritish, ta'lim olish, muloqot qilish va hokazo sohalarda xalaqit bermaydi. Bu, bir jihatdan, mamlakatimizda yuritilayotgan liberal til siyosatining ijobiy tomoni, ya'ni fuqarolarga o'z ona tilida muloqot qilish, ta'lim olish kabi huquqlarning amalda kafolatlanganining isboti bo'lsa, boshqa tomondan, bu jarayonda “Davlat tili haqida”gi qonun me'yorlariga to'liq amal qilmaslik holatlari kuzatilayotgani kishini tashvishlantiradi.

    Shu ma'noda, yaqinda O'zbekiston fuqaroligiga qabul qilishda davlat tili bo'yicha imtihondan o'tilishi to'g'risidagi nizom tasdiqlangani ijobiy yangilik bo'ldi. Ushbu tartib o'zbek tilini o'rganishga ehtiyojni yuzaga keltiradi. SHuningdek, Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning davlat tili haqidagi qonun talablariga rioya qilmaganlik uchun mansabdor shaxslarga javobgarlikni nazarda tutuvchi 42-moddasiga o'zgartirish kiritish haqidagi qonun loyihasi ishlab chiqilib, hukumatga taqdim etildi. Bu ishlar jamiyatimizda davlat tilini o'rganishga ehtiyoj va intilishni kuchaytirishga xizmat qiladi, degan umiddamiz.

    Yana bir muammo — hamon ayrim davlat tashkilotlaridan xatlar va boshqa hujjatlar davlat tilidan boshqa tillarda chiqarilayotgani, shartnomalar, tender materiallari, klassifikatorlar va hokazo muhim hujjatlarning davlat tilidagi variantlari mavjud emasligi, davlat tashkilotlari o'tkazayotgan tadbirlarning rus tilida olib borilishi, xalqaro tadbirlar, xususan, seminarlar, treninglarda sinxron tarjimalar davlat tilida qilinmayotganining guvohi bo'lib turibmiz. Ushbu muammolarning bir qator ob'ektiv va sub'ektiv sabablari bor.

    Masalan, terminologiya, lug'atshunoslik, kadrlar tayyorlash, davlat tilida ish yuritish, o'zbek tili ta'limi, reklama, norma ijodkorligi, ilmiy faoliyatdan tortib, davlat tiliga bo'lgan munosabatgacha qator sohalarda hali qilinadigan ishlar ko'p. Xususan, birinchidan, norma ijodkorligi va davlat tilida ish yuritish masalasi. 2020 yil yanvar`-mart oylari davomida Adliya vazirligiga turli vazirlik, idora va tashkilotlardan (murojaatlar hamda adliya organlari va muassasalaridan kelib tushgan hujjatlardan tashqari) jami 8031 ta xat va hujjatning 1 200 dan ortig'i (15-18 foizi) boshqa tillarda (asosan, rus tilida) kelib tushgan. Bundan davlat tashkilotlari va idoralarida hamon davlat tilida ish yuritish bo'yicha muammolar borligi ko'rinib turibdi. Biz barcha davlat tashkilotlari va idoralariga Adliya vazirligiga huquqiy ekspertiza uchun kiritiladigan loyihalarning davlat tilida bo'lishini, davlat tilidagi versiyasi bo'lmagan qonun hujjatlari loyihalari huquqiy ekspertizadan o'tkazilmasligini ma'lum qilib, xat chiqardik.

    Shuningdek, adliya vazirining adliya organlari va muassasalarida davlat tilida ish yuritilishi, barcha ish yuritish hujjatlari, tadbirlar, peshlavhalar va boshqa yozuvlar davlat tilida bo'lishi, boshqa tashkilotlar bilan yozishmalar va hujjat ishlari davlat tilida olib borilishini nazarda tutuvchi maxsus ko'rsatmasi chiqarildi. Qonun hujjatlari jamoatchilik muhokamasiga davlat tilida taqdim etilishini ta'minlash maqsadida regulation.gov.uz portaliga davlat tilidagi versiyasi bo'lmagan loyihalarni joylashtirmaslik tartibini joriy etdik.

    Ikkinchidan, o'zbek tili ta'limi masalasi. Davlat xizmatchilarida davlat tilida ish yuritish ko'nikmalarini shakllantirish, ularning bu borada malaka va tajribasini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Hozir Alisher Navoiy nomidagi O'zbek tili va adabiyoti universiteti huzurida ochilgan Davlat tilida ish yuritish asoslarini o'qitish va malaka oshirish markazi tomonidan bu ishlar yo'lga qo'yildi. Biroq bu — tilni biladiganlar uchun malaka oshirish bosqichi. O'zbek tilini bilmaydigan, ammo uni o'rganishni istayotganlar uchun-chi?

    Agar biz o'zbek tilini rivojlantirish, mavqeini oshirish, xususan, davlat tashkilotlarida davlat tilida ish yuritishni to'liq yo'lga qo'yishni istar ekanmiz, avvalo, bugungi kunda faoliyat yuritayotgan xodimlarga o'zbek tilini o'qitish masalasini hal etishimiz kerak.

    Uchinchidan, terminologiya borasida qilinadigan ishlar ko'p. Bugungi o'zbek terminologiyasi sotsiologiya, siyosatshunoslik, moliya va hokazo sohalardagi barcha nozik ma'no farqlarini o'zida aks ettiruvchi boy atamalar bazasiga ega emas. Oddiy misol, rus tilidan “gosudarstvennaya usluga” va “gosudarstvennaya slujba” atamalari o'zbek tiliga bir xil — “davlat xizmati” deb tarjima qilinadi. Natijada “davlat xizmatini rivojlantirish” va “davlat xizmatlarini rivojlantirish” kabi alohida tushunchalar chalkashtirib yuborilayotgan holatlar uchramoqda.

    Bugungi kunda bizning sohaviy atamalar lug'atlariga katta ehtiyojimiz bor. Xususan, huquqiy sohada oladigan bo'lsak, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yagona yuridik terminlar elektron lug'ati va platformasi yaratilishi lozim. YA'ni yuridik atamalarni standartlashtirish va unifikatsiyalash ehtiyoji mavjud.

    To'rtinchidan, boshqa tillardan so'z qabul qilish. Dunyoda boshqa tillardan so'z qabul qilmagan tilning o'zi yo'q, leksik qatlam doimo jamiyat tafakkuridagi yangilanishlar va o'zgarishlarni o'zida aks ettiradi. Biroq bu jarayon tizimsiz va aniq bir mexanizmlarsiz amalga oshmoqda. Ahvol shu tarzda davom etsa, ham tilimizning muhofazasi, ham tushunchalarni tushunish va ifodalashdagi aniqlik va bir xillik masalalariga jiddiy zarar etadi.

    Masalan, shu kunlarda startaplar to'g'risidagi hujjat loyihasi tayyorlanyapti. Loyiha qabul qilinsa, bu so'z o'zbek tiliga rasman kirgan deb hisoblanadi. Aslida, qonun hujjatlari loyihalari tayyorlanishi bosqichidayoq atamalar davlat tiliga o'girilgan yoki so'z o'zlashtirish qoidalariga muvofiq tarzda o'zbek tiliga o'zlashgan va lug'atlarga kiritilgan bo'lishi kerak. Aks holda, atamani noto'g'ri tushunish yoki turlicha talqin qilish oqibatida qonunni amaliyotda qo'llashda muammolar yuzaga kelishi mumkin. Lekin bu masalaga bugun etarlicha e'tibor berilmayapti.

    Shu o'rinda transliteratsiya masalasi ham o'rtaga chiqadi. Bizda bu borada hamon rus tili orqali o'girish tendentsiyasi kuchli. Lekin boshqa til oilasiga mansub bo'lgan rus tili orqali so'zlarni olish va transliteratsiya qilish tilimizda chalkashlik va noqulayliklarni keltirib chiqaradi. Masalan, bizda hatto qonun hujjatlarida ham YOdju, Adju universitetlari deb berildi. Vaholanki, portlovchi “j” ni “dj” harf birikmasi orqali berish aynan rus tiliga xosdir. Lekin o'zbek tiliga bunday joy va shaxs nomlari qanday o'girilishi kerak? Qanday qilsa to'g'ri bo'ladi? Bu savollarga javob topilmas, tilimizga so'z qabul qilish qoidalari ishlab chiqilmas ekan, so'z o'zlashtirishdagi bugun kuzatilayotgan anarxiya ko'plab sohalarga o'z ta'sirini o'tkazaveradi.

    Umuman olganda, bundan besh, o'n yil keyin o'zbek tilining ahvoli qanday bo'ladi, bugun uning oldida turgan muammolar qay darajada echiladi-yu, yana qanday masalalar uni bezovta qiladi — ana shunday masalalar ustida jiddiy bosh qotiradigan davr keldi. Bu borada bir qator takliflarni ilgari surmoqchiman. Avvalo, davlat xizmatchilarida davlat tilida ish yuritish ko'nikmalarini shakllantirish uchun har bir davlat tashkiloti va korxonalarida vaqti-vaqti bilan davlat tilidan malaka imtihonlari o'tkazilishi lozim. Universal o'zbek tili grammatikasi va o'zbek tilini zamonaviy o'qitish tizimini ishlab chiqish ham muhim vazifa.

    Terminologiya sohasida hozir biz uchun standartlashtirish va unifikatsiya muhim ahamiyatga egaligini hisobga olib, yangilangan va batafsil elektron lug'atlar ishlab chiqish talab qilinadi.

    Til masalasida idora va tashkilotlar­aro muvofiqlashuv va hamkorlikni kuchaytirish lozim. Tarjimalar sohasida qabul qilingan Prezident va hukumat hujjatlari ijrosini nazorat qilish kerak.

    Ana shunday muhim vazifalarni o'z vaqtida amalga oshirishga munosib hissa qo'shish har birimizning o'tgan ajdodlarimiz va kelajak avlodlar oldidagi burchimizdir. Zero, tilga e'tibor — elga e'tibor.

    SHahnoza SOATOVA,

    adliya vaziri maslahatchisi