– Qariyb 50 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Sietl-Toshkent birodarlik shaharlari uyushmasi ne-ne fidoyi insonlar izlanishlari va mehnati evaziga paydo boʻlgan. U sobiq ittifoq davrida tashkil topdi va oʻz munosabatlarida oʻzbek tilini, milliy qadriyatlarimizni erkin ravishda targʻib hamda tashviq qildi. Shunday emasmi?

– Toʻgʻri. Oʻsha davrdagi muhitning nozikligi, millatimizga va tilimizga boʻlgan past qarashlar avjga chiqqaniga qaramay, Sietl shahrida oʻzbek tili va qadriyatlari, sanʼati, madaniyatini qadrlaydigan bir uyushmaning borligi juda katta voqea edi. Yaʼni 1973-yilda mazkur uyushma millatlar oʻrtasidagi doʻstlik va hamkorlik rishtalarini mustahkamlash maqsadida tashkil topgan. Qolaversa, Sietldagi Vashington universitetida dunyoga tanilgan bir kafedra Rossiya, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo tadqiqotlar markazi deb nomlanadi. Ushbu kafedra tadqiqotchilari va talabalarining uyushmamiz faoliyatidagi oʻrni juda katta boʻlgan. Ayniqsa, kafedra oʻqituvchisi Ilza xonimning Oʻzbekistonga boʻlgan mehru muhabbati tillarda doston boʻlgan. Oʻzi Germaniyada tugʻilgan boʻlsa-da, bu ayol turk tillarini juda yaxshi koʻrgan. Markaziy Osiyoga boʻlgan safarlarining birida Oʻzbekistonga ham tashrif buyurgan. Bu yurtning tabiati, odamlari va milliy qadriyatlarini koʻrib, dunyoda shunday bebaho madaniy merosga ega boʻlgan zamindan nihoyatda hayratlangan. Talabalarini ham bu afsonaviy mamlakatga olib borishdan, uning qadriyatlari va anʼanalarini targʻib qilishdan charchamagan. Biz ayni paytda ushbu kafedra bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyganmiz. Amerikada tugʻilib ona tilini yaxshi bilmay ulgʻayayotgan farzandlarimizga oʻzbek tilini, milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizni oʻrgatishda hamkorlikdagi oʻquv kurslarini tashkil qilganmiz.

2003-2008-yilda Vashingtonda yoʻl qurilishi boʻyicha ishlaydigan ilmiy markazda ishlaganman. Oʻsha jarayonda Amerikaning barcha shtatlariga borishga toʻgʻri kelar edi. “Qayerdansan?” deb soʻrashsa, “oʻzbekistonlikman” deb javob berganimda deyarli hech kim meni tanimas edi. Shu bois, Oʻzbekistonni tanitish uchun bor kuch-gʻayratim bilan ishlashga ahd qilganman. Uyushmamizning barcha tadbirlarida faol ishtirok etar edim. Shukrkim, hozir uyushmamizga atrofimizdagi koʻplab jamiyatlar havas bilan qarashadi. Mana, yaqinda dunyodagi mashhur “Aramcoworld” jurnalining taniqli jurnalistlari bizning uyushmamiz ishlarini oʻrganishdi. Hatto Toshkentga ham borib, olti oy davomida hamkorligimiz boʻyicha loyihalar asosida 16 sahifali maqola tayyorlashdi.

– Siz Sietlda tashkil etilgan oʻzbek mahallasi raisi sifatida uning oʻziga xos muhitini tiklashda nimalarga eʼtibor qaratdingiz?

Biz Sietlga koʻchib kelgan paytlarimizda oʻzbek oilalari sanoqli edi. Hozirgi kunda esa 250 ta oila bor. Hammamiz oʻzbek mahallasida katta boʻlganmiz. Bu yerga kelganimizda oʻzi bilan oʻzi ovora ishbilarmon insonlarning mehr-oqibatsiz hayoti bizga juda erish tuyuldi. Shu bois, dastlab bir-birimizni qoʻllab-quvvatlash, tez-tez diydorlashib turish maqsadida toʻplana boshladik. Birgalikda palov pishirish va oʻzbek tilida maza qilib gurunglashish jarayonida davralarimiz oʻz-oʻzidan kengaya boshladi. 2015-yilda oʻzbek mahallasini tashkil etishga qaror qildik. Milliy bayramlarimizga avvallari 70-80 ta kishi ishtirok etgan boʻlsa, hozir 300-400 tagacha odam toʻplanib, atrofga sigʻmay ketadi. Hattoki millati boshqa amerikaliklar ham milliy taomlarimizni, kiyimlarimizni va raqslarimizni juda yaxshi koʻrishadi. Hasharlarimizdan bizga qoʻshilib zavqlanishadi. Shunisi eʼtiborliki, mahallamiz aʼzolari bir koʻchadagina yashaydigan oʻzbeklardangina iborat emas, Sietl shahrining turli koʻchalarida yashaydigan barcha oʻzbeklarni qamrab olishga harakat qilganmiz.

– Mutaxassislarning kuzatishicha, Amerikaga kelganlarning aksariyati 5-6 yildan keyin oʻz tilini unuta boshlaydi. Shu yerning oʻzida tugʻilib, boshqa tilda tili chiqqan bolalar orasida “oʻzbek tili ota-bobomning tili, bu yerda menga koʻproq xorij tilini oʻrganishim muhimroq”, degan fikrda yashaydiganlari ham bor ekan...

Bu kabi mulohazalarni eshitganimda yuragim ogʻriydi. Chindan ham tilimizga boʻlgan munosabatlar quvonarli darajada emas edi. Lekin keyingi 3-4 yil ichida Oʻzbekistonda boʻlayotgan ulkan oʻzgarishlar mahallamizdagi oʻzbeklar ruhiyatiga ham oʻzgacha taʼsir qila boshladi. Oʻzbek tilini, milliy qadriyatlarimizni havas qilib oʻrganadigan yoshlarimiz anchagina koʻpayib qoldi. Qolaversa, Vashington universitetidagi Rossiya, Sharqiy Yevropa, Markaziy Osiyo tadqiqotlar markazi tadqiqotchilari, oʻqituvchilari va talabalari bilan shartnoma tuzganmiz. Ular haftaning belgilangan kunlarida mahallamiz yoshlari uchun oʻzbek tili va milliy qadriyatlarimizga asoslangan darslarni muntazam olib borishadi.

Shuningdek, Oʻzbekistondagi tilshunoslar va taniqli shoir va yozuvchilar bilan ham aloqalarni mustahkamlashga harakat qilyapmiz.

Yaqinda ana shu jarayon haqida suhbatlashib oʻtirgan edik, mahallamizda istiqomat qiluvchi Javohir ota bir voqeani gapirib berdi. Nabirasi Saidbek bobosining saʼy-harakatlariga qaramay, oilada hamisha ingliz tilida gapirishga harakat qilar, unga oʻzbek tilida murojaat qilganlarga esa umuman javob qaytarmas ekan. Uning bu qaysarligini hazilga yoʻyib, “Bizning nabiralarimizdan farqimiz shuki, biz somsani yaxshi koʻramiz, ular esa pissani”, deya kulgiga olib gapirib yuribdi. Keyinchalik esa tarbiya masalasi jiddiy eʼtiborni va vaqtni talab qilishini tushunib, taʼtilga chiqqan paytida Javohir ota shu nabirasini Oʻzbekistonga olib boribdi. Xiva, Samarqand, Buxoro, Toshkent, Qoʻqon kabi shaharlarni koʻrsatib, tariximiz haqida ham koʻplab hikoyalarni soʻzlab beribdi. Ana shu sayohatdan soʻng nabirasi oʻzbek tilida gapira boshlabdi. Hatto gap orasida: “Bobojon, bizning shunday ajoyib goʻzal yurtimiz, bubk ota-bobolarimiz, tariximiz bor, biz, albatta, Oʻzbekistonga qaytishimiz, oʻz Vatanimizda yashashimiz kerak”, debdi. Bu gaplarni eshitgan Javohir ota yigʻlab yuboribdi. Ha, biz yangi avlod bilan ehtiyot boʻlib muomala qilishimiz, ularga oʻz tariximiz, ona tilimiz haqida koʻproq aytib berishimiz kerak.

Joriy yilda Oʻzbekistonda Alisher Navoiyning 580-yilligi keng nishonlandi. AQSHda bu borada qanday tadbirlar va adabiy uchrashuvlar tashkil etildi? Umuman, amerikaliklarning Navoiy ijodiga boʻlgan munosabati qanday?

Har yili Alisher Navoiy bobomiz tugʻilgan kunni oʻzgacha tayyorgarlik bilan qarshi olamiz. Uyushmamizning maʼnaviyat xonasiga “Gʻurbatda gʻarib shodmon boʻlmas emish...”, deya boshlanuvchi ruboiyni katta-katta harflar bilan ham oʻzbekcha, ham inglizchada yozib qoʻyganmiz. Mushoiralarda ham Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Furqat va Mashrab kabi shoirlarimiz ijodiga alohida toʻxtalib oʻtamiz. Mutafakkir bobomiz tavalludining 580-yilligini ham oʻziga xos tarzda nishonlashga harakat qildik. Biz tashkil etgan adabiyot bayramida hatto boshqa millat vakillari ham astoydil ishtirok etishdi. Ayniqsa, “Qaro koʻzim” yangray boshlaganida koʻzlarimizga yosh qalqidi. Maqomlarimiz bizning noyob merosimizdir. Hozir ushbu merosimizga jiddiy eʼtibor qaratilib, xalqaro maqom festivallari oʻtkazilayotgani, Yunus Rajabiy nomidagi Milliy musiqa instituti tashkil etilgani ham bizni juda xursand qildi.

– Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolangan “Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror siz kabi koʻplab vatandoshlarimizga koʻtarinki kayfiyat bagʻishlaganiga guvoh boʻldik. Qarorda belgilangan vazifalar shu kungacha mavjud koʻplab muammolarga barham beradimi?

– Nimasini aytasiz! Qaror eʼlon qilingan kuni vatandoshlar barchamiz bir-birimizga telefon qilib, oʻz quvonchimizni, tabriklarimizni izhor qildik. Garchi biz necha yillardan buyon tugʻilgan yurtimizdan olisda yashayotgan boʻlsak-da, biron kun yoʻqki, Oʻzbekistonni oʻylamagan, sogʻinmagan boʻlsak... Oʻzbekiston Prezidenti AQSHga tashrif buyurganida ham qanchalar xursand boʻlgan, koʻnglimiz yetti osmon qadar koʻtarilgan edi. U kishining samimiy suhbati, bizlarga yuksak ishonch bildirgani hanuz koʻz oʻngimizda. Oʻsha tashrifdan soʻng hamkorligimiz va hamjihatligimizni mustahkamlovchi bir necha xayrli shartnomalar tuzildi.

“Vatandoshlar” jamoat fondini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaror bilan esa yoʻllarimiz yanada kengroq ochildi. Yaqinda telekoʻprik uyushtirdik. Oʻzbek mahallasida yashovchi vatandoshlarimizdan hamkorlik boʻyicha 120 ta taklif va mulohaza tushdi. Ularning aksariyati taʼlim, biznes va qonunchilik yoʻnalishida. Sietlda dunyoga mashhur biznes maydoni mavjud. “Maykrosoft”, “Boing”, “Amazon”, “Starbaks” kabi kompaniyalar Oʻzbekiston bozoriga kirishni, turizmga aloqasi bor kompaniyalar bilan hamkorlik qilishni istaydi.

Ushbu qarorda koʻp jabhalar qamrab olingani quvonarlidir. Ayniqsa, xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish va ularni belgilangan tartibda moddiy va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi bandlar mavjudligi koʻnglimizga ravshanlik va xotirjamlik bagʻishladi.

Oʻtgan yillar davomida jonajon yurtimizning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini targʻib qilish va ommalashtirish borasida qanday loyihalar amalga oshirildi?

– Suhbatimiz avvalida taʼkidlaganimdek, men ish yuzasidan Amerikaning 50 ta shtatiga borganman. Shunday katta davlatda raqs sanʼati deyarli rivojlanmagan. Shuning uchun boʻlsa kerak, amerikaliklar oʻzbek raqs sanʼatiga juda katta qiziqish bilan qarashadi. Qoʻshnim Jozef har safar tadbirlarimizda ishtirok etib, Buxoro, Toshkent, Samarqand, Xorazm raqs sanʼati maktabiga oid raqslarni tomosha qilganida: “Sanʼati, madaniyati qanchalar yuksak davlatingiz bor-a! Har bir shahar, viloyatlarining oʻziga xos kiyimi, sanʼati mavjud!” deya hayratlanadi. Bayram tadbirlarimizga yaponiyalik raqqosa Emika Nakamure xonim boshchilik qiladi. Oʻzbek xalqining madaniyatini raqslarimiz orqali koʻrsatib berishga intilamiz. Emika xonimni ustozi Vashington universiteti professori Esaxonim Sertatus bundan 30 yil oldin Oʻzbekistonga raqs oʻrganib kelishi uchun joʻnatgan. “Sen sharq qizisan, oʻzbeklarga oʻxshab ketasan. Ular sanʼatni juda sevadigan madaniyati boy xalq. Betakror raqslarni astoydil oʻrgan”, deya tayinlaydi. Emika xonim Oʻzbekistonga borib raqs malikasi Mukarrama Turgʻunboyeva, Oʻzbekiston xalq shoiri Erkin Vohidovning xonadonlarida turib ustoz sanʼatkorlarimiz Usta Olim Komilov va Tamaraxonimlardan milliy raqslarimizni juda katta muhabbat bilan oʻrgangan.

Yaqinda mahallamizda “Alla – sehrli qoʻshiq” tanlovini oʻtkazdik. Mahallamizdagi Halimaxon aya oʻzi bosh boʻlib 16-17 yoshli ishtirokchi qizlarimizga alla aytishni oʻrgatdi. Gʻoliblar eʼlon qilinganida aya koʻz yoshlarini tiyib turolmadi, “Yagona orzuim ona yurtimda aytishdir”, deganida tomogʻimga nimadir tiqilgandek boʻldi. Ha, vaqt oʻtgani sayin kindik qoning toʻkilgan tuproqni yanada koʻproq qoʻmsar ekansan...

Sietldagi mavjud turizm kompaniyalarining barchasi konsertlarimiz va tadbirlarimizda katta qiziqish bilan ishtirok etishadi. Ular har yili Oʻzbekistonga 3 mingdan ziyod sayyohni jalb qilayotgani bizni ham quvontiradi.

– Chindan ham allani tinglagan chogʻimizda oʻzligimiz bilan bogʻliq eng ichkin tuygʻularimiz junbushga keladi. Siz qaysi qoʻshiqlarimizni tinglaganingizda Oʻzbekistonni sogʻinasiz?

– Men Komiljon Otaniyozov, Yunus Rajabiy, Tavakkal Qodirovlarning qoʻshiqlarini tinglaganimda Oʻzbekistonni qanchalar qattiq sogʻinganimni, ich-ichimdan bir nola bostirib kelayotganini his qilaman. Chunki bu qoʻshiqlarni ota-onam juda yaxshi koʻrib tinglashar edi. Bu qoʻshiqlar ohanglarida inson taʼriflay olmaydigan juda katta sehrli kuch bor. Sanʼatimiz asta-sekin yana oʻsha sehrli ummonga qaytayotgani bizning baxtimizdir. Biz katta avlod sifatida ana shu oʻlmas sanʼatimizning, madaniyatimizning, ona tilimizning qadrini bugungi avlodga yetkaza olishimiz, anglata bilishimiz kerak. Aks holda Amerikani ham, Oʻzbekistonni ham seva olmaydigan manqurt avlod yetishib chiqishi mumkin. Alloh bunday falokatdan hamisha bizni asrasin!

– Hozirgi kunda yosh avlod bilan keksa avlod oʻrtasida koʻrinmas devor paydo boʻlgan. Globallashuv muhiti yoshlarimizning soʻzlashuv uslubiga, kiyinish madaniyatiga jiddiy taʼsirini koʻrsatmoqda. Bu oʻzgarish, ayniqsa, xorijda tez namoyon boʻlsa kerak...

– Afsuski, oʻsha devor bor. Bizning eng asosiy maqsadimiz avlodlar oʻrtasidagi munosabatlarda oltin oʻrtalikni topa bilishdir. Choyxonamizda, klublarimizda va toʻgaraklarimizda avlodlar uchrashuvlarini koʻproq tashkil etishga harakat qilyapmiz. Faol yoshlar ishtirokida ilmiy va ijodiy seminarlar uyushtiryapmiz. Masalan, Chikago universiteti talabasi Azizjon Gʻoziyev bilan mahallamiz yoshlarining uchrashuvini tashkil qildik. Bu uchrashuv ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi. Azizjonning kelajakdagi rejalari, milliy qadriyatlarimizga boʻlgan eʼtibori va ona tilimizda oʻqigan gʻazallarini bir eshitsangiz edi...

Shu oʻrinda bir mulohazani aytib oʻtsam. Biz kattalar hamisha yoshlar bizga soʻzsiz quloq solishlarini istaymiz. Biroq bugungi kun yoshlari anchagina mustaqil va oʻz fikrida sobit turadigan yigit-qizlar ekanini unutmaylik. Axir oʻzimiz ham yoshligimizda oʻz maqsadimizga erishish uchun kurashganmiz. Qaysar va injiq boʻlganmiz-ku biz ham... Demak, ularni ham oʻz vaqtida tinglay olishimiz va qoʻllab-quvvatlashimiz kerak.

Qolaversa, Amerikada bolalarni bogʻchadan boshlab milliy qadriyatlar asosida emas, demokratiya ruhida tarbiyalashadi. Taʼlim-tarbiya ishlari Oʻzbekistonnikidan keskin farq qiladi. Bu tarbiyaning esa ham yaxshi, ham yomon jihati bor. Qoʻshnilarim va oʻzimning farzandlarimni kuzatib ota-onaga hurmat tuygʻusi susayib borayotganiga amin boʻldim. Shu bois, bolalarni taʼtilda Oʻzbekistonga – bobosi va buvisining yoniga joʻnatinglar, deya koʻp tayinlayman.

Farzand va nabiralarimiz milliy urf-odatlarimizni, toʻylarimizni koʻrib ulgʻaysa, deyman. Oʻz ona tilimizda mazza qilib soʻzlashlarini, mumtoz qoʻshiqlarimizni ham rohatlanib tinglashlarini istayman.

Globallashuv sharoitida har ikki haftada bitta til yoʻqolayotgan ekan. Shu bois, tilimiz abadiy saqlanib qolishi uchun oʻzimiz harakat qilishimiz kerak. Xavotirlarimiz, tashvishlarimiz juda oʻrinli. Har bir oila boshligʻi oʻzbekona ruhiyatni saqlab qolishga astoydil intilishi zarur. Agar ota-onaning oʻzida milliy ruhiyat, ona tiliga muhabbat kuchli boʻlmasa, mahalladagi va maktabdagi jonkuyarlik bilan olib borilgan ishlar samarasiz boʻlib qolaveradi. Men barcha vatandoshlarimga: “Bugungi avlodni boy bermaylik, tilimizni, dinimizni, qadriyatlarimizni saqlab qolaylik!” deb takror-takror aytgan boʻlar edim.

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Muxtasar TOJIMAMATOVA suhbatlashdi